Komilova Dildoraxon Ikromjonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Qoradaryoning o‘rta va quyi oqimi baliqlari faunasi va ekologiyasi», 03.00.06 – Zoologiya (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/V877.
Ilmiy rahbar: Sheraliev Baxtiyor Maxmutali o‘g‘li, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasalar nomi: Farg‘ona davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Farg‘ona davlat universiteti, PhD.03/30.06.2021.B.05.06.
Rasmiy opponentlar: Yuldashov Mansur Arziqulovich, biologiya fanlari doktori, professor; Nazarov Muhammadrasul Sharapovich, biologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Andijon davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Qoradaryo o‘rta va quyi oqimi ixtiofaunasini aniqlash, sistematik o‘rni bahsli bo‘lgan baliq turlarining taksonomik maqomini tekshirish hamda kamyob baliq turlarini muhofaza qilishning biologik va ekologik asoslarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Qoradaryo o‘rta va quyi oqimida uchrovchi baliqlarning zamonaviy tur tarkibi 6 turkum, 14 oila, 26 urug‘ga mansub 28 turdan iborat ekanligi aniqlangan;
Sirdaryo havzasi endemigi Petroleuciscus squaliusculus (Kessler, 1872)ning aslida Leuciscus urug‘iga mansub ekanligi molekulyar-genetik tahlillar asosida isbotlangan;
ilk marotaba Farg‘ona vodiysi, jumladan, Qoradaryo havzasi uchun yangi bo‘lgan Alburnus chalcoides turining uchrashi aniqlangan;
Sirdaryo havzasi endemik turlarining fan uchun yangi maksimal uzunliklari Glyptosternon oschanini uchun 21,0 sm va Gobio lepidolaemus uchun 12,7 sm ekanligi asoslangan;
Qoradaryo havzasidagi 17 mahalliy va tasodifan olib kelingan baliq turlarining umumiy uzunligi va og‘irligi orasidagi bog‘liqlik ko‘rsatkichi hisoblangan hamda ularning 9 turi izometrik, 1 turi manfiy allometrik va 7 turi ijobiy allometrik o‘sish ko‘rsatkichlariga ega ekanligi aniqlangan;
Qoradaryo o‘rta va quyi oqimida uchrovchi 28 baliq turining havza bo‘ylab tarqalishi bo‘yicha geoaxborot ma’lumotlari bazasi shakllantirilgan hamda mazkur turlar TMXI mezonlari bo‘yicha baholangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qoradaryoning o‘rta va quyi oqimi baliqlari faunasi va ekologiyasi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Gobio lepidolaemus turining COI nukleotidlar ketma-ketligi bo‘yicha ma’lumotlari Biotexnologik axborotlar milliy markazi GenBanki bazasiga joylashtirilgan (Biotexnologik axborotlar milliy markazi, ncbi.hlm.hih.gov). Natijada, PQ474180 va PQ474181 inventar raqamlari olingan va ular xalqaro miqyosda ushbu turning filogeniyasini molekulyar-genetik identifikatsiyalash imkonini bergan;
“Qoradaryo ixtiofaunasi tarqalishining geoaxborot bazasi va ularni aniqlash bo‘yicha tavsiyanoma”si O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi vazirligining Andijon viloyati Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi boshqarmasida amaliyotga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhit muhofazasi va iqlim o‘zgarishi vazirligining 2024 yil 29 oktyabrdagi 03-03/3-10627-son ma’lumotnomasi). Natijada, kadastr ma’lumotlarini geoaxborot tizimiga kiritishga asos bo‘lgan, shuningdek, ushbu tavsiyalar noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostidagi baliq turlarini qo‘riqlash, yashash muhitini saqlab qolish, ko‘paytirish va himoya qilish ishlarini tashkil etish hamda tabiiy resurslardan oqilona va barqaror foydalanishni ta’minlash imkonini bergan.