Xazratkulov Sherzod Abror o‘g‘lining
fan doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Jamiyatning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda ijtimoiy siyosat mexanizmlarini takomillashtirish” mavzusidagi 23.00.02 - “Siyosiy institutlar, jarayonlar va texnologiyalar”.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Ss276
Ilmiy rahbar: Jo‘raev Narzulla Qosimovich. siyosat fanlar doktori, professor
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/29.12.2022.Ss.21.02
Rasmiy opponentlar: Jo‘raev Sayfiddin Axmatovich, siyosiy fanlar doktori, professor.
Berdiev Bektosh Oxnorovich, siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) dotsent.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Jamiyatning barqaror taraqqiyotini ta’minlashda ijtimoiy siyosat institusiyalashuvining tashkiliy jihatlarini va konseptual tamoyillarini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
Jamiyat hayotini modernizatsiya va isloh qilishga qaratilgan ijtimoiy siyosat konstruktiv va integrativ indikator soha sifatida muhim rol o‘ynashi, umume’tirof etilgan adolatli mehnat taqsimoti va ijtimoiy munosabatga kirishayotgan tomonlar o‘rtasidagi “davlat va jamiyat yagona oila” tamoyilini ishlab chiqish va jamiyatni muvozanatlashtirish mexanizmlari “plyuralistik paternalizm” konsepsiyaga ko‘ra asoslab berilgan;
Jamiyat hayotinining modernizatsiyalashuvi va axborotlashuvi sharoitida O‘zbekistonda davlat va jamiyat integratsiyasini amalga oshirishda ijtimoiy mas’uliyat, ijtimoiy sherikchilik va ijtimoiy kafolat kabi tamoyillarga asoslangan tizimli, manzilli va davlat muhofazachiligining milliy modeli hisoblangan mahalla instituti tajribasidan kelib chiqib, mahalladagi barcha ijtimoiy muammolarni monitoring qilib boruvchi Mahallashunoslik milliy markazini ta’sis etish taklifi dalillangan;
O‘zbekistonda jamiyat barqarorligi va taraqqiyotining asosiy drayveri hisoblangan yoshlar qatlami faoliyatini vatanparvarlik va ijtimoiy daxldorlik tamoyillari asosida takomillashtirish, yoshlarga oid davlat ijtimoiy siyosatini yoshlar jamoatchiligi tomonidan qo‘llab-quvvatlanishini ta’minlash hamda yoshlarning ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi jamiyat ravnaqiga yo‘naltirilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida “Yoshlar xizmati” yagona axborot portalini joriy etish lozimligi asoslab berilgan;
Milliy va umuminsoniy qadriyatlar sifatida xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik va kamsitish holatlarini bartaraf etishga qaratilgan ijtimoiy siyosat olib borish, ijtimoiy adolat fenomenlariga va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish strategiyasi asosida jamiyatdagi barcha qatlam manfaatlarini ifoda etuvchi “Ijtimoiy muhofaza konsepsiyasi”ni ishlab chiqish taklifi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Aholini ijtimoiy himoya qilishda tadbirkorlar tomonidan muhtoj qatlamlarni ijtimoiy himoya qilish, ijtimoiy siyosatning o‘ziga xos rag‘batlantiruvchi tizimidan foydalangan holda hamda ijtimoiy siyosatni qo‘llab – quvvatlashning milliy modeli asosida aholi orasida tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va ular bandligiga ko‘maklashish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan takliflardan O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasining “Yoshlar qanoti” ish rejasiga kiritilgan. (Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati-O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasining 2022-yil 26-dekabrdagi №01-27. 551- sonli dalolatnomasi). Natijada partiyaning ijtimoiy-siyosiy mazmundagi keng qamrovli tadbirlarini tashkil etishda, ijtimoiy siyosatni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan partiyaning ish faoliyati bo‘yicha istiqbolli reja va dasturlar yaratishda hamda partiya a’zolari o‘rtasida turli seminar-treninglar tashkil etishda ilmiy manba bo‘lib xizmat qilgan;
Ijtimoiy siyosatni amalga oshirishning tizimlilik, va komplekslilik va manzililik tamoyillari asosida mavjud shart-sharoitlar va milliy mexanizmlarga mos kategoriyalar tizimida aholini ijtimoiy himoya qilish amaliyotida hamda sohani qo‘llab-quvvatlashning strategik dasturlarini ishlab chiqish, iste’molchilar huquqlarini himoya qilish borasida dissertatsiya ishida ilgari surilgan amaliy va nazariy echimlarga oid taklif va tavsiyalardan Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasida (2023 yil 10 apreldagi 01/28-son dalolatnomasi) olib borilayotgan ijtimoiy-ma’naviy chora-tadbirlarni amalga oshirishda foydalanilgan. Natijada iste’molchilar huquqlarini ishonchli himoya qilish, ijtimoiy himoya va sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga oid maqsadli dasturlarni amalga oshirishga oid tegishli mezonlar ishlab chiqishga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Xalq Demokratik Partiyasining ustavida belgilangan:
- davlat va jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoyani qo‘llab quvvatlashda ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilish; - partiyaning ijtimoiy himoyaga muhtoj insonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, vakillik demokratiyasi mexanizmlari vositasida qonunlarni qabul qilish; - Davlat hokimiyati ijroiya organlari tomonidan taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari hamda tegishli vazifalarni amalga oshirish yo‘llarini belgilashda amaliy ta’sir ko‘rsatishga oid yillik ish rejalari, istiqbolli dasturlar tuzish va “Yo‘l xarita”lari ishlab chiqishda (2024 yil 13 apreldagi №1-151 sonli Dalolatnoma) tadqiqotdan samarali foydalanildi. Natijada aholini ijtimoiy himoyalash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirishga oid maqsadli dasturlarni amalga oshirish, aholini manzilli ijtimoiy himoya qilishning milliy modelini yaratishga xizmat qilgan;
Tadqiqotda O‘zbekistonda ijtimoiy siyosatning o‘ziga xosligi, davlat ijtimoiy siyosatining ahamiyati, aholini ijtimoiy qilish masalalari quyidagi muhim omillar asosida tahlil etilgan: Birinchisi, demografik omil (aholining ko‘payishi, kamayishi, aholi bandligi, urbanizatsiya jarayoni va boshqalar); Ikkinchisi ijtimoiy omil (fan, ta’lim, madaniyat, sport, sog‘lomlashtirish, aholini ijtimoiy himoyalash va boshqalar); Uchinchisi etnik omil (aholining etnik tarkibi va joylashuv xususiyatlari); To‘rtinchisi ekologik omil (ekologiyani asrab-avaylash, aholi salomatligini yaxshilash va ular orasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish) dan iborat taklif va tavsiyalaridan O‘zbekiston ta’lim va fan xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashining kompleks chora-tadbirlarini ishlab chiqishda foydalanildi.