Sadullaev Sanjarbek Madiyarovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida fan doktori (DSc)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni
I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qovun (Cucumis melo L.) ning turli muddatlarda etishtirishga mos, hosildor va istiqbolli yangi navlarini yaratish”, 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.DSc/Qx330.
Ilmiy maslahatchi: Nizomov Rustam Axrolovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti, DSc.05/08.05.2024.Qx.42.02.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patenti: Qovunning “Oftob” navi (NAP 00420), “Iftixor” navi (NAP 458) va “Gandimyon” (Gandimyon) navi (NAP 480).
II. Tadqiqotning maqsadi Qovun jahon kolleksiyasidan samarali foydalangan holda respublikamiz tuproq-iqlim sharoitiga mos, istiqbolli, qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlariga ega, serhosil, ertapishar, o‘rtapishar va kechpishar qovunning yangi navlarini yaratish hamda ishlab chiqarishga joriy etish.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor qovunning jahon kolleksiyasida mavjud 124 ta nav namunasi morfobiologik va qimmatli xo‘jalik belgilari bo‘yicha har tomonlama o‘rganilgan va geografik kelib chiqishi turlicha bo‘lgan qovun nav namunalaridan asosiy xo‘jalik belgilari (pishish davri, hosildorlik, eksportbopligi), tashqi muhit omillariga (un shudring, fuzarioz so‘lish kasalligi) bardoshliligi bo‘yicha boshlang‘ich manbalar ajratib olingan;
istiqbolli birlamchi manbalarni seleksiya jarayoniga jalb etish asosida turli muddatlarda etishtirishga mos yangi qovun navlarini yaratish uchun istiqbolli L-160; L-161, L-Oybek tizmalari yaratilgan;
qovunning ajratilgan nav namunalaridan analitik seleksiya asosida ilk bor Respublikaning turli iqlim sharoitiga mos, ertapishar, o‘rtapishar va kechpishar, serhosil “Oftob”, “Iftixor” va “Gandimyon” navlari yaratilgan;
istiqbolli tizmalarni seleksion ko‘chatzorlarda tanlov sinovlarini amalga oshirish asosida yaratilgan “Gandimyon” navi turli tuproq-iqlim sharoitiga mos, qimmatli xo‘jalik belgi va xususiyatlariga ega bo‘lgan kechpishar, o‘suv davri 111 kun, poyasi sershox, qurg‘oqchilikka, kasalliklarga nisbatan chidamli, hosildorligi o‘rtacha 400-450 sentner, qand miqdori 10-12%, tashishga yaroqli ekanligi aniqlangan;
turli tuproq-iqlim sharoitlariga mos bo‘lgan ertapishar “Oftob” navi serto‘r bo‘ltb, yashil-jigarrang tusli, meva vazni o‘rtacha 1,6 kg, eti oq rangli, qalinligi 3,7-4,0 sm, urug‘doni juda kichik, tarkibidagi eruvchan quruq modda miqdori o‘rtacha 13,8 - 17,0%, un shudring kasalligiga 100% chidamli ekanligi taqdiqlangan;
o‘rtapishar “Iftixor” navining meva vazni 1,3 kg, dumaloq shaklda, limon rangli, gulsiz, mevasi yoppasiga, ayrimlarining asosiy qismi to‘r bilan qoplangan, sal tilimli, eti oq, qalinligi 3,6-4,0 sm, mayin, yumshoq, asal mazali, tarkibidagi eruvchan quruq modda miqdori o‘rtacha 12,5%, hosildorligi 19,3 t/ga bo‘lib, un shudring kasalligiga 100% chidamli ekanligi aniqlangan;
yangi yaratilgan qovunning “Oftob”, “Iftixor” va “Gandimyon” navlarining o‘sishi, rivojlanishi hamda asosiy qimmatli-xo‘jalik belgilari tahlil qilingan holda birlamchi urug‘chiligi yo‘lga qo‘yilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot natijalari Qovunning istiqbolli shakllarini tanlash orqali yangi navlarini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijalari asosida:
qovunning Respublika tuproq-iqlim sharoitiga mos, import o‘rnini bosuvchi istiqbolli, turli muddatlarda pishuvchi, hosildor mahalliy “Oftob” (NAP 00420), “Iftixor” (NAP 458) hamda “Gandimyon” (NAP 480) navlari yaratilgan va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual Mulk agentligi tomonidan patent olingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 8 oktyabrdagi № 05/06-03-303-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mahalliy qovun genofondi boyitilib, amaliyotda ekilayotgan navlarga nisbatan 12% yuqori hosildorlikka erishish imkonini bergan;
yaratilgan qovun navlari Xorazm viloyati Xiva tumani “KHOREZM ORGANIC MELON” fermer xo‘jaligida 1,0 gektar, “Axmadjon Matyoqubov” fermer xo‘jaligida 1,0 gektar, “Davron” fermer xo‘jaligida 1,0 gektar va “Xiva Xurmat” fermer xo‘jaligida 1,0 gektar, Yangibozor tumani “Xorazm faxri” urug‘chilik klasterida 1,0 gektar, “YaNGOLDTARIM” MChJ korxonasida 2,0 gektar maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 8 oktyabrdagi № 05/06-03-303-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur navlarni fermer xo‘jaliklari erlarida aprel va may oylarida 180 x 60 sm sxema ekilganida navlar bo‘yicha gektaridan o‘rtacha 40-45 tonna hosil olinib, 105,4-108,6 mln so‘m sof daromad olish imkonini bergan;
Yaratilgan qovun navlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi “G‘ayrat-1” fermer xo‘jaligida 1,0 gektar, “Haytakov Ulug‘bek” fermer xo‘jaligida 1,0 gektar maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 8 oktyabrdagi № 05/06-03-303-sonli ma’lumotnomasi). Natijada xo‘jaliklarning daromadi ortib, mazkur navlarni etishtrishda rentabellik darajasi 102,0-114,9% ni tashkil qilgan;
“Oftob”, “Iftixor” va “Gandimiyon” navlarining birlamchi urug‘chiligi jami 9 ga maydonda tashkil etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024-yil 8 oktyabrdagi № 05/06-03-303-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, jami 46,9 kg, shundan 10,5 kg original va 36,4 kg elita urug‘lari tayyorlanib, navqlarning kelgusidagi ekin maydonlarini kengaytirish imkonini bergan.