Azizov Husnuddin Geldiyorovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini takomillashtirish”, 12.00.02 – Konstitutsiyaviy huquq. Ma’muriy huquq. Moliya va bojxona huquqi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/Yu1403.
Ilmiy rahbar: Tursunov Axtam Salomovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi, DSc.31/30.12.2019.Yu.25.02.
Rasmiy opponentlar: Axmedova Soraxon Talipjanovna, yuridik fanlar doktori, professor; Fayziev Xayriddin Sirojiddinovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tashkil etishni takomillashtirishga qaratilgan taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xodimlarga xizmat faoliyati uchun munosib sharoit yaratish, ularning ijtimoiy-huquqiy kafolatlarini kuchaytirish hamda huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash samaradorligini oshirish maqsadida jamoatchilik asosida ishlaydigan “Ichki ishlar organlarining intizomiy kengashlari” faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozimligi asoslantirilgan;
jamoada sog‘lom ma’naviy-ruhiy muhit va ishchan kayfiyatni shakllantirish uchun ichki ishlar organi rahbari o‘ziga bo‘ysunuvchi xodimlarga nisbatan yuqori professionalizm, halollik va adolatda o‘rnak bo‘lishi, guruhbozlik va favoritizm ko‘rinishlariga yo‘l qo‘ymasligi zarurligi isbotlangan;
ichki ishlar organlarida xizmat intizomini mustahkamlash, odob-axloq me’yorlariga rioya etilishini ta’minlash maqsadida xodimning tizimga xizmatga qabul qilingan vaqtdan boshlab “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi Kodeksi” qoida va talablariga qat’iy rioya etishi lozimligi asoslantirilgan;
ichki ishlar organlarida ta’magirlik va poraxo‘rlik holatlarining sodir etilish sabablari hamda ularga imkon bergan shart-sharoitlarni bartaraf etish maqsadida xodimlar tizimda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishi, uning profilaktikasiga faollik bilan ko‘maklashishi lozimligi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tadqiq etish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
xodimning ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilingan vaqtdan boshlab “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi Kodeksi” qoida va talablariga qat’iy rioya etishi majburiyligini qonun hujjatlarida belgilashga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20- yanvardagi 10-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi”ning 1-bob 2-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2024-yil 12-oktyabrdagi 31/1064-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi ichki ishlar organlarida korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini takomillashtirishga xizmat qilmoqda;
xodimlar korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi kurashishi va uning profilaktikasiga faollik bilan ko‘maklashishi zarurligini qonun hujjatlarida belgilashga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-yanvardagi 10-son qaroriga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksi”ning 2-bob 6-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2024-yil
12-oktyabrdagi 31/1064-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan sodir etiladigan korrupsion holatlarning oldini olish samaradorligini oshirishga xizmat qilgan;
xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash samaradorligini oshirish maqsadida jamoatchilik asosida faoliyat yuritadigan “Ichki ishlar organlarining intizomiy kengashlari”ni tuzishga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2021-yil 21-oktyabrdagi 400-son buyrug‘iga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlari ma’naviy-ma’rifiy ishlar xizmatining yagona ish yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 4-bob 53, 54 va 67-bandlarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2024-yil 12-oktyabrdagi 31/1063-son dalolatnomasi). Ushbu takliflarning joriy etilishi ichki ishlar organlari xodimlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari kafolatlanishini yangi bosqichga olib chiqqan;
ichki ishlar organi rahbariga qo‘yiladigan talablarni qonunchilikda aniq belgilashga doir taklifdan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2021-yil 21-oktyabrdagi 400-son buyrug‘iga 1-ilova bilan tasdiqlangan “Ichki ishlar organlari ma’naviy-ma’rifiy ishlar xizmatining yagona ish yuritish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomning 6-bob 156-bandini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi IIVning 2024-yil 12-oktyabrdagi 31/1063-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi ichki ishlar organlari rahbar xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashishda mas’uliyatini oshirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish