Ortikov Elyor Abdumajidovichning
 falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): “O‘zbekiston florasida tarqalgan Iris L. turkumi turlarining filogeniyasi”, 03.00.05 – Botanika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/B724.
Ilmiy rahbar: Xasanov Furkat Orinbaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Botanika instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Botanika instituti, DSc.02/30.12.2019.B.39.01.
Rasmiy opponentlar: Dustchanova Guljon Madrimbaevna, biologiya fanlari doktori, professor; Ayubov Mirzakamol Sobitjonovich, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Namangan davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy-amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: O‘zbekiston florasida tarqalgan Iris L. turkumi turlarining taksonomik tarkibi, morfologik xilma-xilligini, filogenetik o‘rni va divergensiya vaqtlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Oʻzbekiston florasi tarkibida Iris turkumining 9 seksiya va 4 ostturkumiga kiruvchi 41 turni o‘z ichiga olganligi aniqlandi;
G‘arbiy Pomir-Oloyda tarqalgan turlarni birlashtiruvchi asosiy morfologik belgi ichki gultojibarglarining ovalsimon va rombsimon shakllarda, G‘arbiy Tiyan-Shanda tarqalgan turlar ichki gultojibarglarining uch qirraliligi, tashqi gultojibarglarini esa kichik qanotsimon shakllarga ega ekanligi aniqlandi;
tadqiqotlar davomida Scorpiris ostturkumi vakillarida xloroplast genomining yuqori darajada polimorfizmini ko‘rsatuvchi gen hududlari aniqlandi;
olingan filogenetik daraxtda Scorpiris ost turkumi turlari monofiletik, Limniris ost turkumi turlari polifiletik, Iris ost turkumi turlari monofiletik xususiyatlarga ega ekanligi aniqlandi;
turlarning yoshini aniqlashga qaratilgan tadqiqotlar davomida, Markaziy Osiyoning tog‘li xududlaridagi Iris turkumi turlarining divergensiya yoshi aniqlandi;
kelajakdagi iqlim o’zgarishi senariylari I. pseudocapnoides, I. victoris va I. austrotschatkalica turlarning tarixiy o‘sish makonlari o‘z ahamiyatini yo‘qotib, kelgusidagi ekonishalari shimoliy hududlarni egallab, vertikal zonallikning yuqori (1400-1600m) hamda namchil zonalariga surilishi qayd etildi.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbekiston florasida tarqalgan Iris turlarini morfologik, molekulyar va filogenetik o‘rganish natijasida olingan ilmiy natijalar asosida:
O‘zbekiston florasida tarqalgan Iris turkumining 35 turining 912 ta gerbariy namunalari asosidagi maʼlumotlar bazasi Bioxilma-xillik toʻgʻrisidagi global maʼlumotlar tizimiga (www.gbif.org, GBIF) kiritilgan (Global bioxilma-xillik maʼlumotlar bazasi sertifikati, www.gbif.org, 2024-yil 12-yanvardagi guvohnomasi). Natijada, O‘zbekiston hududida tarqalgan turkum turlari joylashuvi haqidagi ma’lumotlarni xalqaro miqiyosida foydalanish imkonini bergan;
tadqiqotlar natijasida Iris turkumining O‘zbekiston florasi uchun endemik bo‘lgan 4 turi I.victoris F.O. Khass., Khuzhan. & Rakhimova, I. austrotschatkalica Tojibaev, F. Karimov & Turgunov, I. pseudocapnoides Rukšāns, I. hippolyti (Vved.) Kamelin turlarining genom ma’lumotlari xalqaro NCBI bazasiga kiritildi va qayd raqamlari olindi (I. victoris NC_068840, I. hippolyti OK138594, I. pseudocapnoides NC_068839, I. austrotschatkalica NC_068838). Natijada, ushbu turlarni filogenetik shajara daraxtidagi joylashgan o‘rni va biogeografik kelib chiqishi haqida fikrlarni yuritish va qo‘shni ostturkum turlari bilan munosabatlarni o‘rganish imkonini bergan;
2020-2023 yillar davomida O‘zbekiston florasidan to‘plangan Iris turkumiga mansub 27 turning 300 ga yaqin gerbariy namunalari TASh fondiga taqdim etilgan. Natijada, O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan noyob va endem turlarning yangi gerbariy namunalari TAShning O‘rta Osiyo bo‘limi kolleksiyasini sezilarli darajada kengaytirgan. O‘zbekiston florasining axborot-tahliliy tizimiga taksonomiya, turlar nomenklaturasi, ekogeografiya va GAT asosidagi nuqtali xaritalari bo‘yicha yangi ma’lumotlar kiritilgan.    

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish