Atamurodov Behruz Ne’mat o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Melioratsiyasi qiyin erlarning meliorativ holatini yaxshilash texnologiyalarini ishlab chiqish (Buxoro viloyati misolida)”, 06.01.02 – Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Qx1173.
Ilmiy rahbar: Jo‘raev Umid Anvarovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Buxoro tabiiy resurslarni boshqarish instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/30.12.2019.Qx.42.01.
Rasmiy opponentlar: Avliyakulov Mirzoolim Avazovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Djumaev Ziyadulla Tashtemirovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Buxoro viloyatining o‘tloqi allyuvial, melioratsiyasi qiyin bo‘lgan og‘ir qumoq, kuchli sho‘rlangan, kuchsiz gipslashgan tuproqlari sharoitida chuqur yumshatish va tuynukli zovurning sho‘r yuvish samaradorligiga ta’siri hamda g‘o‘zaning “Buxoro-8” navini suvtejamkor tuproq ichidan sug‘orish usulidagi suv iste’molini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor, Buxoro viloyatining o‘tloqi allyuvial, melioratsiyasi qiyin bo‘lgan og‘ir qumoq, kuchli sho‘rlangan, kuchsiz gipslashgan tuproqlari sharoitida chuqur yumshatish hamda tuynukli zovur hosil qilishga asoslangan suvtejamkor sho‘r yuvish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
chuqur yumshatish hamda tuynukli zovur hosil qilishga asoslangan yangi sho‘r yuvish texnologiyasi sho‘r yuvishga sarflanadigan suv resurslarini 1615 m3/ga iqtisod qilishi, sho‘r yuvish muddatlarini 16 kunga qisqartirishi va
1 m3 suv bilan 4,5 kg xlor ionini va jami 24,8 kg tuzlarni tuproqdan yuvib chiqishi aniqlangan;
ilk bor, melioratsiyasi qiyin bo‘lgan kuchli sho‘rlangan, mexanik tarkibi og‘ir qumoq, kuchsiz gipslashgan tuproqlar sharoitida g‘o‘zaning “Buxoro-8” navini tuproq ichidan sug‘orish texnologiyasi ishlab chiqilgan va sug‘orish oldi tuproq namligini ChDNSga nisbatan 75-80-65% da ushlab turib, 592-446 m3/ga sug‘orish me’yorlarida va 3762 m3/ga mavsumiy sug‘orish me’yorida sug‘orishlar natijasida nazorat variantiga nisbatan 1332 m3/ga yoki 30 % gacha daryo suvlari tejalishi aniqlangan;
g‘o‘zaning “Buxoro-8” navini tuproq ichidan sug‘orish texnologiyasidagi sug‘orish tartibi tuproqda maqbul meliorativ rejimni ta’minlashi hisobiga g‘o‘zaning hosildorligi 36-38 s/ga bo‘lib, nazoratga nisbatan 4-5 s/ga qo‘shimcha hosil olinishi hamda tolaning sifat ko‘rsatkichlari yaxshilanganligi aniqlangan;
chuqur yumshatish hamda tuynukli zovur hosil qilishga asoslangan yangi sho‘r yuvish texnologiyasi va g‘o‘zaning “Buxoro-8” navini tuproq ichidan sug‘orish usulidagi suv iste’moli hamda tajriba dalasining yillik suv va tuz balansi tuzilib, suv balansi 5005 m3/ga manfiy va tuz balansi 5,4 t/ga musbat bo‘lishi aniqlangan;
melioratsiyasi qiyin bo‘lgan kuchli sho‘rlangan, mexanik tarkibi og‘ir qumoq, kuchsiz gipslashgan tuproqlar sharoitida g‘o‘zaning “Buxoro-8” navini tuproq ichidan sug‘orish texnologiyasida shartli sof foyda 8 mln. 758 ming so‘m/ga ni va rentabellik darajasi 41,5 % bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Melioratsiyasi qiyin erlarning meliorativ holatini yaxshilash texnologiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida:
“Buxoro viloyatining o‘tloqi allyuvial, qiyin melioratsiyalanadigan og‘ir qumoq, kuchli sho‘rlangan, gipslashgan tuproqlari sharoitida suvtejamkor sho‘r yuvish va g‘o‘zani tuproq ichidan sug‘orish texnologiyalari” nomli tavsiyanoma ishlab chiqilgan tavsiyanoma (Suv xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 26 noyabrdagi 05/27-4487-son ma’lumotnomasi) fermer xo‘jaliklari hamda suvdan foydalanuvchilar tomonidan sho‘r yuvish tadbirlarida suv resurslarini iqtisod qilish va tuproq ichidan sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha qo‘llanma sifatida foydalanib kelinmoqda;
Buxoro viloyatining o‘tloqi allyuvial, melioratsiyasi qiyin, kuchli sho‘rlangan, mexanik tarkibi og‘ir qumoq, kuchsiz gipslashgan tuproqlari sharoitida tuproqni chuqur yumshatish hamda tuynukli zovur qo‘llab sho‘r yuvish texnologiyasi viloyatning Kogon, Vobkent, Jondor va Buxoro tumanlari fermer xo‘jaliklarining 22 gektar maydonlarida joriy qilingan (O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 26 noyabrdagi 05/27-4487-son ma’lumotnomasi). Natijada erlarning meliorativ holati yaxshilanib, sho‘r yuvishda 30-35% suv resurslari tejalishiga erishilgan;
Buxoro viloyatining o‘tloqi allyuvial, melioratsiyasi qiyin, kuchli sho‘rlangan, mexanik tarkibi og‘ir qumoq, kuchsiz gipslashgan tuproqlari sharoitida g‘o‘zaning “Buxoro-8” navini suv tejovchi tuproq ichidan sug‘orish texnologiyasi viloyatning Kogon, Vobkent, Jondor va Buxoro tumanlari fermer xo‘jaliklarining 59 gektar maydonlarida joriy qilingan (O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 26 noyabrdagi 05/27-4487-son ma’lumotnomasi). Natijada sug‘orishga sarflanadigan suv resurslarini 25-30 % gacha tejalishi va g‘o‘za hosildorligini 4-6 s/ga yuqori bo‘lishiga erishilgan.