Xolikova Nodira Djoxongirovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek jadid adabiyotida xotin-qizlar obrazining poetik takomili”, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (XX asr o‘zbek adabiyoti va hozirgi adabiy jarayon) (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.2.DSc/Fil229.
Ilmiy maslahatchi: Jabborov Nurboy Abdulhakimovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Karimov Bahodir Nurmetovich, filologiya fanlari doktori, professor; Afoqova Nodira Mahmudovna, filologiya fanlari doktori, professor; Yo‘ldoshev Normat Temirovich, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi o‘zbek jadid adabiyotida xotin-qizlar obrazining tadrijiy takomilini ochib berish, lirik, epik va dramatik asarlardagi obrazlar misolida ayol dunyoqarashi va faoliyatidagi o‘sish jarayoni badiiy talqinining evolyusion bosqichlarini aniqlash hamda ilmiy-nazariy asoslashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
xotin-qizlar obrazining genezisi va tadrijiy takomili Qur’oni karimda zikr etilgan Maryam, Oysha, Bilqis va Zulayxo singari ayollardan Xorazmiy, Sayyid Qosimiy, Alisher Navoiy asarlaridagi yor timsoligacha, Zahiriddin Boburning ulug‘ onasi Eson Davlatbegimdan jadid shoiru adiblar she’riy, nasriy va dramatik asarlaridagi personajlargacha evolyusion jarayonni o‘tagani asoslangan;
jadid she’riyatida xotin-qizlar obrazi ezgulik va qabohat, ma’rifat va jaholat, erk va istibdod o‘rtasidagi kurashni ifoda etgani, ayol mustamlaka iskanjasida qolgan Turkiston ramzi sifatida estetik ideal darajasiga yuksalgani, Vatan va millat taraqqiysi timsoli o‘laroq tasvirlangani ochib berilgan;
o‘zbek jadid nasri misolida xotin-qizlar obrazi ma’rifat va oriyat (“Yangi saodat”, Maryam), hayo va ibo (“O‘tkan kunlar”, Kumush), qat’iyat va jasorat (“Mehrobdan chayon”, Ra’no), sharqona andisha va xoksorlik (“Kecha va kunduz”, Zebi), mutelik va haqsizlik qurboni (Cho‘lpon hikoyalari, Sharofatxon va Gavharoy) timsoli sifatida davr, muhit hamda o‘zbek ayollari tabiatiga xos milliy xususiyatlarni aks ettirgani, o‘zbek qizlari xarakteri takomillashuvida muhim o‘rin tutgani dalillangan;
jadid dramalarida ayollar bosh obraz sifatida ijodkor konsepsiyasini ifodalagani, ijtimoiy-siyosiy muhit va bosh qahramonlar fojeiy qismati, diniy mutaassiblik va ayol baxti o‘rtasidagi ziddiyat fonida personaj ruhiyati va kechinmalari, iztiroblari-yu quvonchlari, o‘tkir farosati va zakosi dramatik tasvirlangani isbotlangan;
she’riyatda lirik, nasrda epik, sahna asarlarida esa dramatik tasvir vositasida ayol obrazi tasviri tadrijiy ravishda takomilga erishgani, milliy ruhiyatning realistik tasviri yetakchilik qilgani, o‘zbek va “Evropa ayoli” obrazlariga yuklangan estetik funksiya ijodkor badiiy niyatini aks ettirgani, xotin-qizlar obrazi tasvirida poetik nutqning mubolag‘a, metafora, qarg‘ish, kakofemizm va evfemizm singari turlari san’atkorona qo‘llangani aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek jadid adabiyotida xotin-qizlar obrazining poetik takomili tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
jadid she’riyati, nasri va dramalarida xotin-qizlar obrazi ijodkor konsepsiyasini ifodalagani, ma’rifat va oriyat (Maryam), hayo va ibo (Kumush), qat’iyat va jasorat (Ra’no), sharqona andisha va xoksorlik (Zebi), mutelik va haqsizlik qurboni (Sharofatxon va Gavharoy) sifatida davr, muhit hamda o‘zbek ayoli tabiatiga xos milliy xususiyatlarni aks ettirgani, mustamlaka iskanjasida qolgan Turkiston ramzi sifatida estetik ideal darajasiga yuksalgani, Vatan va millat taraqqiysi timsoli o‘laroq tasvirlanganiga doir xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030 – “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jidlik monografiyani (7 jild) chop etish” mavzusidagi fundamental loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 10-maydagi 04/1-1224-son ma’lumotnomasi). Natijada uch adabiy tur – lirik, epik va dramaktik asarlar misolida jadid adabiyotida xotin-qizlar obrazining genezisi va tadrijiy takomili, ayol obraziga yuklangan estetik vazifa, ijtimoiy-siyosiy muhit va bosh qahramonlar fojeiy qismati, erk va ozodlik g‘oyalarining badiiy ifodasiga doir tamoyillar ishlab chiqilishiga asos bo‘lgan;
xotin-qizlar obrazining genezisi va o‘zbek mumtoz adabiyotidagi badiiy tadriji Qur’oni karimda zikr etilgan Maryam, Oysha, Bilqis va Zulayxo singari ayollardan “Qisasi Rabg‘uziy”dagi personajlargacha, Xorazmiy “Muhabbatnoma”sidan Alisher Navoiy “Xamsa”sidagi obrazlargacha takomilga erishganiga oid ilmiy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2022-2023 yillarda bajarilgan “IL-52 tur-21091433” raqamli “O‘zbek milliy madaniyatiga xos atamalarga oid maqolalar bazasini yaratish” (Vikipediya elektron ensiklopediyasi mezonlari asosida)” nomli amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 10-maydagi 04/1-1223-son ma’lumotnomasi). Natijada Alisher Navoiy ijodidagi Shirin, Mehinbonu va Xadichabegim singari xotin-qizlar obrazini yaratishdagi ijodiy an’analar Bobur she’riyati, Sayyid Qosimiy “Ilohiynoma”si va jadid adabiyotida davom ettirilgani; jadid shoiru adiblar she’riy, nasriy va dramatik asarlaridagi xotin-qizlar obrazi qadimgi davr va Alisher Navoiy asarlaridan boshlab evolyusion jarayonni o‘tagani haqidagi ilmiy xulosalar elektron platforma materiallarining davr nuqtayi nazaridan xilma-xilligini ta’minlagan;
she’riyatda lirik, nasrda epik, sahna asarlarida esa dramatik tasvir vositasida ayol obrazi tasviri tadrijiy ravishda takomillasha borgani, milliy ruhiyatning realistik tasviriga erishilgani haqidagi ilmiy-nazariy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2021-2023 yillarda bajarilgan “PF-201912258 – “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 10-maydagi 04/1-1225-son ma’lumotnomasi). Natijada o‘zbek va “Evropa ayoli” obrazlariga yuklangan estetik funksiya ijodkor badiiy niyatini aks ettirib, estetik tafakkurni boyitganiga, xotin-qizlar obrazi tasvirida lingvopoetik nutqning mubolag‘a, metafora, qarg‘ish, kakofemizm va evfemizm kabi turlari san’atkorona qo‘llangani bilan bog‘liq fikrlar o‘zbek adabiyoti ko‘p tilli elektron platformasini yangi materiallar bilan boyitishga xizmat qilgan;
jadid she’riyatida xotin-qizlar obrazi evolyusiyasi, ayol Vatan va Millat ramzi sifatida estetik ideal darajasiga yuksalgani, jadid nasrida xotin-qizlar obrazi ma’rifat va oriyat (Maryam), hayo va ibo (Kumush), qat’iyat va jasorat (Ra’no), sharqona andisha va xoksorlik (Zebi), mutelik va haqsizlik qurboni (Sharofat, Gavharoy) timsoli sifatida davr, muhit hamda o‘zbek ayoli tabiatiga xos milliy xususiyatlarni aks ettirgani, shuningdek, jadid dramalarida ayollar bosh obraz sifatida ijodkor konsepsiyasini ifodalaganiga doir ilmiy natijalardan “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Mavzu”, “Tarixiy savol”, “Javohir” va “Taqdimot” ko‘rsatuvlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanalining 10.05.2024-yildagi 06-28-587-raqamli ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlar yangi ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan.