Bobonazarov Bahrom Sirojevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Sun’iy neyron tarmoqlari asosida taqsimlovchi elektr tarmoqlarning rejim parametrlarini baholash usullarini ishlab chiqish”, 05.05.02 – “Elektrotexnika. Elektr energiya stansiyalari, tizimlari. Elektrotexnik majmualar va qurilmalar” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/T2885.
Ilmiy rahbar: Xudayarov Muzaffar Burxanovich, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat texnika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Toshkent davlat texnika universiteti, DSc.03/10.12.2019.T.03.03.
Rasmiy opponentlar: Taslimov Abduraxim Dexkanovich, texnika fanlari doktori, professor; Izzatillaev Jo‘rabek Olimjonovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi taqsimlovchi elektr tarmoqlarning rejim parametrlarini baholash usullari va alogoritmlarini sun’iy neyron tarmoqlari asosida ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
taqsimlovchi elektr tarmoqlarining elektr energiya isroflarini operativ baholash metodikasi va algoritmi turli tipdagi sun’iy neyron tarmoqlaridan xatoligi kichik bo‘lgan turini ajratib olish asosida tashqi harorat va hisoblash vaqtini hisobga olib ishlab chiqilgan;
taqsimlovchi elektr tarmoqlarida elektr energiyasi isroflarini operativ hisoblash modellarini shakllantirishda dastlabki ma’lumotlarni tahlil qilish usuli turli holatlar va ta’sir etuvchi faktorlarni e’tiborga olib ishlab chiqilgan;
elektr tarmoqlarining samaradorligini sun’iy neyron tarmoqlari asosida baholash va monitoring qilish usuli taqsimlovchi elektr tarmoqlarining bosh tugun yuklanish koeffisientini hisobga olib ishlab chiqilgan;
taqsimlovchi elektr tarmoqlari samaradorligini baholashda bosh tugundagi quvvat va transformatorlarning nominal quvvatini hisobga olgan holda taqsimlovchi tarmog‘ining yuklanish koeffisientini aniqlash ifodasi va tasnifi taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Taqsimlovchi elektr tarmoqlarning rejim parametrlarini baholash usullari va alogoritmlarini sun’iy neyron tarmoqlari asosida ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
taqsimlovchi elektr tarmoqlarining elektr energiya isroflarini operativ baholash metodikasi va algoritmi “Navoy kon-metallurgiya kombinati” AJning Markaziy kon boshqarmasi Muruntov koni hududidagi 102-podstansiyaning taqsimlovchi tarmoqlariga joriy qilingan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning 2023-yil 19-dekabrdagi 23/01-01-07/11478-son ma'lumotnomasi). Natijada elektr energiya isroflarini operativ baholash yordamida 102 - podstansiyasidan chiquvchi elektr tarmoqlaridagi elektr energiya isroflarini 3,5 barobarga kamaytirish imkoniyati yaratilgan;
taqsimlovchi elektr tarmoqlarida elektr energiyasi isroflarini operativ hisoblash modellarini shakllantirishda dastlabki ma’lumotlarni tahlil qilish usuli “Navoy kon-metallurgiya kombinati” Markaziy kon boshqarmasi Muruntov koni hududida joylashgan 102-podstansiyaning taqsimlovchi tarmoqlariga joriy qilingan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning 2023-yil 19-dekabrdagi 23/01-01-07/11478 - son ma'lumotnomasi). Natijada sun’iy neyron tarmoqlariga kiritiladigan dastlabki ma’lumotlarni tahlillash va o‘qitiladigan ma’lumotlar bazasi sifatini yaxshilash hisobiga chiqish natijalari aniqligini 2% gacha va hisoblash tezligini 4 martagacha oshirish imkoniyati yaratilgan;
elektr tarmoqlarining samaradorligini operativ baholash va monitoring qilish metodikasi “Navoy kon-metallurgiya kombinati” Markaziy kon boshqarmasi Muruntov koni hududida joylashgan 102-podstansiyaning taqsimlovchi tarmoqlariga joriy qilingan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJning 2023-yil 19-dekabrdagi 23/01-01-07/11478 - son ma'lumotnomasi). Natijada taqsimlovchi tarmoqning samaradorligi tasnifiga asosan yuklamalarni qayta taqsimlash va transformatorlarning salt ishlash isroflarini kamaytirish hisobiga 166860 kVt·soat elektr energiyasisi tejash imkoniyati yaratilgan.