Tangriev Alisher Jumanazarovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘quv-mashg‘ulot guruh yakkakurashchilarida harakat ko‘nikmalarini shakllantirishning biomexanik xususiyatlari”, 13.00.04–Jismoniy tarbiya, sport mashg‘ulotlari, sog‘lomlashtirish va adaptiv jismoniy tarbiya nazariyasi va metodikasi (pedagogika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.DSc/Ped364.
Ilmiy maslahatchi: Tajibaev Soyib Samijonovich, pedagogika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti.
Ilmiy Kengash faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, DSc.03/30.12.2019.Ped.28.01.
Rasmiy opponentlar: Yugay Lev Pavlovich, matematika fanlari doktori, professor; Muhammadiev Komil Burxonovich, pedagogika fanlari doktori (DSc), professor; To‘xtaboev Nizom Tursunalievich, pedagogika fanlari doktori (DSc), professor.
Yetakchi tashkilot: Urganch davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘quv-mashg‘ulot guruh yakkakurashchilarida harakat ko‘nikmalarini shakllantirishning biomexanik xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
o‘quv-mashg‘ulot guruhida shug‘ullanuvchi yakkakurashchilarning mashg‘ulot mazmunida saralangan bo‘limlarini tizimlashtirish darajasi belgilangan vaqt oralig‘ida jismoniy sifatlarni rivojlantirishning standart va intervalli aylanma trenirovka vositalarini saralash hisobiga mashg‘ulotlarda mashqlarning ketma-ketligi, davomiyligi va dam olish oraliqlari takomillashtirilgan;
kurashchilarning tezkor tashlashlari vaqtini o‘zgartirish hisobiga harakat tayyorgarligini rivojlantirish uchun saralangan vositalar, hujum (oldinga-orqaga va gavda bilan bajariladigan) harakatlari, himoyalanish (ushlash holatini o‘zgartirib, hujumga qarshi hujum qilib, vaqtni nazorat qilib) va qarshi hujum (raqibni hujum qilishini kutib unga qarshi harakat qilish, parter holatiga o‘tkazib qarshilik ko‘rsatish) usullari samaradorligini oshirishda qo‘llanadigan maxsus mashqlar shiddatining optimal nisbatlari (hujum, himoya va qarshi hujum ishonchliligi) ishlab chiqilgan;
yosh dzyudochilarning texnik harakatlarini bajarishda umurtqa pag‘onasi, bo‘yin, elka, tirsak, tos, tizza, to‘piq suyaklari (o‘nga-chapga bukilish, egilish, aylanish, siljish, yuqoriga-pastga harakatlanishi)ning minimal, maksimal burchak diapazon ko‘rsatkichlarini aniqlash hisobiga texnik usullarni bajarishdagi bo‘g‘im harakatlarining imkoniyatlari kengaytirilgan;
kurashchilar texnik (oyoqlar orasidan ko‘tarib tashlash, oyoqlar oldidan chalish va elkadan oshirib tashlash) usullarini bajarishda kinematik fazalar bo‘yicha burchak qiymati ko‘rsatkichlari (tos suyagining oldinga va orqaga vertikal, tizzalarning bukilishi va to‘piq suyaklarining pastga va yuqoriga burilish) 3D harakat tahlili texnologiyasidan foydalangan xolda tadqiq qilinib sportchilar oyoq uchining erga tegishi, og‘ish va tayanishning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash hisobiga texnik usullar modellashtirilgan;
erkin kurashchilarning elkalardan oshirib tashlash va yunon-rim kurashchilarning qo‘lni bo‘yinga o‘rab tashlash texnik usullarini bajarishda elka, tirsak, tos, tizza va to‘piq suyaklari o‘ng va chapga aylanishi, orqaga va avvalgi holatiga qaytishi, pastga va vertikal harakatlaridagi saggital o‘q bo‘ylab kinematik ko‘rsatkichlari asosida maksimal burchak tezligini aniqlash hisobiga harakat ko‘nikmalari takomillashtirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘quv-mashg‘ulot guruh yakkakurashchilarida harakat ko‘nikmalarini shakllantirishning biomexanik xususiyatlari bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida amaliyotga joriy etildi:
o‘quv-mashg‘ulot guruhida shug‘ullanuvchi yakkakurashchilarning mashg‘uloti mazmunida saralangan bo‘limlarni tizimlashtirish darajasi (YuQS va shiddat zonasi), belgilangan vaqt oralig‘ida jismoniy sifatlarni rivojlantirishning standart va intervalli aylanma trenirovka vositalarini saralash bo‘yicha taklif va tavsiyalar Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchilarining mashg‘ulotlari jarayoniga tadbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining 2023-yil 23-maydagi 04-01/04/20/5027-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh kurashchilarning kuch sifati 31,2-33,4%ga, chaqqonlik sifati 19,5-19,8%ga, egiluvchanlik sifati 11,6-12,5%ga, chidamlilik sifati 11-13%ga, yosh dzyudochilarning tezkor-kuch sifati 13,14%ga, tezlik sifati 10,9%ga, chaqqonlik sifati 9,2%ga, chidamlilik sifati 10,9%ga o‘sishiga erishilgan;
kurashchilarning tezkor tashlashlari vaqtini o‘zgartirish hisobiga harakat tayyorgarligini rivojlantirish uchun saralangan vositalar (aylanma mashg‘ulot jarayonida tashlash orqali) o‘zgartirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchilarining mashg‘ulotlari jarayoniga tadbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining 2023-yil 23-maydagi 04-01/04/20/5027-son ma’lumotnomasi). Natijada dzyudochilarning tezkor-kuch jismoniy sifati darajasini oshirishning samarali vositalarini o‘rganish metodikasiga asosan tezlik-kuch sifatlari: arqonga tirmashib chiqish 14,02 % ga, tumbaga sakrab chiqish 13,3 % ga, o‘z vaznining yarmiga teng og‘irlikdagi shtangani yotgan holda ko‘tarish 11,7 % ga, polga tayangan holda qo‘llarni bukib- yozish 15,3 % ga o‘sishiga, shtangani o‘ng va chap tomonga o‘tkazish 13,27 % ga, gavdani ko‘tarish 14,42 % ga, o‘z vaznining yarmiga teng og‘irlikdagi shtangani pastdan tortib ko‘tarish 11,79 % ga yaxshilangan;
yosh dzyudochilarning texnik harakatlarini bajarishda umurtqa pag‘onasi, bo‘yin, elka, tirsak, tos, tizza, to‘piq suyaklarining minimal, maksimal burchak diapazon ko‘rsatkichlari bo‘yicha taklif va tavsiyalar Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchilarining mashg‘ulotlari jarayoniga tadbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining 2023-yil 23-maydagi 04-01/04/20/5027-son ma’lumotnomasi). Yosh dzyudochilarning “de-ashi-baray” texnik harakatlari boshlang‘ich nuqtasida o‘ng qo‘l elka suyaklari sagittal o‘q bo‘ylab old tomonga -40° burchak ostida joylashgan, harakat davomida ushbu ko‘rsatkich -25° va 15° burchak osti oralig‘ida burilgan, chap qo‘l elka suyaklari esa sagittal o‘q bo‘ylab old tomonga 0° burchak ostida joylashgan, harakat davomida ushbu ko‘rsatkichning 162° va 162° burchak osti oralig‘ida bajarilishi aniqlangan;
kurashchilar texnik usullarini bajarishda kinematik fazalar bo‘yicha burchak qiymati ko‘rsatkichlari 3D harakat tahlili texnologiyasidan foydalangan xolda tadqiq qilinib sportchilar oyoq uchining erga tegishi, og‘ish va tayanishning o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchilarining mashg‘ulotlari jarayoniga tadbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining 2023-yil 23-maydagi 04-01/04/20/5027-son ma’lumotnomasi). Natijada 14 yoshli kurashchilarning oyoqlar oldidan chalish texnik usulining kinematik ko‘rsatkichlari tosning o‘ng tomoni (oldinga/orqaga) harakatida tegish o‘rtacha 11,45º ga, oyoq uchining erga tegishi o‘rtacha 19,14ºga, o‘rta bosqichda oyoqning og‘ishi o‘rtacha 19,43ºga va o‘rta bosqichda oyoqning tayanishida esa o‘rtacha ko‘rsatkich 20,45º ga burchak osti oralig‘i ko‘rinishda bo‘lishi kinematik asoslanib texnik usullarni bajarish modeli ishlab chiqilgan;
sport kurashlarida texnik usullarini bajarish jarayonida barcha bo‘g‘im suyaklarining vertikal, saggital va ko‘ndalang o‘q bo‘ylab harakatlanishining kinematik ko‘rsatkichlari yordamida maksimal burchak tezligini aniqlash bo‘yicha taklif va tavsiyalar Respublika olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi va Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi o‘quvchilarining mashg‘ulotlari jarayoniga tadbiq etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosati va sport vazirligining 2023-yil 23-maydagi 04-01/04/20/5027-son ma’lumotnomasi). Natijada 15-16 yoshli erkin kurashchilarning elkalardan oshirib tashlashda qo‘lni bo‘yinga o‘rab tashlash texnik harakatining boshlang‘ich nuqtasida o‘ng qo‘l elka suyaklari sagittal o‘q bo‘ylab old tomonga -19° burchak ostida joylashadi, harakat davomida ushbu ko‘rsatkich 69° va 89° burchak osti oralig‘ida buriladi, chap qo‘l elka suyaklari esa sagittal o‘q bo‘ylab old tomonga 51° burchak ostida joylashadi, harakat davomida ushbu ko‘rsatkichning 61° va 10° burchak osti oralig‘ida bo‘lishi aniqlangan.