Hakimov Shorasulning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon


I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertasiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qo‘ylarning infeksion nekrotik gepatit kasalligi epizootologiyasi va unga qarshi kurash chora-tadbirlari”, 16.00.03-Veterinariya mikrobiologiyasi, virusologiyasi, epizootologiyasi, mikologiyasi, mikotoksikologiyasi va immunologiyasi (veterinariya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/V99
Ilmiy rahbar: Salimov Ilhom Xaitovich, veterinariya fanlari doktori, katta ilmiy xodim.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti, PhD.06/29.10.2021.V.139.01.
Rasmiy opponentlar: Xamdamov Habibullo Ablakulovich, veterinariya fanlari doktori, professor; Mamatova Zamira Baratovna, veterinariya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlar agrar universiteti.    
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Samarqand va Qashqadaryo viloyatlari hududlarida infeksion nekrotik gepatit kasalligining epizootologik holatini o‘rganish, kasallikni kechishi, klinik belgilari, patologoanatomik o‘zgarishlarini aniqlash, kasallikka ishonchli tashxis qo‘yishni ishlab chiqish va uni o‘xshash kasalliklardan farqlash, C.novyi ning patogenligi yuqori shtammlarini ajratish, va ulardan biologik preparat-vaksina yaratishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Respublikamizning Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida tekshirilgan qo‘ylarda infeksion nekrotik gepatit kasalligini tarqalganligi mos ravishda 5219 boshdan 317 holat - 6,1 % va 3913 boshdan 270 holat - 6,9 foizligi aniqlangan;
qo‘ylarning infeksion nekrotik gepatit kasalligida harakat koordinatsiyasini buzilishi, surinib to‘g‘ri holatda yiqilishi va shu holatda o‘lishi, patologoanatomik tekshirilganda qorin va ko‘krak qafasi bo‘shliqlarida sariq-qizg‘ish ekssudat to‘planishi va u tashqi muhit ta’sirida quyuqlashib, dirilloqqa aylanishi aniqlangan;
ilk bor nekrotik gepatit kasalligi bilan kasallangan qo‘ylarning ichki parenximatoz a’zolaridan kasallik qo‘zg‘atuvchi C.novyi ning 8 ta mahalliy epizootik shtammlari ajratilgan va ularning glyukozali qonli agar, klostridiozlar uchun maxsus agarda kulrang, oqishrang ko‘rinishda, g‘adir-budir, momiqsifat, gemolizli hududga ega shaklda bo‘lishi aniqlangan;
qo‘zg‘atuvchi Kitt–Tarossi ozuqa muhitini 16-18 soatda loyqalatishi va yuzasida havo pufakchalari paydo bo‘lishi, qo‘zg‘atuvchi sporasi oval shaklda, mikrobning markazida yoki bir chetida joylashishi, jelatinani 5-7 kunda suyultirishi va sutni ivitishi aniqlangan;
ajratilgan C.novyi ning patogenligi yuqori bo‘lgan epizootik shtammidan ilk bor “Qo‘ylar infeksion nekrotik gepatit kasalligiga qarshi quyuqlashtirilgan GOA formolvaksina”ning tajriba seriyasi yaratilgan va uning yuqori immunogen samaradorligi dengiz cho‘chqachalarida aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qo‘ylarning infeksion nekrotik gepatit kasalligi epizootologiyasi va unga qarshi kurash chora-tadbirlari bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar natijalari asosida:
“Qo‘ylarning infeksion nekrotik gepatit kasalligiga qarshi kurash bo‘yicha uslubiy Tavsiyanoma” tasdiqlangan va amaliyotga joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024 yil 6 sentyabrdagi 02/23-502-son ma’lumotnoma). Natijada shaxsiy va fermer xo‘jaliklaridagi qo‘ylarning infeksion nekrotik gepatit kasalligiga o‘z vaqtida va to‘g‘ri tashxis qo‘yishga hamda ushbu kasallikka qarshi kurashishda yuqori samaradorlikka erishilgan;
Qoraqo‘lchilik fermer xo‘jaliklarida qo‘ylarning infeksion nekrotik gepatit kasallik qo‘zg‘atuvchisi (C.novyi) ning mahalliy sof kulturasi  ajratilgan va shtammning LD50 (50 % hayvonlarni o‘ldiruvchi dozasi) 0,2 ml ekanligi va immunogenligi aniqlanib dengiz cho'chqachalarida sinov tajriba ishlari joriy etilgan (Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasining 2024 yil 6 sentyabrdagi 02/23-502-son ma’lumotnoma). Natijada qo‘ylarning infeksion nekrotik gepatit kasalligiga qarshi ushbu C.novyi mahalliy shtammidan GOA formol vaksinaning tajriba seriyasini tayyorlashga hamda qo‘ychilik rivojlangan nosog‘lom hududlarda qo‘ylar orasida infeksion nekrotik gepatit kasalligini sezilarli darajada kamayishiga erishilgan.
    

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish