Ernazarov Zoxid Ibroximovich
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon  

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi): “Murakkab efirlardagi molekulyar klasterlarning tebranish spektrida namoyon bo‘lishi”, 01.04.05 – Optika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.PhD/FM1196
Ilmiy rahbar: Absanov Ahmad Abdusattarovich, fizika-matematika fanlari nomzodi dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi  Samarqand  davlat  universiteti, PhD.03/30.12.2019.FM.02.04
Rasmiy opponentlar: Sabirov Leonard Muxammedjanovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Maxmanov Urol Kudratovich, fizika-matematika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Murakkab efirlar va ularning turli eritmalaridagi molekulyar klasterlarning hosil bo‘lish mexanizmlarini hamda molekulalararo o‘zaro taʼsirlar va ularning spektral namoyon bo‘lishini tebranish spektroskopiyasi va kvant-kimyoviy hisoblashlar yordamida o‘rganishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
efirlarning monomer, dimer, trimerlari va erituvchi molekulalari bilan hosil qilgan klasterlarining optimal geometriyalari, elektron zichlik taqsimoti, molekulyar elektrostatik potensial sirti va chegaraviy molekulyar orbitallari aniqlangan;
amil asetatning etanolli eritmasining Raman spektridagi 1724 sm-¹ da yangi spektral chiziq paydo bo‘lishi va bu vodorod bog‘lanishli amil asetat-etanol klasterlariga tegishliligi ko‘rsatilgan;
geptanning qutbsiz tabiati amil asetatdagi molekulyar klasterlarni buzganligi sababli, amil asetatning geptanli eritmalaridagi C=O valent tebranishga tegishli spektral chiziq 1741 sm-¹ dan 1750 sm-¹ gacha yuqoriga monoton siljishi kuzatilgan;
kvanto-kimyoviy hisoblash tahlillari (AIM va NCI-RDG) efirlarning erituvchi molekulalari bilan O-H...O va C-H...O vodorod bog‘lanishlar yordamida molekulyar klasterlar hosil bo‘lishi ko‘rsatilgan;
etilasetatning suvli klasterlaridagi O-H...O va C-H...O vodorod bog‘lanish energiyalari va vodorod bog‘lanish uzunliklari orasida eksponensial funksiyali bog‘liqlik qonuniyati aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Efirlar va ularning eritmalaridagi molekulyar klasterlarning tebranish spektrlarida namoyon bo‘lishi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
amil asetatning turli qutblilik darajasiga ega geptan, xloroform va etanolli eritmalaridagi molekulyar klasterlarning shakllanish mexanizmi, shuningdek, erituvchilarning amil asetatning C=O tebranish polosasiga ta’sirini bo‘yicha aniqlangan qonuniyatlar № 22BF051-07-raqamli “Electron vibrational processes in 1D and 2D-dimensional nanosystems, promising for the latest applications in solar energy, nanoelectronics” mavzusidagi fundamental tadqiqot loyihasida va “Fundamentals of Biomechanics” nomli maxsus kursning “Efirlarning tuzilishi va tebranish spektrlarining kvant kimyoviy simulyasiyasi” mavzusidagi laboratoriya ishini bajarishda foydalanilgan (Kiev Milliy universitetining 2024-yil 11-noyabrdagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi, eritmalardagi molekulyar komplekslarning tuzilishi va spektral namoyon bo‘lish qonuniyatlarini eksperimental hamda hisoblash natijalarni solishtirish orqali aniqlash imkonini bergan;
efirlar va ularning erituvchilar molekulalari bilan hosil qilgan molekulyar klasterlarining strukturaviy, elektron va tebranish xususiyatlari bo‘yicha aniqlangan qonuniyatlar, shuningdek, etilasetatning suvli klasterlaridagi vodorod bog‘lanish energiyasi va bog‘lanish uzunligi o‘rtasidagi taklif etilgan funksiya  № 0110PK153-“Issledovanie vzaimnogo vliyaniya mnogoatomnix sistem v kondensirovannix sredax opticheskimi metodami” mavzusidagi ilmiy lohiyada foydalanilgan (Tojikiston Milliy universitetining 2024-yil 5-dekabrdagi ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi efirlar va ularning suvli klasterlaridagi O-H...O va C-H...O vodorod bog‘lanish energiyalari va vodorod bog‘lanish uzunliklari o‘rtasidagi eksponensial funksiyali bog‘liqlikni aniqlash imkoni bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish