Rajabov Bobir Bozorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Keng qamrovli chizel-kultivatorga dala yuzasini tekislaydigan va unda mayin tuproq qatlamini hosil qiladigan moslama ishlab chiqish va parametrlarini asoslash”, 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/T4502.
Ilmiy rahbar: To‘xtaqo‘ziev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/13.05.2020.T.112.01.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, professor Imomqulov Qutbiddin Boqijonovich; texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Naurizbaev Alliyar Oserbaevich.
Yetakchi tashkilot: Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. keng qamrovli chizel-kultivatorga dala yuzasini tekislaydigan va unda mayin tuproq qatlamini hosil qiladigan moslama ishlab chiqish hamda uning parametrlarini asoslash yo‘li bilan erlarni ekishga tayyorlashda ish sifatini oshirish, yonilg‘i, mehnat va boshqa xarajatlar sarfini kamaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
keng qamrovli chizel-kultivatorga moslamaning konstruktiv sxemasi dala yuzasi oldin tekislanishi va keyin unda mayin tuproq qatlami hosil qilinishini hisobga olinib texnologik jarayon sifatli va kam energiya sarflab bajarilishi shartidan ishlab chiqilgan;
moslama parametrlarining o‘zgarish chegaralari uning ishchi qismlarini tuproq bilan o‘zaro ta’sirlashish jarayonlarini ifodalovchi analitik bog‘lanishlar asosida tuproqning fizik-mexanik xossalari va agregat harakat tezligini hisobga olgan holda aniqlangan;
moslamaning parametrlari tuproqning hajmiy ezilish koeffisienti, tashqi va ichki ishqalanish burchaklari, uning uvalanish sifati va dala yuzasini tekislanish darajasi belgilangan talablarga mos kelishi hamda uning tortishga qarshiligi esa kam bo‘lishi hisobga olinib aniqlangan;
moslama tekislagichining agrotexnik va energetik ko‘rsatkichlarini baholovchi regressiya tenglamalarini birgalikda echish orqali uning qamrash kengligi, balandligi va ochilish burchagining hamda harakat tezligining maqbul qiymatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Keng qamrovli chizel-kultivatorga dala yuzasini tekislaydigan va unda mayin tuproq qatlamini hosil qiladigan moslama ishlab chiqish va parametrlarini asoslash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
moslama bilan jihozlangan keng qamrovli chizel-kultivatorga dastlabki talablar va texnik topshiriq ishlab chiqilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 24 iyundagi 05/04-04-284-son ma’lumotnomasi). Natijada keng qamrovli chizel-kultivatorga asoslangan parametrlarga ega bo‘lgan dala yuzasini tekislaydigan va unda mayin tuproq qatlamini hosil qiladigan moslama ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
ishlab chiqilgan moslama bilan jihozlangan keng qamrovli chizel-kultivatorning tajriba nusxasi Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tuman “BARAKALI ZAMIN AGRO” MChJ va Quyi Chirchiq tuman “TCT AGRO CLUSTER” MChJ hamda “OQ TEPALIK ShAVKAT” fermer xo‘jaliklariga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil  24 iyundagi 05/04-04-284-son ma’lumotnomasi). Natijada erlarni ekishga tayyorlashda umumiy xarajatlar 33 foizga, mehnat sarfi esa 77 foizga kamaygan;
dala yuzasini tekislaydigan va unda mayin tuproq qatlamini hosil qiladigan moslamaning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun loyiha-konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar, texnik topshiriq va chizmalar) “BMKB-AGROMASh” AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining 2024 yil 24 iyundagi 05/04-04-284-son ma’lumotnomasi). Natijada keng qamrovli chizel-kultivatorga asoslangan parametrlarga ega bo‘lgan dala yuzasini tekislaydigan va unda mayin tuproq qatlamini hosil qiladigan moslama ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish