Safarov Otabek Muxammadievichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Shukur Xolmirzaevning adabiy-tanqidiy qarashlari”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (XX asr o‘zbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon)(filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Fil4571
Ilmiy rahbar: Yo‘ldoshev Qozoqboy Boybekovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Yakubov Islamjon Ahmedjanovich, filologiya fanlari doktori, professor; Toshboev Olim Shoyimovich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Guliston davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi yozuvchi Shukur Xolmirzaevning adabiy-tanqidiy qarashlarini tizimli tekshirish, ularning shakllanish omillarini aniqlash, tadrijini ko‘rsatish, shuningdek, bu qarashlarning o‘zbek adabiy-nazariy tafakkuri taraqqiyotiga ko‘rsatgan ta’sirini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Shukur Xolmirzaevning adabiy-tanqidiy, badiiy-estetik qarashlari ilk bor yaxlit tizim holida o‘rganilgan, shuningdek, adibning adabiy-falsafiy qarashlari shakllanishida o‘zbek folklori, o‘zbek va dunyo adabiyoti, adabiyotshunosligi, madaniyati namoyandalarining asarlari poydevor vazifasini o‘tagani aniqlangan;
yozuvchining adabiy-tanqidiy qarashlaridagi yetakchi tendensiyalar, boshqa yozuvchi va adabiyotshunoslarning yondashuvlaridan farqli jihatlari, bu adabiy qarashlarning milliy adabiyot va adabiyotshunoslik rivojida tutgan o‘rni ochib berilgan;
Shukur Xolmirzaevning adabiyot taraqqiyotini ta’minlagan omillar borasidagi fikrlari tekshirilib, hikoya, roman kabi nasriy janrlar va ularning taraqqiyot tamoyillariga yondashuvi, badiiy til, tasvir mahorati, shakliy-uslubiy izlanishlarga munosabati, o‘zining bu borada tutgan yo‘l-uslublari ilmiy dalillangan;
yozuvchining ijodkor shaxsi va uning ijtimoiy rutbasi haqidagi adabiy-estetik qarashlari, badiiy asar mohiyatini anglashda adabiy tanqidning tutgan o‘rni borasidagi to‘xtamlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Shukur Xolmirzaevning adabiy-tanqidiy qarashlari tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
yozuvchi Shukur Xolmirzaev adabiy-tanqidiy qarashlarining zamonaviy o‘zbek adabiy-estetik tafakkuri rivojidagi o‘rni, adibning adabiyot taraqqiyotini ta’minlaydigan omillar haqidagi ilmiy to‘xtamlarining boshqa ijodkorlar kuzatishlaridan farqli jihatlariga oid xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017–2020-yillarda amalga oshirilgan OT-F1-030 raqamli “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyasini (7 jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 4-dekabrdagi 04/1-2577 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada milliy adabiyotshunoslik Shukur Xolmirzaevning nafaqat badiiy ijodda, ayni paytda adabiy-ilmiy sohada salmoqli meros qoldirgani to‘g‘risidagi ma’lumotlar bilan boyitilishiga erishilgan;
o‘zbek tilining mavqeyini yuksaltirishga hissa qo‘shish, adabiy tilning ifoda imkoniyatlarini yanada kengaytirish Shukur Xolmirzaevning asosiy maqsadlari qatorida turgani, adib til buzilishiga olib borishi mumkin bo‘lgan barcha “o‘ziga xosliklar”ni qat’iy inkor etgani, adabiy-tanqidiy asarlarning tili ham sodda, tushunarli shaklda bo‘lishini qo‘llab-quvvatlagani, Shukur Xolmirzaev publisistikasida milliy til masalasi alohida o‘rin tutgani, mustamlakachilar xalqni o‘zligidan ayirish uchun tilni yo‘qotish vositasidan foydalanganiga urg‘u qaratgani haqidagi xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021–2023-yillarda bajarilgan P3-2020042022 raqamli “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy grantini tayyorlashda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 4-dekabrdagi 04/1-2576 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada Shukur Xolmirzaevning adabiy-tanqidiy faoliyati misolida milliy tilning jamiyat taqdiridagi ahamiyatini qaytadan baholash muammosiga doir ilmiy materiallar tayyorlashga asos boʻlgan;
Shukur Xolmirzaevning so‘z qo‘llash mahoratiga oid misollar, bitiklarining lingvodidaktik xususiyatlariga doir tahlillar va maktab darsliklariga kiritilgan asarlarining til xususiyatlari bo‘yicha chiqarilgan xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2020–2022-yillarda amalga oshirilgan AM-F3-201908172 raqamli “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” mavzusidagi davlat amaliy grantini tayyorlashda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2023-yil 4-dekabrdagi 04/1-2575 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada Shukur Xolmirzaev tilni badiiy asarning eng asosiy unsuri, uslubiy o‘ziga xoslikni ifodalovchi vosita deb bilgani, shoir-yozuvchining badiiy asar tiliga bo‘lgan munosabatiga uning ijodiy salohiyatini ko‘rsatuvchi indikator sifatida qaragani haqidagi ilmiy kuzatishlardan o‘zbek adabiyoti tadqiqotchilari uchun nazariy asos sifatida foydalanish imkonini bergan.