Turdiev Malikjon Sayfiddin o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): “Quruq ishqalanish elementlari mavjud konstruksiyalar uchun dinamik masalalar”, 01.02.04-Deformatsiyalanuvchan qattiq jism mexanikasi” (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.PhD/FM928.
Ilmiy rahbar: Mirzaev Ibraxim, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.15/03.06.2023.FM/T.73.08 raqamli Ilmiy kengash asosida bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Mardonov Batir, fizika-matematika fanlari doktori, professor, Safarov Ismoil Ibroximovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulugʻbek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi seysmik to‘lqinlar ta’sirida bino konstruksiyalari va er osti inshootlari elementlarida quruq ishqalanish kuchini hisobga olgan holda o‘ziga xos chiziqli bo‘lmagan dinamik masalani echishning algortmini sonli usullar va mantiqiy algoritm yordamida ishlab chiqish hamda olingan natijalarni tahlil qilishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
quruq ishqalanish kuchi mavjud konstruksiyalardagi dinamik jarayonlar o‘ziga xos chiziqli bo‘lmagan masalalar bo‘lganligi uchun ularni echishning algoritmi chekli elementlar hamda chekli ayirmalar usullari va mantiqiy algortm asosida ishlab chiqilgan;
bo‘lib o‘tgan zilzilalar yozuvlarining ma’lumotlar bazasidan tanlab olingan zilzilalarning gorizontal va vertikal komponentalaridan foydalanib, konstruksiyada quruq ishqalanish kuchi mavjud holda ilk bor “stick-slip” shaklidagi jarayonda yopishib va sirpanib harakatlanishlarning boshlanish vaqtlarini aniqlash mantiqiy algoritmi asosida dinamik masalalar echilgan;
er osti uzun quvuri grunt bilan o‘zaro munosabati quruq ishqalanish modeli bilan ifodalanganda seysmik to‘lqin ta’sirida quvurda “Raxmatulin to‘lqini”ga o‘xshash to‘lqin tarqalishi dinamik masalani yaratilgan sonli algoritm asosida echib aniqlangan;
bino va inshootlarni seysmik to‘lqinlardan himoyalash uchun sirpanuvchan poydevordan foydalanish dinamik masalalarni echish uchun yaratilgan algoritm asosida hisoblash eksperimenti orqali samarali seysmoizolyasiya usuli ekanligi ko‘rsatilgan;
laborotoriya eksperimentini o‘tkazish bo‘yicha yangi uslub ishlab chiqilgan hamda eksperiment natijalarini analitik echim bilan solishtirish asosida turli materiallar uchun Amonton-Kulon quruq ishqalanish dinamik koeffisienti aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Dissertasiyada olingan natijalar quyidagi yoʻnalishlarda amaliyotga joriy qilingan:
Dissertatsiyada ishlab chiqilgan hisoblash algoritmlaridan foydalanish asosida hisoblangan natijalardan Andijon viloyati Asaka shahar Dustlik ko‘chasi 15-uyda joylashgan 7 qavatli turarjoy binosi qurilishi obektini loyihalash jarayonida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining 2024-uil 15-apreldagi 24-06/3804-sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qurilish obektini loyihalash jarayoniga qo‘llash natijasida hisob-loyiha ishlarining bajarilish vaqtini 1.18 martagacha tejashga, loyihalash uchun zarur bo‘lgan xulosalarni oldindan chiqarishga va zamonaviy kompyuter texnologiyalaridan samarali foydalanishga erishilgan. Bu natijalarni loyiha ishlariga qo‘llash orqali ish sifati va mehnat unumdorligining ortishiga erishilgan. Dissertatsiya ishi natijalari nazariy va amaliy ahamiyatga ega bo‘lib, zilzila ta’sirida bino, inshootlarning hamda ularning asos va poydevorlari zararlanishlari va buzilishlarining oldini olishda foydalaniladi, bundan tashqari loyihalash ishlariga sarflanadigan vaqt hamda mablag‘larni tejash imkonini bergan.