Hasanov Abdumannon Majidovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
“O‘zbek adabiy tilidagi leksik bo‘shliqlarni ichki imkoniyatlar asosida to‘ldirish tamoyillari”, 10.00.01 – O‘zbek tili.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.DSc/Fil1552
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
Ilmiy maslahatchi: Mahmudov Nizomiddin Mamadalievich, filologiya fanlari doktori, professor.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.03 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Kuchimov Shuxrat Norqizilovich, filologiya fanlari doktori, professor; Usmanova Shoira Rustamovna, filologiya fanlari doktori, professor; Azimov Inomjon Mamasodiqovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: adabiy til leksikasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish tajribalarini o‘rganish, leksik bo‘shliqlarni to‘ldirishda amal qilinishi lozim bo‘lgan me’yor va mezonlarni tavsiflash, so‘zlashuv va shevaga xos, tarixiy hamda so‘z yasalish tizimi imkoniyatlari asosida yaratilgan so‘zlarning adabiy til leksikasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish va tilning ifoda imkoniyatlarini takomillashtirishdagi ahamiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
tishunoslikda leksik bo‘shliq hodisasining mohiyati, uning yondosh tushunchalar bilan o‘xshash va farqli jihatlari, lingvistik hodisalarni izohlashda muayyan ahamiyat kasb etishi, shuningdek, uning til va tafakkurning mutanosib rivojlanishini tavsiflashdagi ahamiyati ochib berilgan;
o‘zbek adabiy tili leksikasining ichki imkoniyatlar asosida boyitilishi so‘nggi yuz yillikdagi o‘zgarishlar misolida tahlil qilingan va bu o‘zgarishlarda ichki resurslardan foydalanish borasidagi tajribalar o‘rganilgan;
o‘zbek adabiy tilidagi leksik bo‘shliqlarni aniqlash va to‘ldirish mexanizmlari ishlab chiqilgan va ularni qo‘llash bilan bog‘liq holatlar izohlangan, shuningdek, leksik bo‘shliqlarni to‘ldirish bo‘yicha me’yor va mezonlar tavsiflangan;
adabiy tilda leksik bo‘shliq hisoblanadigan tushunchalarni nomlashga xizmat qiluvchi taglik, noqulaylik, soatbay; qalqontumshuq, nonpalov kabi so‘zlar vositasida so‘z yasash usuli imkoniyatlarining kengligi asoslangan;
so‘zlashuv va shevaga xos, tarixiy hamda so‘z yasalish tizimi imkoniyatlari asosida yaratilgan ayrim so‘zlarning adabiy til leksikasidagi bo‘shliqlarni to‘ldirish imkoniyatlari tavsiflangan..
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Adabiy til leksikasini tizim sifatida o‘rganish orqali aniqlangan leksik bo‘shliqlar va ularni to‘ldirishga munosib so‘zlar tahlili bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
yozma yodgorliklarda uchraydigan umumturkiy so‘zlarni tavsiflash va ularni bugungi muloqot jarayonlarida faollashtirish bo‘yicha berilgan taklif va tavsiyalardan AR08855741 raqamli “Rukopisnoe nasledie Kazaxstana kak paradigma “Duxovnogo vozrojdeniya” natsii: sbor, xranenie, sifrovizatsiya, sistematizatsiya, sozdanie elektronnogo kataloga, publikatsiya i issledovanie” mavzusidagi (2020-2022) fundamental loyihada foydalanilgan (M.O.Auezov nomidagi Adabiyot va san’at institutining 2024-yil 14-oktyabrdagi 078/403-son ma’lumotnomasi). Natijada umumturkiy yozma manbalarni kompleks o‘rganish borasidagi yondashuvlarning takomillashuviga erishilgan;
umumturkiy so‘zlarni tavsiflash va yozma yodgorliklarda uchraydigan tarixiy so‘zlarni bugungi muloqot jarayonlarida faollashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalardan PZ-2020042022 raqamli “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” mavzusidagi (2021-2023) amaliy loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 17-sentyabrdagi 04/1-2502-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tilining asosiy lug‘at fondini tashkil etuvchi turkiy qatlam so‘zlarining mazkur platformani shakllantirishdagi o‘rni ko‘rsatib berilgan;
o‘zbekcha so‘zlarni morfem tahlil qilish, yasalma so‘zlarning umumiy strukturasini tavsiflash haqidagi xulosalardan IL-402104209 raqamli “Axborot-qidiruv tizimlari (Google, Yandex, Google translate) uchun avtomatik ishlov berish vositasi – o‘zbek tilining morfoleksikoni va morfologik analizatori dasturiy vositasini yaratish” mavzusidagi (2022-2024) amaliy loyihada foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 17-sentyabrdagi 04/1-2503-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek tilining asosiy lug‘at fondini tashkil etuvchi yasalma so‘zlarni morfem strukturasiga ko‘ra aniqlash mexanizmlari takomillashtirilgan;
adabiy tildagi leksik bo‘shliqlar va ularni to‘ldirishga munosib sheva so‘zlari haqidagi ilmiy xulosalar va materiallardan “O‘zbekiston tarixi” teleradiokanali tomonidan efirga uzatilgan “Hamma uchun” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2024-yil 31-iyuldagi 06-31-901-son ma’lumotnomasi). Natijada teleko‘rsatuvning faktik materiallar bilan boyitilishiga va mazmunli bo‘lishiga erishilgan.