Egamberdiev Baxtiyorjon Obliyorjon O‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Aktiv seysmik himoya tizimini qo‘llagan holda ko‘p qavatli karkasli binolar zilzilabardoshligining nazariy va eksperimental tadqiqotlari”, 05.09.01 – «Qurilish konstruksiyalari, bino va inshootlar» ixtisosligi bo‘yicha.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/T3393.
Ilmiy rahbar: Yuvmitov Anvar Sayfullaevich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi:  Farg‘ona politexnika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona politexnika instituti, PhD.03/07.06.2024.T.106.06.
Rasmiy opponentlar: Zulpuev Abdivali Momunovich, texnika fanlari doktori, professor; Jo‘raev Baxtiyor G‘ulomjonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Jizzax politexnika instituti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Respublikaning seysmik faol hududlarida joylashgan ko‘p qavatli binolarning seysmik mustahkamligini oshirish bo‘yicha nazariy va eksperimental tadqiqotlar asosida friksion dempferning yangi turini ishlab chiqish, shuningdek, mavjud binolarda yangi turdagi seysmik himoya qurilmalarini qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
- tom qismida qo‘shimcha massali friksion dempferlar tizimi qo‘llanilgan ko‘p qavatli binolarni seysmik kuchlar ta’siriga hisoblash usuli elastik-qovushqoq va quruq ishqalanishli hisobiy modellarni inobatga olgan holda takomillashtirilgan;
- friksion dempfer qurilmasi konstruksiyasining ratsional ko‘rsatkichlarini aniqlash usuli seysmik kuchlar ta’siridagi ko‘p qavatli binolarning dinamik ko‘rsatkichlarini hisoblash asosida ishlab chiqilgan;
- ko‘p qavatli binolar konstruksiyalarining seysmik tebranishlarini so‘ndirish hisobiga, binolar zilzilabardoshligini oshirish imkonini beradigan mahalliy ashyolardan tayyorlangan yangi konstruktiv echimdagi friksion dempfer qurilmasi ishlab chiqilgan;
- yangi turdagi friksion dempferdan foydalangan holda mavjud va yangi quriladigan ko‘p qavatli binolarning seysmik mustahkamligi va ustuvorligini ta’minlash usuli, qavatlarining ko‘chish va tezlanishlarini kamaytirish hisobiga takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarinig joriy qilinishi.
Ko‘p qavatli binolarda friksion dempfer qurilmasining yangi konstruktiv echimini ishlab chiqish va qo‘llash bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
ko‘p qavatli bino kostruksiyalarining chiziqli va nochiziqlilik xossalarini, bino poydevorining grunt bilan o‘zaro ta’sirini hisobga olgan holda hisoblash usuli “Farg‘ona loyiha qurilish ta’mirlash” MChJ loyiha institutida “Farg‘ona viloyati O‘rmonchilar MFY hududida Mustaqillik shoh ko‘chasi 12 uyda joylashgan 7 qavatli 2 kirishli turar joy binosi mansardli qilib qurish” obektini loyihalash jarayonida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining 2023 yil 4 dekabrdagi 24-06/12631-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalari qurilish obektining hisob-loyiha ishlarining bajarilish vaqtini 1,2 marta tejash imkonini bergan.
friksion dempferdan foydalangan holda mavjud va yangi quriladigan ko‘p qavatli binolar qavatlarining ko‘chish va tezlanishlarini kamaytirish usuli “DIZAYN SERVIS PROEKT” MChJ loyiha institutida “Andijon tumani, No‘xatak MFY Obihayot ko‘chasi 638-manzil hududida joylashgan 5 qavatli turar joy binosi qurilishi” obektini loyihalash jarayonida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligining 2023 yil 4 dekabrdagi 24-06/12631-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy tadqiqot natijalari binoning tom qismiga engil po‘lat konstruksiyalar asosida terrasa ko‘rinishida qo‘shimcha qavatni loyihalash harajatlari qiymatini, ish sifatini va mehnat unumdorligini oshirishga hamda ushbu obektni loyihalash jarayonida iqtisodiy samaradorlik 112,792 mln. so‘mni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish