Saidov Maqsud Arifovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Kardiologik bemorlarga yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatishdan keyingi reabilitatsiyani takomillashtirish», 14.00.12 – Tibbiy reabilitologiya.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/Tib927.
Ilmiy maslahatchi: Rizaev Jasur Alimdjanovich, tibbiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Samarqand davlat tibbiyot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Samarqand davlat tibbiyot universiteti, DSc.04/31.10.2024.Tib.102.03
Rasmiy opponentlar: Raximova Dilorom Alimovna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Raximova Matlyuba Eshbaevna, tibbiyot fanlari doktori, professor; Sabirov Baxodir Nasirovich tibbiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: I.M.Sechenov nomidagi birinchi Moskva davlat tibbiyot universiteti (Rossiya Federatsiyasi).
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi:
O‘zbekiston Respublikasi hududida kardiovoskulyar kasallikka chalingan bemorlarda yuqori texnologiyali tibbiy yordamdan keyingi reabilitatsiya jarayonlarini tashkil etishning samarali va zamonaviy strategiyasini ishlab chiqish va takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
prospektiv kogort taxlililar asosida katta yoshdagi aholi o‘rtasida yurak-qon tomir kasalliklari uchrash chastotasi (27% ga oshganligi), ulim xolatlari (100 ming aholiga 15% ga ko‘paygani) va nogironlik kursatkichlari (100 ming aholiga nisbatan 12% ga) aniklangan;
yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda yuqori texnologiyali operatsiyadan keyingi davrda tabaqalashtirilgan kompleks reabilitatsiya dasturlarini boskichma-boskich amalga oshirish uchun klinik-funksional va psixologik xususiyatlar asosida  kardiorespirator, giperkoagulyasiya, gipoksik, mikrotsirkulyator, metabolik sindromlar belgilari asoslangan;
ilk bor kardiologik bemorlarda nogironlik kursatkichlarini kamaytirish uchun,  kardio mashg‘ulotlar, havo-ozon vannalari, bioakustik psixokorreksiya va kasalxonadan keyingi bosqichida telereabilitatsiyani uz ichiga olgan takomillashtirilgan tibbiy reabilitatsiya samaradorligi isbotlangan;
yukori texnologik operatsiyalardan keyin takomilashtirilgan erta reabilitatsiyani boshlash bemorlarda aortokoronar shuntlash amaliyotidan keyin shifoxonadagi yotoq kuni muddatini 9,1 kundan 5,2 kungacha, yurak nuqsonlarini bartaraf qilish operatsiyasidan so‘ng 10,2 kundan 6,4 kungacha, koronar qon tomirlarini stentlash amaliyotidan keyin 8,7 kundan 5,3 kungacha kamaygan, bu esa uz navbatida byudjet xarajatlarini 45% ga kamaytirishi asoslangan;
yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda takomillashtirilgan kardioreabilitatsiyani o‘tkazishda EQ-5D-5L so‘rovnomasi va klinik holatni baholash shkalasini qo‘llash orqali tibbiy-ijtimoiy xizmat (37,5%) va tashkiliy ishlar (42%) sifati yanada oshirishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yurak qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda yuqori texnologiyali tibbiy yordamdan keyingi reabilitatsiyani takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Ilmiy texnik kengashning ilmiy-tadqiqot ishlari natijalarini amaliyotga tatbig‘i asosida 2024 yil 25 sentyabrdagi 6 – sonli yig‘ilish bayonnomasi xulosasi):
birinchi ilmiy yangilikprospektiv kogort taxlililar asosida katta yoshdagi aholi o‘rtasida yurak-qon tomir kasalliklari uchrash chastotasi (27% ga oshganligi), ulim xolatlari (100 ming aholiga 15% ga ko‘paygani) va nogironlik kursatkichlari (100 ming aholiga nisbatan 12% ga) aniklangan. Ilmiy yangilikning ahamiyati: Samarqand viloyati mintaqaviy xususiyatlarini inobatga olgan holda sog‘liqni saqlash tizimiga amaliy jihatdan yuqori texnologiyali kardiologik yordamini takomillashtirishning tashkiliy jihatlarini optimallashtirish bo‘yicha ilmiy tadqiqot natijalari joriy qilinib: YuTTYo ko‘rsatish uchun kardiovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarni telemedisina texnologiyalaridan foydalangan holda jarrohlik va intervension usullar bilan davolash va undan keyingi reabilitatsiya jarayonlari bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlarning ilmiy natijalari asosida «Yuqori texnologiyali tibbiy yordam ko‘rsatish uchun kardiovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarni tanlash va yo‘naltirishga individual yondashuv», «Kardiovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlar va birlamchi tibbiy yordam shifokorlarining yuqori texnologiyali kardiologik yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida xabardorlik darajasi va fikrlarini tahlil qilish», «Kardiovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarga yuqori texnologiyali tibbiy yordam olishda telemedisina texnologiyalarining roli» nomli uslubiy tavsiyalar ishlab chiqildi va amaliyotga joriy etildi. Ushbu uslubiy tavsiyalarning tibbiy-profilaktika muassasalari amaliyotida telemedisinadan foydalanish imkoniyatlarini oshirishga imkon berishdan iborat edi; Samarqand viloyatida hududiy xususiyatlardan kelib chiqqan holda yuqori texnologiyali kardiologik yordam ko‘rsatish va undan keyingi bemorlarning reabilitatsiyasining tashkiliy jihatlarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar sog‘liqni saqlash amaliyotiga, shu jumladan Namangan, Qashqadaryo va Farg‘ona viloyatlari RIKIATM larining klinik amaliyotiga joriy etildi (Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024-yil 25 sentabrdagi   6-sonli xulosasi). Ilmiy ish jarayonida olingan natijalarni amaliy jihatdan joriy etish kardiovaskulyar kasalliklarni erta tashxislash samarasini oshirishga, YuTTYo dan keyingi erta va to‘liq reabilitatsiya etaplarini tashkil etish asoratlar rivojlanish xavfini kamaytirishga, shuningdek, yuqori texnologiyali kardiologik yordam va undan keyingi reabilitatsiya etaplarining izchilligi va sifatini optimallashtirishga imkon beradi. Ijtimoiy samaradorligi: birinchi ilmiy yangilik mohiyati: surunkali YuIK ni erta tashxislash; stenokardiya xurujlari chastotasini kamaytirish, bemorlarning hayot sifatini yaxshilash va davolashga muvofiqligini oshirish orqali YuQTTK ini o‘z vaqtida davolash; YuIK ni davolash amaliyoti vaqtida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan asoratlar va xatolar sonini minimallashtiradi; yurak ishemik kasalligi destabilizatsiyasidan keyin reabilitatsiya sifatini oshiradi; takroriy stenokardiya xurujini 54,2% dan 27,7% ga kamaytiradi. Iqtisodiy samaradorligi: YuIK bo‘lgan bemorlarga ishlab chiqilgan kompleks YuTTYo kursatish va yuqori texnologiyali davolash usuli joriy qilinishi yordamida shifoxonada qolishi o‘rtacha 8,1±1,7 kundan 5,2±1,05 kungacha (shifoxonada o‘rtacha 1 kun koyka to‘lovi bitta bemor uchun 230 000 so‘mni tashkil qiladi) qisqartirilishi hisobiga koyka to‘lov miqdori bir marta davolanish uchun 3 kunga qisqartirilishi hisobiga o‘rtacha 850 000±139 476 so‘mga va o‘rtacha yillik to‘lov 2,5 barovarga kamayib, 6 910 000 so‘m iqtisod qilindi va oldingi to‘lovlarga nisbatan 45,0% ni tashkil qilishda erishildi. Xulosa: YuIK bo‘lgan bemorlarni yangi usulda olib borish amaliyotga joriy qilinishi bir nafar bemor hisobiga faqat koyka-kun xarajati bo‘yicha yillik byudjet mablag‘larini 6 910 000 so‘mga iqtisod qilish imkonini berdi.
ikkinchi ilmiy yangilik yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda yuqori texnologiyali operatsiyadan keyingi davrda tabaqalashtirilgan kompleks reabilitatsiya dasturlarini boskichma-boskich amalga oshirish uchun klinik-funksional va psixologik xususiyatlar asosida  kardiorespirator, giperkoagulyasiya, gipoksik, mikrotsirkulyator, metabolik sindromlar belgilari asoslangan. Ilmiy yangilikning ahamiyati:har tomonlama klinik, epidemiologik va tibbiy-ijtimoiy tahlil asosida Samarqand viloyati aholisiga yuqori texnologiyali kardiologik/kardiojarrohlik yordamini olish uchun YuQTTK bilan og‘rigan bemorlarni tanlash va yo‘naltirishga individual yondashish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish. YuQTTK bilan og‘rigan bemorlarni kardiologik profilga muvofiq YuTTYo olish uchun yo‘naltirish, ular uchun optimal marshrutni aniqlash jarayoni bo‘lib, bu minimal vaqt va moliyaviy xarajatlar bilan yuqori sifatli tibbiy yordam olish imkonini beradi. Ixtisoslashtirilgan yordam bosqichlariga muvofiqligi, shu jumladan YuTTYo ni YuQTTK bilan og‘rigan bemorlarga viloyat va respublika darajasidagi tibbiyot muassasalarida rejadan tashqari so‘rovlar oqimini tartibga solishga yordam beradi. Ijtimoiy samaradorligi: o‘tkazilgan tadqiqotlar asosida aholining yuqori texnologiyali diagnostika, davolash va reabilitatsiya usullaridan qoniqish darajasi va YuQTTK bo‘lgan bemorlar uchun RIKIATM larida koronaroangiografiya, turli xil yuqori texnologiyali operatsiyalar yoki boshqa aralashuvlar uchun YuTTYo olish imkoniyati va ularni davolash bosqichlarida marshrutlash etaplari mavjudligi haqida xabardorlik darajasi o‘rganildi va baholandi. Olingan ma’lumotlar YuTTYo ko‘rsatish sifatiga ta’sir qiluvchi asosiy omillarni aniqlash va aholiga ixtisoslashtirilgan kardiologik yordam ko‘rsatishda tibbiy-profilaktika muassasalarining ishini to‘g‘rilash imkonini berdi. Baholash natijalari RIKIATM larida YuQTTK bilan og‘rigan bemorlarni yo‘naltirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha bosqichma-bosqich chora-tadbirlar rejasini tuzishga va sog‘liqni saqlash tizimi va aholi, shuningdek bemorlar o‘rtasida ishonchli sheriklik aloqalarini o‘rnatishga yordam beradi. Iqtisodiy samaradorligi: iqtisodiy samaradorlik tibbiy va ijtimoiy tadqiqotlarda tavsiya etilgan uslubiy tavsiyani qo‘llash asosida hisoblab chiqilgan. Iqtisodiy samaradorlikni hisoblash mavjud resurslardan eng tejamli foydalanishni izlash bilan bog‘liq. Tibbiyotdagi iqtisodiy samara ko‘pincha kasallanish, nogironlik va o‘limni kamaytirishning oldini olingan iqtisodiy zarar sifatida tushuniladi. Bizning holatlarimizda iqtisodiy samara qisqa vaqt ichida RIKIATM SVMF ga murojaat qilgan va yuborilganlar sonining ko‘payishi va diagnostika maqsadida poliklinikaga tashriflar sonining 1,2 baravar kamayishi bilan namoyon bo‘ldi.
uchinchi ilmiy yangilik: ilk bor kardiologik bemorlarda nogironlik kursatkichlarini kamaytirish uchun,  kardio mashg‘ulotlar, havo-ozon vannalari, bioakustik psixokorreksiya va kasalxonadan keyingi bosqichida telereabilitatsiyani uz ichiga olgan takomillashtirilgan tibbiy reabilitatsiya samaradorligi isbotlangan; Ilmiy yangilikning ahamiyati: Samarqand viloyati aholisiga telemedisina texnologiyalaridan foydalangan holda yuqori texnologiyali kardiologik va kardiojarrohlik yordamini olish uchun YuQTTK bilan og‘rigan bemorlarni kompleks klinik, epidemiologik va tibbiy-ijtimoiy tahlil asosida tanlash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqish. Samarqand viloyatida YuQTTK  bilan og‘rigan bemorlarga masofadan turib maslahat berish bemor bilan muntazam monitoring va fikr-mulohazalarni kengaytirish, shuningdek, belgilangan davoga rioya qilishni oshirish, ya’ni minimal vaqt va moliyaviy xarajatlar bilan yuqori sifatli tibbiy yordam olish imkonini beradi. Masofaviy maslahat bemorning sog‘lig‘ini uzoq vaqt davomida dinamik monitoringini soddalashtiradi, yomon odatlarni (chekish, noto‘g‘ri ovqatlanish, jismoniy harakatsizlik va boshqalarni) kamaytirish uchun motivatsion suhbatlar o‘tkazadi) va shu bilan yurak-qon tomir falokatlari uchun xavf omillarini muvaffaqiyatli nazorat qilish ehtimolini oshiradi. Ijtimoiy samaradorligi: Samarqand viloyatining chekka hududlari aholisi ko‘pincha cheklangan tibbiy resurslarga duch kelishadi, shuning uchun telemedisina nafaqat yuqori sifatli yuqori texnologiyali kardiologik tibbiy yordam olayotgan aholiga nafaqat geografik, balki ijtimoiy-iqtisodiy to‘siqlarni ham engishga yordam beradi. Telemedisina maslahatini oqilona tashkil etish yuqori texnologiyali kardiologik yordamning samaradorligi va uzluksizligini oshirishga, operatsiyadan keyingi asoratlarning oldini olishda bemorning faol ishtirokida yuqori sifatli kuzatuvni ta’minlashga imkon beradi. Iqtisodiy samaradorligi: telemedisina maslahatlari va texnologiyalari YuQTTK va uning asoratlarining oldini olishga katta hissa qo‘shishi mumkin, chunki ular bemorlarni axborot, psixologik va boshqa jihatdan qo‘llab-quvvatlashning yangi usullari hisoblanadi; birlamchi tibbiy yordamdan boshlab va keyingi bosqichlarda kardiologik yordam sifatini yaxshilash va sog‘liqni saqlash xarajatlarini kamaytirishdan iborat. Bularning barchasiga bemorlarning xabardorligini oshirish va ularga birlamchi va ikkilamchi profilaktika bo‘yicha maslahat berish, YuQTTK uchun xavf omillarini oldindan aniqlash, bemor haqida masofadan turib ma’lumot to‘plash, shifokorga yuzma-yuz tashrif buyurishga alternativa paydo bo‘lishi, tibbiy yordam va boshqa mexanizmlarning uzluksizligini ta’minlash orqali erishish mumkin. Kasallikdan keyingi asoratlar rivojlanishining oldini olish choralarini belgilaydi. Kasallikdan keyingi asoratlarni bartaraf etish usullarini optimallashtiradi.
to‘rtinchi ilmiy yangilik: yukori texnologik operatsiyalardan keyin takomilashtirilgan erta reabilitatsiyani boshlash bemorlarda aortokoronar shuntlash amaliyotidan keyin shifoxonadagi yotoq kuni muddatini 9,1 kundan 5,2 kungacha, yurak nuqsonlarini bartaraf qilish operatsiyasidan so‘ng 10,2 kundan 6,4 kungacha, koronar qon tomirlarini stentlash amaliyotidan keyin 8,7 kundan 5,3 kungacha kamaygan, bu esa uz navbatida byudjet xarajatlarini 45% ga kamaytirishi asoslangan. Ilmiy yangilikning ahamiyati: Takomillashtirilgan erta reabilitatsiya usullarining joriy etilishi yurak-qon tomir tizimiga doir yuqori texnologik operatsiyalardan keyin bemorlarning shifoxonada bo‘lish muddatini 40-45% ga qisqartirishga imkon berdi. Bu, o‘z navbatida, ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan katta ahamiyatga ega. Birinchi navbatda, bemorlarning tezroq sog‘ayishi ularning kundalik hayotga qaytishini tezlashtirib, ish faoliyatiga tiklanish muddatini qisqartiradi, bu esa jamiyatdagi mehnat unumdorligini oshiradi. Shu bilan birga, shifoxonalardagi yuklama kamayib, tibbiy xizmatlarning samaradorligi ortib, asoratlarning oldini olish imkoniyati oshadi. Ijtimoiy samaradorligi: o‘tkazilgan tadqiqotlar shifokorlarining YuTTYo ni tashkil etish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha xabardorlik darajasini aniqlash, shuningdek, ularning xabardorligini oshirishning eng ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirish imkonini berdi. Shuni ta’kidlash kerakki, shifokorlari o‘rtasida YuTTYo ko‘rsatish uchun fuqarolarni tanlash mezonlari bo‘yicha ham, me’yoriy hujjatlar sohasida ham YuTTYo ko‘rsatish to‘g‘risida xabardorlik darajasi juda yuqori. Buning uchun sog‘liqni saqlashni tashkil etishda sertifikatlashtirish va tematik malaka oshirish sikllariga me’yoriy-huquqiy bazani bilish, YuTTYo ko‘rsatish shartlari, moliyaviy-iqtisodiy asoslar, turlar ro‘yxati, bemorlarni yuborish mezonlari va tanlovni tashkil etish bilan bog‘liq masalalarni mintaqaning ehtiyojlariga muvofiq kiritish tavsiya etiladi. Iqtisodiy samaradorligi: reabilitatsiya muddatining qisqarishi tibbiyot muassasalarining xarajatlarini 45% ga kamaytirib, davlat byudjetiga tushadigan yuklamani pasaytiradi. Shuningdek, dori-darmon va qo‘shimcha muolajalarga bo‘lgan ehtiyoj kamayadi, bu esa tibbiy resurslarni yanada samarali taqsimlashga yordam beradi. Ushbu innovatsiya sog‘liqni saqlash tizimining sifatini oshirish bilan birga, uning iqtisodiy barqarorligiga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.
beshinchi ilmiy yangilik: yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan bemorlarda takomillashtirilgan kardioreabilitatsiyani o‘tkazishda EQ-5D-5L so‘rovnomasi va klinik holatni baholash shkalasini qo‘llash orqali tibbiy-ijtimoiy xizmat (37,5%) va tashkiliy ishlar (42%) sifati yanada oshirishi asoslangan. Ilmiy yangilikning ahamiyati shundaki, Ushbu yondashuvning ahamiyati shundaki, bemorlarning klinik holatini aniq baholash orqali individual reabilitatsiya strategiyalari ishlab chiqildi, bu esa reabilitatsiya samaradorligini maksimal darajada oshirishga yordam berdi. Bundan tashqari, tibbiyot xodimlari va bemorlar o‘rtasida muloqotning yaxshilanishi hamda reabilitatsiya jarayonining tizimli va maqsadli tashkil etilishi ta’minlandi. Natijada, bemorlarning funksional holati yaxshilanib, kardioreabilitatsiya jarayonining umumiy samaradorligi oshdi, bu esa sog‘liqni saqlash tizimida resurslardan oqilona foydalanish imkonini berdi. Ijtimoiy samaradorligi: reabilitatsiya jarayonining samaradorligini oshirish orqali bemorlarning hayot sifati sezilarli darajada yaxshilanadi, ular kundalik faol hayotga qaytib, mehnatga layoqatliligini tiklaydilar. Bu jarayon oilalarga iqtisodiy va psixologik yuklamani kamaytiradi, shuningdek, jamiyatda ijtimoiy integratsiyani mustahkamlaydi. Reabilitatsiya jarayonining klinik va iqtisodiy samaradorligi orqali jamiyatning umumiy salomatlik holati yaxshilanadi va mehnat resurslaridan samarali foydalanish ta’minlanadi. Shu tariqa, ushbu yondashuv jamiyatning ijtimoiy barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Iqtisodiy samaradorligi: yangi modellar va yondashuvlarni joriy etish orqali reabilitatsiya jarayonining samaradorligi 2,1 martaga oshirilib, tibbiy resurslar va vaqt tejaladi, bemorlarning mehnatga layoqatliligi tezroq tiklanadi, nogironlik darajasi pasayadi va davlat byudjetiga tushadigan yuklama kamayadi. Shuningdek, reabilitatsiya jarayonining samaradorligi orqali bo‘lajak tibbiy va ijtimoiy xarajatlarning oldi olinadi. Bu barcha bosqichlarda yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishish imkonini yaratib, davlat va jamiyat uchun tejamkor va samarali yondashuvni ta’minlaydi.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish