Ergasheva Moxigul Xaydarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Begali Qosimov hayot yo‘li va ijodini ilmiy-biografik o‘rganish muammosi”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (XX asr o‘zbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon) (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2474.
Ilmiy rahbar: Jo‘raqulov Uzoq Haydarovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Yusupova Dilnavoz Rahmonovna, filologiya fanlari doktori, professor; To‘raeva Umriniso Rahmatovna, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi adabiyotshunos Begali Qosimovning hayot yo‘li va ilmiy faoliyatini biografik aspektda ochib berish, jadidshunoslikka qo‘shgan hissasi, muayyan adabiy hodisaga yondashuv usullarini, badiiy asarni baholash prinsiplari, nazariyotchi olim sifatidagi qarashlarining ilmiy va amaliy mohiyatini nazariy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
biografik metodning qonuniy hodisa sifatida maydonga kelishi, uning shakllanish omillari, adabiyotshunoslik tarixida tutgan muhim o‘rni, ijodkor va ilmiy asar munosabatini tipologik yoritishdagi o‘ziga xosligi, biografik obekt tarjimai holini ijtimoiy, maishiy, psixobiografik sathlarda analiz va sintez qilishdagi amaliy natijalari, metodologik asoslari aniqlangan;
professor Begali Qosimovning adabiyot tarixi, jadidshunoslik, adabiy tanqid, milliy mustaqillik mafkurasiga doir tadqiqotlari millat va milliylik fenomeniga ko‘ra ilmiy tavsif etilib, ularning nazariy mohiyati tarixiylik+estetiklik kategoriyasi asosida dalillangan;
professor Begali Qosimovning shaxsiy arxivi negizida olim biografiyasi va ilmiy merosini psixobiografik talqin etish uchun asos bo‘ladigan arab, lotin va kirill alifbolarida yozilgan yigirmadan ortiq kundaliklari, maktublari, rasmiy yozishmalari ilk bor adabiyotshunos fenomenini yoritish uchun istifoda etilgan, ayni noyob manbalarning olim ilmiy biografiyasini ochib berishdagi individual o‘rni aniqlangan;
olim tadqiqotlariga xos badiiy-estetik, madaniy-tarixiy, falsafiy-ma'rifiy, milliy-ma'naviy, ijtimoiy-psixologik talqin tamoyillaridan kelib chiqib, Begali Qosimov ilmiy metodologiyasi asoslari belgilanib, buning ilmiy-adabiy jarayonga oid individual-biografik hodisa ekanligi nazariy jihatdan asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Begali Qosimov hayot yo‘li va ijodini ilmiy biografik o‘rganish muammosi tadqiqi bo‘yicha olingan natijalar asosida:
biografik metodning maydonga kelishi, shakllanish omillari, adabiyotshunoslik tarixida tutgan o‘rni, ijodkor va ilmiy asar munosabatini tipologik yoritishdagi o‘ziga xosligi, biografik obekt tarjimai holini ijtimoiy, maishiy, psixobiografik sathlarda analiz va sintez qilishdagi amaliy natajalari, jahon adabiyotshunosligida biografik metod va uning ilmiy-nazariy asoslari, spesifik xususiyatlari ochib berilgani, Begali Qosimovning umumlashtirishdagi tahlil va talqin prinsiplarinining o‘ziga xosliklarini ko‘rsatib berishiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetidagi 2021-2023-yillarda bajarilgan F3-201912258 raqamli “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 10-iyundagi 04/1-1471-son ma’lumotnoma). Natijada loyihaning ilmiy-nazariy konsepsiyasi Begali Qosimov ilmiy ijodining individual xususiyatlarini belgilashda, olimning jadidshunoslikka qo‘shgan hissasi tahliliga oid yangi materiallar bilan boyitilgan;
professor Begali Qosimov adabiyot tarixi, jadidshunoslik, adabiy tanqid, milliy mustaqillik mafkurasiga doir tadqiqotlarinning ilmiy tavsifi amalga oshirilgani, o‘zbek adabiyotshunosligida biografik metod va uning ilmiy-nazariy asoslari, spesifik xususiyati ochib berilganligi, Begali Qosimov hayot yo‘li va ijodini ilmiy-biografik o‘rganishda, olim ilmiy ijodining individual o‘ziga xosligini belgilashda, olimning pedagogik ishlari ko‘lamini belgilashga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2020-2022-yillarda bajarilgan AM-F3-201908172 raqamli “O‘zbek tilining ta’limiy korpusini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihani bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 4-sentyabrdagi 04/1-2280-son ma’lumotnoma). Natijada loyiha mazmuni adabiyotshunos hayoti va ijodiga doir ilmiy materiallar bilan boyitilgan;
professor Begali Qosimovning shaxsiy arxivi negizida olim biografiyasi va ilmiy merosini psixobiografik talqin etish uchun asos bo‘ladigan arab, lotin va kirill alifbolarida yozilgan yigirmadan ortiq kundaliklari, maktublari, rasmiy yozishmalari ilk bor adabiyotshunos fenomenini yoritish uchun istifoda etilgan ma’lumotlardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali tomonidan tayyorlangan “Bedorlik” va “Adabiy jarayon” nomli dasturlar ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston teleradiokanali DMning 2024-yil 11-iyundagi 04/36-733-son ma’lumotnomasi). Natijada dasturlar mamlakatimiz yoshlarini o‘zbek va jahon adabiyotshunosligidagi ijodkor olim hayot yo‘li va ijodini ilmiy biografik o‘rganishga doir materiallar bilan boyitilgan.