Axrorov Zarif Oripovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi):
“Foydani soliqqa tortish metodologiyasini takomillashtirish”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam:
Ilmiy rahbar: Abdullaev Zafarjon Alijonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent Kimyo xalqaro universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent Xalqaro universiteti, DSc.22/29.12.2023.I.175.01
Rasmiy opponentlar: Turaev Shavkat Shuxratovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor;
Xaydarov Nizomiddin Hamroevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Bozorov Akmal Amonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Alfraganus University
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi foydani soliqqa tortish metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
soliq bazasi va soliq stavkalari darajasini hisobga olgan holda foyda solig‘i ta’sirini empirik baholashda aniq natijalar olish imkoniyatini beruvchi samarali o‘rtacha soliq stavkasini hisoblanish usuli asoslangan;
foyda solig‘i bazasini aniqlashda muammoli kreditlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga shakllantiriladigan rezervlar uchun soliq chegirmalariga cheklovlar o‘rnatilishi, banklar tomonidan rezervlardan foydani regulyatori sifatida foydalanmasligi va risklar hisobga olingan holda baholanishi asoslangan;
hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi tengsizlikni qisqartirish, tadbirkorlik subektlarining raqobatbardoshligini oshirishda teng sharoitlar yaratish, bandlik darajasi va ish haqi o‘sishiga foyda solig‘i ta’sirini hisobga olgan holda, rivojlanishi darajasi past bo‘lgan hududlardagi tadbirkorlik subektlarining foyda solig‘i stavkasini minimal darajada o‘rnatish taklif qilingan;
tijorat banklarining moliyaviy ko‘rsatkichlariga foyda solig‘ining salbiy ta’sirini minimallashtirishda tadbirkorlik subektlari va jismoniy shaxslarning kreditlari bo‘yicha hisoblangan va kechiktirilgan foizlar summasi foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda jami daromad tarkibiga kiritilmasligi taklif qilingan;
tijorat banklari to‘laydigan foyda solig‘i yukining bank kontragentlari zimmasiga o‘tkazilish ehtimolini pasaytirish hamda kredit foizlarini oshirishining oldini olish orqali moliyaviy resurslarga kengroq imkoniyatlar yaratish maqsadida foyda solig‘i stavkasini pasaytirish taklif etilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Foyda solig‘i metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
soliq bazasi va soliq stavkalari darajasini hisobga olgan holda foyda solig‘i ta’sirini empirik baholashda aniq natijalar olish imkoniyatini beruvchi samarali o‘rtacha soliq stavkasini tushunchasi va uni hisoblanish usuli bo‘yicha ilmiy-nazariy qarashlar “Soliq va soliqqa tortish“ fani bo‘yicha darslikka kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2024-yil 25-iyundagi 218-081-son nashr ruxsatnomasi). Natijada, mazkur tushunchaning oliy ta’lim muassasalarida soliq va soliqqa tortish yo‘nalishi va mutaxassislari uchun kiritilishi
bo‘lg‘usi mutaxassislarning foyda solig‘i ta’sirini empirik baholashda soliq bazasidan chegirmalar va chegirilmaydigan xarajatlar hamda pasaytirilgan soliq stavkalari darajasini hisobga olgan holda aniq natijalar olish borasidagi bilim va ko‘nikmalarini kengaytirish imkoniyati yaratilgan;
tijorat banklarining muammoli kreditlar bo‘yicha shakllantiriladigan zaxiralar bo‘yicha qonunchilikda belgilangan normaning 80 foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda xarajatlar tarkibiga kiritish taklifi “O‘zbekiston Respublikasi soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘RQ-741-sonli Qonunda o‘z aksini topgan va Soliq kodeksiga o‘zgartirish kiritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasining 2024-yil 30-iyuldagi 18/74944-son ma’lumotnomasi). Natijada, banklar tomonidan kreditlar bo‘yicha ehtimoliy yo‘qotishlarga shakllantiriladigan zaxira fondlaridan foydani regulyatori sifatida foydalanishni cheklashga va foyda solig‘i bazasini kengayishiga olib kelgan.
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasi eng past bo‘lgan hududlarda ro‘yxatdan o‘tgan va faoliyat yuritadigan tadbirkorlik subektlarining foyda solig‘ini minimal stavkada o‘rnatilishi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi PF-287-son “Respublika hududlarini toifalarga ajratish va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashning tabaqalashtirilgan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmonining 2a-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasining 2024-yil 30-iyuldagi 18/74944-son ma’lumotnomasi). Natijada, tadbirkorlik subektlarining raqobatbardoshligini oshirishda teng sharoitlar yaratishga, moliyaviy barqarorligini rivojlanishiga hamda ish o‘rinlari va daromadlarni ortishiga olib kelgan.
moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan tadbirkorlik subektlari va jismoniy shaxslarning kreditlari bo‘yicha to‘lovlarni kechiktirish imkoniyati berilgan davrda hisoblangan va kechiktirilgan foizlar summasi foyda solig‘ini hisoblab chiqarishda jami daromad tarkibiga kiritilmasligi taklifi O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 483-moddasida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasining 2024-yil 30-iyuldagi 18/74944-son ma’lumotnomasi). Natijada, tijorat banklarining moliyaviy ko‘rsatkichlariga foyda solig‘ining salbiy ta’sirini minimallashtirishga olib kelgan.
tijorat banklarining foyda solig‘i stavkasini pasaytirish taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi Farmonining 7b-bandida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Soliq qo‘mitasining 2024-yil 30-iyuldagi 18/74944-son ma’lumotnomasi). Natijada, bank mijozlariga zimmasiga o‘tkaziladigan soliq yukini kamayishiga va kreditlar foiz stavkasini pasayishiga olib keladi.