Ro‘zmetov Uchqun O‘runboevich
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy darajalar beriladigan fan tarmog‘i): “Atrof-muhit obektlaridan Fe(III), Cu(II) va Zn(II) ionlarini aniqlashning gibrid sorbsion-spektroskopik usullarini ishlab chiqish va validatsiyasi”, 02.00.02 - Analitik kimyo (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.DSc/K157.
Ilmiy maslahatchi: Smanova Zulayho Asanalievna, kimyo fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Milliy universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc 03/30.12.2019.K.01.03.
Rasmiy opponentlar:Sultonov Marat Mirzaevich, kimyo fanlari doktori, proffessor; Usmonova Xilola Ummatalievna, kimyo fanlari doktori, proffessor; Abduraxmanov Ilhom Ergashboevich, kimyo fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi: atrof-muhit obektlaridan Fe(III), Cu(II) va Zn(II) ionlarini aniqlashning gibrid sorbsion-spektroskopik usullarini ishlab chiqish va validatsiyasidan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
tashuvchilarga organik reagentlar: toron I, sulfasalisil kislotasi, ferron va alizarin qizil S immobillash analitik-faol guruhlar hisobiga kuchsiz kislotali muhitda hamda sezuvchanlikning 100 marta oshishi, konsentrlash hisobiga amalga oshishi isbotlangan;
PPF-1 tashuvchisiga toron I, sulfasalisil kislotasi, ferron va alizarin qizil S reagnetlarining mis(II), temir(III) va rux ionlari bilan muhitning optimal pH qiymatlarida universal (Briton-Robinson) bufer aralashmalarida mustahkam kompleks hosil qilishi va immobillashning optimal sharoitlari tanlangan;
Cu(II), Zn va Fe(III) ionlarini atom-absorbsion aniqlashda monoxromator tirqishi 0,7 nm va 0,2 nm ga teng bo‘lganda, alangali atomizatsiya uchun yoqilg‘i atsetilen-havo, rezonans chizig‘i toʻlqin uzunligi, 324,8 nm, 243,8 nm va 213,9 nm da, metall ionlarini aniqlash tezligi 7, 8, 9 minut bo‘lganda Buger-Lambert-Ber qonuniga bo‘ysunishi 1-6 mkg/l ga tengligi aniqlangan;
mis(II), temir(III) va rux ionlarining qattiq fazaga immobillangan toron I, sulfasalisil kislota, ferron va alizarin qizil S bilan kompleks hosil qilishi eritmadagidek funksional faol karboksil, gidroksil va diazo guruhlari hisobiga amalga oshishi aniqlandi. Shu bilan birga, komplekslarning barqarorligi eritmaga nisbatan 100 baravar oshishi kuzatildi, ularning qiymatlari quyidagicha: (βCuToron(qat.faza)=5,95·1011˃βCuToron(eritma)=2,13·109, βFeSSK(qat.faza)=2,48·1010˃ βFeSSK(eritma)=3,85·108 va βZnAQS(qat.faza)=8,15·1015˃βZnAQS(eritma)=10,42·1013), ushbu natijalar metallar ionlari radiusining kamayish qonuniyatiga muvofiq keladi: Fe³⁺ > Cu²⁺ > Zn²⁺;
mis(II), temir(III) va rux ionlari komplekslarining tanlangan immobillangan organik reagentlar bilan hosil bo‘lgan nur yutish maksimumlarining batoxrom siljishlar uzunlik bo‘yicha ∆λFeL=20 nm, ∆λZnL=13 nm va ∆λCuL=10 nm suvli muhit bilan solishtirganda, bu polimer asosidagi qattiq fazada immobillangan organik reagentlar eritmaga nisbatan barqarorroq ekanligini tasdiqlaydi. Bu elektrostatik tortish kuchlarining kamayib yo‘qolishi bilan izohlanadi;
ishlab chiqilgan usul yordamida mis, temir va rux ionlarini aniqlashning quyi chegaralari belgilandi: mis uchun 1 mkg/l, rux uchun 6 mkg/l va temir uchun 5 mkg/l. Usulni sun’iy aralashmalar va atrof-muhit obektlarini tahlil qilishda qo‘llash natijasida nisbiy standart og‘ish 0,023 dan oshmaganligi isbotlandi;
ishlab chiqilgan mis, temir va rux ionlarini aniqlash usuli suv va oziq-ovqat mahsulotlari analiziga qo‘llanilgandagi olingan natijalar, boshqa DavST usullari bilan solishtirilgan va validatsiya qilingan, natijalarning to‘g‘riligi, sistematik xatoliklar yo‘qligi Styudent va Fisher mezonlari bilan tasdiqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Sanoat oqava suvlaridan mis(II), temir(III) va rux ionlarini aniqlashning sorbsion-spektroskopik usulini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalariga ko‘ra:
“Elektrokimyozavod” AJ amaliyotida mis(II), temir(III) va rux ionlarini immobillangan organik reagentlar bilan aniqlashning gibrid sorbsion-spektroskopik usuli qo‘llanilgan (“Elektrokimyozavod” AJning 2023-yil 21-dekabrdagi 17-son ma’lumotnomasi). Taklif etilayotgan gibrid sorbsion-spektroskopik usullarning eksperimental natijalari boshqa fizik va fizik-kimyoviy usullarga nisbatan, ayniqsa, aniqlik, selektivlik va turli xil tarkibni aniqlash qobiliyati, shuningdek, tahlil ekspressligi bo‘yicha ustunligini ko‘rsatadi. Bu ayniqsa temir(III) ionlarini aniqlashda sezilarli darajada ko'zga tashlanadi;
immobillangan organik reagentlar yordamida mis(II), temir(III) va rux ionlarini aniqlashning sorbsion-spektroskopik usuli Toshkent viloyatining “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ analitik laboratoriyasida oqava suvlarni tahlil qilishda sinovdan o‘tkazildi (“Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ ma’lumotnomasi, 2024-yil 1-iyuldagi 572-son). Natijada ishlab chiqilgan sorbsion-spektroskopik usul rux elektrolitidan mis(II), temir(III) va rux ionlarini aniqlash imkonini berdi va amaliy foydalanish uchun tavsiya etildi;
mis(II), temir(III) va rux ionlarini immobillangan organik reagentlar bilan aniqlash usuli sinovdan o‘tgan va Cu(II), Fe(III) va Zn ni o‘z ichiga olgan obektlarni tahlil qilishda foydalanish uchun tavsiya etilgan. “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ suv muammolari tadqiqoti laboratoriyasi oqava suvlarni tahlil qilish imkonini bergan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati”AJ guvohnomasi 2022-yil 13-apreldagi 23.01-01-07/159-son). Natijada NKMK AJ oqava suvlarida tahliliy laboratoriyasida Cu(II), Fe(III) va Zn ionlari aniqlashning me’yoriy texnik hujjatlarda belgilangan mezonlarga muvofiqligi ishtimoiy-iqtisodiy va ekologik muammolarni hal qilishda ahamiyatliligi takidlangan.