Hayitov Shuhrat Moylievichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Turkiy boburshunoslikning tadrijiy takomili”, 10.00.06 – Qiyosiy adabiyotshunoslik, chog‘ishtirma tilshunoslik va tarjimashunoslik  (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.DSc/Fil898
Ilmiy maslahatchi: Sirojiddinov Shuhrat Samariddinovich,  filologiya fanlari doktori, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01(bir martalik ilmiy kengash).
    Rasmiy opponentlar: Otajonov Ne’matillo, filologiya fanlari doktori, professor, To‘xliev Boqijon, filologiya fanlari doktori, professor, Sulaymonov Isroiljon Isomiddinovich, filologiya fanlari doktori, professor.  
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Davlat adabiyot muzeyi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi yuzasidan turkiy xalqlar adabiyotshunosligidagi manbalarni tadqiq etish, ularning ahamiyatini ochib berish, adib asarlarining turkiy tillardagi tarjimalari xususiyatlarini ko‘rsatish, shu orqali turkiy boburshunoslikning paydo bo‘lish davri, tadrijiy takomil jarayonlari, yo‘nalishlari, shuningdek, yutuq va muammolarini ilmiy asoslashdan  iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Bobur ijodining turkiy adabiyotda o‘rganilish davri va tadrijiy takomil bosqichlari tekshirilib, adib asarlarining qo‘lyozmalari hamda tarjimalariga oid ilmiy va nazariy xulosalar chiqarilgan va shu asosida shoir hayoti va ijodining o‘rganilish tarixi, uning tadrijiy bosqichlari hamda asarlari badiiy tarjimasiga oid o‘quv-uslubiy tavsiyalar ishlab chiqilgan;
“Boburnoma”ning turkiy tillardagi tarjimalari va ular yuzasidan olib borilgan ishlar tahlili amalga oshirilib  qiyoslash orqali har bir tarjimaning yutuq va kamchiliklari ko‘rsatilgan, tadqiqotlarda yuzaga kelgan muammolar echimiga doir  tavsiyalar berilgan;
 “Bobur devoni” tarjimalarini o‘zbek adabiyotshunosligidagi manbalar bilan solishtirilib, matniy-qiyosiy tahlil qilish orqali she’riyatda badiiy asar janrlarini belgilash tamoyillari, shuningdek, har bir asarning yaratilish tarixi va o‘rganilishi, tarjima matni va tiliga doir yutuq va kamchiliklar aniqlangan;
 Boburning ilmiy-falsafiy va tasavvufiy asarlari – “Mubayyin”, “Xatti Boburiy”, “Aruz risolasi” hamda “Risolayi volidiyya” asarining turkiy millatlar adabiyotshunosligida o‘rganilish darajasi tekshirilib, boburshunoslikda matn tarjimasi va uning badiiy tahliliga oid  masalalar echimi yuzasidan ilmiy-nazariy takliflar dalillangan;
“Mubayyin” asarining tarjimasi va uning matn xususiyatlarini manbalar asosida qiyosiy tekshirilishi orqali asarning ilmiy mukammal nashrini tayyorlashda badiiy tarjima san’ati va matnshunoslikka doir nazariy asoslar ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Turkiy boburshunoslikning tadrijiy takomili tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
turkiy millatlar adabiyotida boburshunoslikning paydo bo‘lishi va shoir asarlarining tarjima qilinishiga oid ilmiy materiallardan O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyoti tomonidan Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga oid chop etilayotgan turkum asarlarda, jumladan, “Boburnoma” asarining yangi nashrini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi “Fan” nashriyotining 2024-yil 25-noyabrdagi 24/11-16-son ma’lumotnomasi). Natijada “Boburnoma”ning avvalgi nashrlarida ko‘zga tashlanadigan ayrim kamchiliklardan xoli, jumladan, o‘rin-joy, kishi ismlari, qabila va urug‘ nomlari, milliy xususiyatga xos atamalar bilan bog‘liq so‘zlarni to‘g‘ri o‘qish imkonini beradigan nashrni tayyorlashga erishilgan.
Bobur hayoti va ijodining o‘rganilish davri va tadrijiy bosqichlari, bunda o‘zbek va boshqa qardosh xalqlar olimlarining o‘rni yuzasidan ishlab chiqilgan ilmiy xulosalardan  Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2019-2021-yillarda bajarilgan I-OT-2019-42-raqamli “O‘zbek va ingliz tillarining elektron (Inson qiyofasi, fe’l-atvori, tabiat va milliy timsollar tasviri) poetik lug‘atini yaratish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 7-noyabrdagi 04/1-3183-son ma’lumotnomasi). Natijada Bobur hayoti va ijodini yoritish, shoir asarlarining jahon adabiyotida o‘rganilish masalalarini keng yoritish imkoni yaratilgan.
Bobur ijodining o‘rganilish xronologiyasi, boburshunoslikning bugungi holati, xorijda rivojlanayotgan yangi yo‘nalishlarga oid  ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston” telekanali tomonidan tayyorlanib efirga uzatilgan Bobur hayoti va ijodiga doir “Shoh va shoir”, “Zahiriddin Muhammad Bobur”, “Buyuk sarkarda”, “Javohir” nomli turkum ko‘rsatuvlarning ssenariylarini tayyorlashda keng foydalanilgan (“O‘zbekiston” teleradiokanali davlat muassasasining 2024-yil 7-noyabrdagi 01-29-1174-son ma’lumotnomasi). Natijada mazkur ko‘rsatuvlar orqali Bobur hayoti va ijodiga doir shu paytga qadar ma’lum bo‘lmagan yangiliklarni taqdim etishga erishilgan.
Bobur asarlari qo‘lyozma nusxalari, shuningdek, ushbu qo‘lyozma manbalar asosida turkiy millat olimlari tomonidan amalga oshirilgan tarjima nashrlar borasida Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan tizimli ravishda tayyorlanib, e’lon qilib borilayotgan “Allomalar haqida 10ta haqiqat” loyihasining Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan bo‘limini bajarishda keng foydalanilgan (Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining 2024-yil 11-noyabrdagi 02/502-son ma’lumotnomasi). Natijada Bobur hayoti va ijodiga oid muhim ma’lumotlarning ta’lim muassasalarida o‘quvchilarga etib borishiga erishilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish