Umurzaqova Marhabo Egamberdievnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Badiiy matnda lisoniy shaxs voqelanishining sotsiopragmatik va lingvomadaniy aspekti”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/Fil625.
Ilmiy maslahatchi: Mahmudov Nizomiddin Mamadalievich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.19.01.
Rasmiy opponentlar: Muhamedova Saodat Xudoyberdievna, filologiya fanlari doktori, professor; Xayrullaev Xurshidjon Zaynievich, filologiya fanlari doktori, professor; Iskandarova Sharifa Madalievna, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Samarqand davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi badiiy matnlarda lisoniy shaxs voqelanishining sotsiopragmatik xususiyatlarini yoritish, semantik-stilistik, pragmatik belgilarini aniqlash, lingvomadaniy birliklarning lisoniy shaxs voqelanishida muhim ko‘rsatkich ekanligini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
adresantning til egasi hamda tildan foydalanuvchi sifatida kommunikativ muloqotga mos strategiya va taktikani tanlashi, pragmatik intensiyaga mos lisoniy vositalardan foydalanishi lisoniy kompetentlik bilan belgilanishi asoslangan;
o‘zbek tilidagi badiiy matnlarda muallif lisoniy shaxsi, uning badiiy matnda turli ijtimoiy maqom, rollar bilan bog‘liq holda hamda muayyan nutq vaziyati, muloqot sharoiti bilan uyg‘unlikda namoyon bo‘lishidagi o‘ziga xosliklar aniqlangan;
o‘zbek lingvomadaniyatiga xos belgilarning lisoniy shaxs nutqida aks etishi masalasi yoritilgan, olqishlar, qarg‘ishlar, o‘xshatishlar, presedent birliklarning lisoniy shaxs milliy-madaniy mansubligini, mental xususiyatlarini ko‘rsatishda asosiy vosita ekanligi isbotlangan;
muallif hamda personaj lisoniy shaxsining muhim belgilari ajratilgan, morfologik shakllarning, sintaktik birliklarning muallif lisoniy shaxsining voqelanishidagi ahamiyati ochib berilgan;
badiiy matnda lisoniy shaxs voqelanishida ijtimoiy omillar – oila, yosh, gender, dialektal, milliy mansublik, ijtimoiy maqomning ta’siri masalasi dalillangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilida lisoniy shaxsning sotsiopragmatik, lingvomadaniy tadqiqi natijalari asosida:
o‘zbek adabiyoti vakillarining tilning ifoda imkoniyatlaridan foydalanishi, badiiy asar tilining o‘ziga xosligini ta’minlovchi vositalar, badiiy tasvir vositalari, ijodkorning tildan foydalanish mahorati haqidagi qarashlardan, jadid adabiyoti vakillarining lisoniy shaxs sifatidagi o‘ziga xosligi, davrdagi ijtimoiy o‘zgarishlarning badiiy asar tilida aks etishi masalalariga doir xulosalaridan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2017-2020-yillarda bajarilgan OT-F1-030 “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyani (7-jild) chop etish” fundamental loyihada foydalanilgan (ToshDO‘TAUning 2024-yil 4-sentyabrdagi 4/1/-2248-son ma’lumotnomasi). Natijada monografiya Abdulla Qodiriy asarlari tilining o‘ziga xosligi, lisoniy shaxs voqelanishida ijtimoiy omillarning o‘rniga oid nazariy qarashlar hamda badiiy asarning til xususiyatlariga doir tahlillar bilan boyitilgan;
lisoniy shaxsning o‘ziga xos lingvomadaniy xususiyatlarini ochishda ramziy otlar, allyuziv nomlar, presedent birliklar muhim ko‘rsatkich bo‘lib, bunday birliklar obektlarni nomlashda qo‘l keladi, shu nomlarni qo‘llaydigan millat vakillariga tanish birliklar diqqatni jalb qilishda, assotsiatsiya uyg‘otishda rol o‘ynashiga oid ilmiy-nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2022-2023-yilda bajarilgan II-4721101717-raqamli “Xizmat ko‘rsatish obektlari milliy nomlari interaktiv elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazining 2024-yil 26-avgustdagi 1269-son ma’lumotnomasi). Natijada oʻzbek tilidagi nomlar bazasi mazmunan boyitilib, xizmat koʻrsatish obektlariga nom qoʻyishda badiiy asar qahramonlari nomlaridan foydalanish jarayonini engillashtirishga, til egalarining shu nom tashiydigan axborotni anglashiga imkon bergan;
badiiy matnda lisoniy shaxs voqelanishiga ta’sir etuvchi ijtimoiy omillar, xususan, yosh omili, gender omil, dialektal omillarning o‘rnini ko‘rsatuvchi lingvodidaktik materiallar: shevaga oid so‘zlar, gender xoslangan so‘z va iboralar, olqishlar, qarg‘ishlarning badiiy matnda qo‘llanilishi bilan bog‘liq tahlillar, elektron platformada muallif hamda personaj lisoniy shaxsining o‘ziga xosliklari, badiiy matnda turli tipdagi lisoniy shaxslarning voqelanishida turkiy tillar, xususan, tatar, qozoq, qirg‘iz tillariga mansub birliklarning o‘rni va ahamiyati masalasiga e’tibor qaratilgan, o‘zbek adabiyoti materiallari asosida lisoniy shaxs tiplari ajratilgan, o‘zga millat lisoniy shaxsidan farqli jihatlar haqidagi qarashlarga doir ilmiy xulosalardan Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida 2019-2022-yillarda bajarilgan PZ-2020042022 raqamli “Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish” mavzusidagi amaliy loyihada foydalanilgan (ToshDO‘TAUning 2024-yil 24-avgustdagi ma’lumotnomasi). Natijada o‘z fikrini erkin, aniq, mantiqli etkaza oladigan lisoniy shaxsni tarbiyalashda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan jihatlar ommalashtirilgan;
badiiy matnda muallif lisoniy shaxsining voqelanishi, lisoniy shaxs va yozuvchi uslubi masalasi, zamondosh kishilarning lisoniy shaxs sifatida badiiy asarda voqelanishi, o‘ziga xosliklari, individualligi masalasi, yondashuvlar haqidagi ilmiy ma’lumotlardan “O’zbekiston tarixi” telekanalining “Hamma uchun” ko’rsatuvi dasturini tayyorlashda foydalanilgan (O’zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O’zbekiston” teleradiokanalining 2024-yil 7-oktyabrdagi 06-28-943 raqamli ma’lumotnomasi). Natijada ko’rsatuvlar ilmiy-nazariy ma’lumotlar bilan boyitilgan.