Ismadiyarov Bekzod Ulug‘bekovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Chaqaloqlar va ko‘krak yoshidagi bolalarda tug‘ma diafragma churralarini tashhislash va jarrohlik taktikasini tanlash», 14.00.35 – Bolalar xirurgiyasi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Tib2171.
Ilmiy rahbar: Ergashev Baxtiyor Berdalievich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent pediatriya tibbiyot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Bolalar milliy tibbiyot markazi, DSc.04/01.02.2022.Tib.147.01.
Rasmiy opponentlar: Sharipov Aslan Maxmudovich, tibbiyot fanlari doktori, professor; Rahmatullaev Akmal Abadbekovich, tibbiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Irkutsk davlat tibbiyot universiteti (Rossiya).
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga ega.
II. Tadqiqotning maqsadi: chaqaloqlar va ko‘krak yoshidagi bolalardagi tug‘ma diafragma churralarini zamonaviy ante- va postnatal tashxislash usullaridan foydalangan holda, shuningdek, jarrohlik davolash usullarini takomillashtirish orqali davolash natijalarini yaxshilashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
homiladorlik kechishining xususiyatlari va homilada tug‘ma diafragma churrasi (TDCh) rivojlanishining prenatal xavf omillari o‘rganilgan, hamda boshqa tug‘ma nuqsonlar tarkibida ushbu nuqsonning nisbiy ulushi aniqlangan;
yurakning o‘ngga siljishi (chap tomonlama TDChda) va chapga siljishi (o‘ng tomonlama TDChda), shuningdek, ko‘krak qafasida patologik anexogen tuzilmalar – me’da va ingichka ichak qovuzloqlarining paydo bo‘lishi TDCh rivojlanishining muhim belgilari ekanligi isbotlangan;
chaqaloqning diafragma churrasi bilan tug‘ilgan holatida tug‘ruqxonada va bemorlarni tashish jarayonlarida eng ko‘p uchraydigan tashxis va taktik xatolar aniqlangan;
diafragma churrasi bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda gipotermiya, gipoksiya, gipovolemiya, gipoglikemiya, o‘pka gipertenziyasi kabi og‘irlashtiruvchi omillarning mavjudligi, poliorgan etishmovchiligi sindromi rivojlanishining olib keluvchi mexanizmlari jarrohlikdan oldingi davrda o‘lim holatining asosiy sabablari ekanligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi ilmiy-texnik kengashning 2024-yil 13-noyabrdagi 08/51-sonli xulosasiga asosan:
birinchi ilmiy yangilik: homiladorlik kechishining xususiyatlari va homilada tug‘ma diafragma churrasi (TDCh) rivojlanishining prenatal xavf omillari o‘rganilgan, hamda boshqa tug‘ma nuqsonlar tarkibida ushbu nuqsonning nisbiy ulushi aniqlangan. Tadqiqot natijalari Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasining 2024-yil 30-sentyabrdagi 100-sonli va Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 2024-yil 7-oktyabrdagi 174-sonli buyruqlariga muvofiq jarrohlik bo‘limlarining amaliy faoliyatiga joriy etilgan; ilmiy yangilikning ijtimoiy ahamiyati: o‘tkazilgan natijalarning qiyosiy tahlili tug‘ma diafragmal churra bo‘yicha jarrohlik aralashuvini talab qiluvchi bolalarda qorin bo‘shlig‘i a’zolari kasalliklarining uchrash chastotasi va nozologik shakllarini aniqlash imkonini berdi. Olingan ma’lumotlarga asosan, tug‘ma diafragmal churraning anatomik variantlarini uchta asosiy guruh: 1. Chap tomondagi tug‘ma diafragmal churra (haqiqiy va soxta diafragmal churra). 2. O‘ng tomondagi tug‘ma diafragmal churra (haqiqiy va soxta diafragmal churra). 3. Paraezofageal churraga ajratish mumkin; ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: diagnostika bosqichida asosiy guruhda ko‘rsatkichlarning sezilarli darajada yaxshilanishiga erishilgan: bemorlarning o‘rtacha shifoxonada qolish muddati taqqoslash guruhiga nisbatan 2,5 kun qisqargan. Xulosa: homilada tug‘ma diafragmal churra (TDCh) shakllanishi xavf omillarini hisobga olgan holda dinamikada prenatal ultratovush tekshiruvini o‘tkazish, gestatsiyaning erta muddatlarida ushbu nuqsonni maqsadli aniqlash va shu orqali TDCh ning antenatal tashxisini yaxshilash imkonini bergan. Klinikada ishlab chiqilgan antenatal va postnatal tashxislash algoritmlari, shuningdek TDCh bilan tug‘ilgan chaqaloqlarni olib borish taktikasini qo‘llash, ushbu nuqsonni bolaning hayotidagi dastlabki soatlarda aniqlash imkonini bergan. Bu esa kech aniqlash bilan bog‘liq asoratlarni kamaytiradi, optimal davolash usulini tanlash va jarrohlik davolash natijalarini 2,3 barobar yaxshilash imkonini yaratgan.
ikkinchi ilmiy yangilik: yurakning o‘ngga siljishi (chap tomonlama TDChda) va chapga siljishi (o‘ng tomonlama TDChda), shuningdek, ko‘krak qafasida patologik anexogen tuzilmalar – me’da va ingichka ichak qovuzloqlarining paydo bo‘lishi TDCh rivojlanishining muhim belgilari ekanligi isbotlangan. Ushbu usullar asosida yaratilgan tashxislash algoritmi Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasining 2024-yil 30-sentyabrdagi 100-sonli va Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 2024-yil 7-oktyabrdagi 174-sonli buyruqlari asosida jarrohlik bo‘limlarining amaliy faoliyatiga joriy etilgan; ilmiy yangilikning ijtimoiy ahamiyati: ishlab chiqilgan tashxislash algoritmlari va dasturiy ta’minot tashxis qo‘yish jarayonini takomillashtirish va davolashning eng samarali taktikasini aniqlash imkonini bergan. Bu algoritmlar chaqaloqlar va ko‘krak yoshidagi bolalarda tug‘ma diafragmal churra bo‘yicha jarrohlik aralashuvini talab qiladigan kasalliklarni aniqlashni sezilarli darajada soddalashtirgan, shuningdek, ko‘krak qafasi a’zolarining boshqa kasalliklari bilan qiyosiy tashxis qo‘yish jarayonini yaxshilagan; ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: tug‘ma diafragmal churraning nozologik shakllari tizimlashtirilgan. Ushbu patologiyalarning uchrash chastotasi, klinik xususiyatlari va kechishidagi farqlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida an’anaviy va zamonaviy tashxislash usullarini o‘z ichiga olgan diagnostika algoritmi ishlab chiqilgan. Tashxislash usullarini takomillashtirish tufayli antenatal davrda aniqlanish darajasi 28% dan 82% gacha oshgan. Asosiy guruh bemorlarida tashxis qo‘yish bosqichida shifoxonada yotish muddatini 2,5 o‘rin-kunga qisqartirish hisobiga iqtisodiy samaradorlik 1959523 so‘mni tashkil etgan. Xulosa: tashxislash algoritmini joriy etish patologiyalarning klinik-anatomik variantlarini aniqlash, hamroh kasalliklar va asoratlarni aniqlash imkonini oshirish, shuningdek, jarrohlik aralashuviga ko‘rsatmalarni aniqlashtirish imkonini bergan. Bu esa o‘z navbatida jarrohlik davolashning eng maqbul usullarini tanlash va operatsiyadan keyingi asoratlar sonini kamaytirish imkonini bergan.
uchinchi ilmiy yangilik: chaqaloqning diafragma churrasi bilan tug‘ilgan holatida tug‘ruqxonada va bemorlarni tashish jarayonlarida eng ko‘p uchraydigan tashxis va taktik xatolar aniqlangan. Tadqiqot natijalari Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasining 2024-yil 30-sentyabrdagi 100-sonli va Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 2024-yil 7-oktyabrdagi 174-sonli buyruqlariga muvofiq jarrohlik bo‘limlarining amaliy faoliyatiga joriy etilgan; ilmiy yangilikning ijtimoiy ahamiyati: davolash natijalariga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamroh va somatik kasalliklarning turlari, uchrash chastotasi va xususiyatlari aniqlangan. Tashxis usullarini takomillashtirish natijasida tadqiqot guruhlarida hamroh anomaliyalarni aniqlash darajasi oshirilgan. Asosiy guruhda bu ko‘rsatkich 59,5 foizdan 66,4 foizgacha ko‘tarildi, bu esa 6,9 foizlik o‘sishni tashkil etgan; ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: ishlab chiqilgan tashxis algoritmi va dasturiy ta’minotni qo‘llash natijasida yondosh anomaliyalar va somatik kasalliklarni aniqlash darajasi 6,9 foizga oshgan. Asosiy kasallikni davolash jarayonida tegishli soha mutaxassislarini jalb etgan holda yondosh patologiyalarni davolash, kelajakda ushbu bemorlarni davolash uchun davlat byudjetidan sarflanishi mumkin bo‘lgan mablag‘larni sezilarli darajada kamaytirishga xizmat qilgan. Xulosa: taklif etilgan tashxis algoritmi va dasturiy ta’minotning amaliy qo‘llanilishi jarrohlik aralashuvini talab qiladigan tug‘ma diafragmal churrani o‘z vaqtida aniqlashga yordam bergan. Taklif etilgan algoritmni qo‘llash diafragma churrasi bo‘lgan bolalarni tashxislash va davolash usullarini takomillashtirish imkonini bergan. Natijada, asoratlar foizi 35,4 foizdan 12,6 foizgacha, o‘lim ko‘rsatkichi esa 33,3 foizdan 13 foizgacha, ya’ni 2,5 barobar kamaygan.
to‘rtinchi ilmiy yangilik: diafragma churrasi bilan tug‘ilgan chaqaloqlarda gipotermiya, gipoksiya, gipovolemiya, gipoglikemiya, o‘pka gipertenziyasi kabi og‘irlashtiruvchi omillarning mavjudligi, poliorgan etishmovchiligi sindromi rivojlanishining olib keluvchi mexanizmlari jarrohlikdan oldingi davrda o‘lim holatining asosiy sabablari ekanligi isbotlangan. Tadqiqot natijalari Toshkent shahar 1-son bolalar klinik shifoxonasining 2024-yil 30-sentyabrdagi 100-sonli va Namangan viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining 2024-yil 7-oktyabrdagi 174-sonli buyruqlariga muvofiq jarrohlik bo‘limlarining amaliy faoliyatiga joriy etilgan; ilmiy yangilikning ijtimoiy ahamiyati: taklif etilgan jarrohlik va taktik yondashuvlarni qo‘llash umumiy jarrohlik asoratlarining chastotasini 19,6 foizdan 9,8 foizgacha, o‘ziga xos jarrohlik asoratlarining chastotasini esa 39,1 foizdan 13,0 foizgacha sezilarli darajada kamaytirish imkonini bergan (asosiy va nazorat tadqiqot guruhlarini taqqoslash natijalariga ko‘ra). Operatsiyadan keyingi o‘lim ko‘rsatkichi 35,4 foizdan 12,6 foizgacha, umumiy o‘lim ko‘rsatkichi esa 33,3 foizdan 13 foizgacha, ya’ni 2,5 baravar pasaygan; ilmiy yangilikning iqtisodiy samaradorligi: statsionarda bir bemor uchun kunlik xarajatlar 200000 so‘mni tashkil etagan. Asosiy guruhdagi bolalarning statsionarda qolish muddati o‘rtacha 21 ± 1,2 yotoq-kunni tashkil etgan, bu 4 200 000 so‘mga (200 000 x 21) teng. Nazorat guruhida esa bu ko‘rsatkich 24,0 ± 1,4 yotoq-kunni tashkil etgan, ya’ni 4800000 so‘mga (200 000 x 24,0) teng. Shunday qilib, tavsiya etilgan davolash taktikasini qo‘llash ingichka ichak jarrohlik patologiyasi bo‘lgan bolalarni statsonarda davolash muddatini o‘rtacha 3,3 kunga qisqartirishga imkon bergan. Bu esa har bir davolash kursi uchun davlat byudjeti mablag‘laridan 600000 so‘m tejash imkonini yaratgan. Xulosa: jarrohlik aralashuvi usulini tanlash patologik jarayon va asoratlarning xususiyatiga bog‘liq. U an’anaviy yoki endoskopik operatsiyalarni o‘z ichiga oladi va quyidagi aralashuv turlarini nazarda tutadi:
• laparotomiya - 26 ta (27,6%) bemorda,
• torakotomiya - 22 ta (23,4%) bemorda, shundan o‘ng tomondan 7 ta (31,8%), chap tomondan 15 ta (68,2%),
• torakoskopiya - 46 ta (48,9%) bemorda, shundan o‘ng tomondan 2 ta (4,3%), chap tomondan 44 ta (95,7%),
• laparotomiyaga o‘tkazilgan torakoskopiya - 1 ta (2,2%) bemorda,
• torakotomiyaga o‘tkazilgan torakoskopiya - 3 ta (6,5%) bemorda.
Endoskopik operatsiyalarni qo‘llash tug‘ma diafragmal churrasi bo‘lgan bemorlara minimal jarrohlik asorati bilan birga operatsiyadan keyingi tiklanish davrining qulay kechishini ta’minlaygan va a’lo darajadagi kosmetik natijaga erishish imkonini beragan.