Toshboev Furqat Eshboevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Qadimgi Ustrushona chorvadorlari tarixi va madaniyati”, 07.00.01 – O‘zbekiston tarixi, 07.00.06 – Arxeologiya (tarix fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.DSc/Tar351
Ilmiy maslahatchi: Sagdullaev Anatoliy Sagdullaevich, tarix fanlari doktori,  professor, akademik.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Jizzax davlat pedagogika universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti, DSc.03/30.12.2019.Tar.01.04.
Rasmiy opponentlar: Sulaymonov Rustam Xamidovich, tarix fanlari doktori, professor; G‘oyipov Bobir Sobirovich, tarix fanlari doktori, professor; Xushvaqtov Nabi Olimovich, tarix fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot nomi: Qarshi davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Qadimgi Ustrushona chorvadorlari tarixi va madaniyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qadimgi chorvador qabilalar tomonidan Ustrushona hududlarini o‘zlashtirilishi va chorvachilik xo‘jalik-madaniy tipning tarkib topishi, urug‘-qabila jamoalari va atrof muhitning o‘zaro ta’siri asosida antropogen landshaftning rivojlanish jihatlari ochib berilgan hamda aholi soni ko‘payishi oqibatida urug‘dosh jamoalarning yangi yaylovlarga ko‘chishi va chorvadorlar hududiy joylashish chegaralarining kengayib borishi holati yangi arxeologik ma’lumotlar va yodgorliklarning kartografiyasi orqali isbotlangan;
Ustrushona hududida chorvadorlar madaniyatiga oid qabrlar, bronza davrida tosh quti tuzilishida, antik davrda  – er osti (katakomba, ayvonli lahad, yorma va o‘ra qabrlar), ilk o‘rta asrlarga kelib er usti (tosh quti, tosh dahma, xum ostadon va nauslar) kabi dafn yodgorliklari ko‘rinishida bo‘lganligi, dafn marosimlarining davriy o‘zgarishi hamda aholi tarkibining etnogenetik yangilanishi jarayonlari Jelli g‘uli, Achchi, Baxmalsoy, Shirinsoy, Sag‘anoq, G‘ulbo, Bekkeldi, Qamish, Sayxonsoy, Chayonli, Pishag‘orsoy va Xatab mozor qo‘rg‘onlaridagi arxeologik va antropologik tadqiqotlar natijalari asosida aniqlangan;
qadimgi Ustrushona chorvadorlari kundalik hayotida chorvachilik xo‘jaligiga sharoit yaratib berish, yaylovlarni mavsumlar bo‘yicha taqsimlash, urug‘-qabila jamoalarining o‘zaro munosabatlarini tartibga solish, munozarali masalalarni hal qilish, e’tiqod marosimlari va urf- odatlarni ado etish, maxsus qurollangan otliq qo‘shinlarni tashkil qilish kabi vazifalarni katta patriarxal oila boshlig‘i, urug‘ oqsoqollari va qabila yo‘lboshchilarining ijtimoiy boshqaruv faoliyatiga asoslangan holda amalga oshirganligi masalalari dalillangan;
mil. avv. III asrning ikkinchi yarmi – mil. avv. II asrdan Ustrushona ko‘chmanchi qabilalar – saklar, dax(sarmat)lar, toxarlar va yuechjilar migratsiyalarining oraliq markaziga aylanishi, bu davrda turlicha etnomadaniy innovatsiyalarning namoyon bo‘lishi, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, mudofaa inshootlari va harbiy ishning takomillashib borishi kabi taraqqiyot jarayonlari Ustrushonaning Qang‘ siyosiy konfederatsiyasiga kirishi bilan belgilanganligi asoslangan;
chorvadorlarning e’tiqodlari va diniy mifologik qarashlari ajdodlar ruhiga topinish bilan bog‘liq animistik udumlar, totemizm, foydali o‘simliklar va tabiat hodisalari, olov va suvga sig‘inish, sehrgarlik (magiya) kabi turlicha ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi, Ustrushonada zardushtiylik va uning mahalliy marosimlariga xos odatlarning rivojlanganligi hamda diniy e’tiqodlarning jamoalarni birlashuviga xizmat qiluvchi ma’naviy jihatlari aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Qadimgi Ustrushona chorvadorlari tarixiga oid ishlab chiqilgan ilmiy xulosalar va takliflar asosida:
arxeologik tadqiqotlar orqali qo‘lga kiritilgan Ustrushona aholisining qadimgi davrdagi moddiy va ma’naviy hayotidan guvohlik beruvchi kulollik idishlari, uy ro‘zg‘or, zeb-ziynat va jang qurollariga oid ma’lumotlardan oliy o‘quv yurtlari talabalari uchun nashr etilgan “Muzeyshunoslik” darsligining (Toshkent: “Mahmud Az-Zamaxshariy” 2023) uchinchi va to‘rtinchi boblaridagi 7-11-mavzularni yanada boyitish va yoritishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim fan va innovatsiyalar vaziriligining 2023 yil 17-iyuldagi 314-son ma’lumotnomasi). Mazkur ma’lumotlar talabalarda mamlakatimiz tarixi va madaniyatini o‘rganishga qaratilgan ilmiy ko‘nikma va yondoshuvlar bo‘yicha malakaga ega bo‘lishga xizmat qilgan.
Qadimgi Ustrushona chorvadorlari kundalik hayotida chorvachilik xo‘jaligiga sharoit yaratib berish, yaylovlarni mavsumlar bo‘yicha taqsimlash, urug‘-qabila jamoalarining o‘zaro munosabatlarini tartibga solish, munozarali masalalarni hal qilish, e’tiqod marosimlari va urf- odatlarni ado etish, maxsus qurollangan otliq qo‘shinlarni tashkil qilish kabi vazifalarni katta patriarxal oila boshlig‘i, urug‘ oqsoqollari va qabila yo‘lboshchilari ijtimoiy boshqaruv faoliyatiga asoslangan holda amalga oshirganligini ochib berishda; mil. avv. III asrning ikkinchi yarmi – mil. avv. II asrdan Ustrushona ko‘chmanchi qabilalar – saklar, dax(sarmat)lar, toxarlar va yuechjilar migratsiyalarining oraliq markaziga aylanishi, bu davrda turlicha etnomadaniy innovatsiyalarning namoyon bo‘lishi, ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, mudofaa inshootlari va harbiy ishning takomillashib borishi kabi taraqqiyot jarayonlari Ustrushonaning Qang‘ siyosiy konfederatsiyasiga kirishi bilan belgilanganligi kabi masalalar bilan bog‘liq materiallardan respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazining 2022-2023-yilarda o‘tkazgan targ‘ibot faoliyatida, jumladan, ushbu markazning 2023-yil uchun chora-tadbirlari dasturining 8-bandida belgilangan vazifalarni bajarishda foydalanilgan (Respublika “Ma’naviyat va ma’rifat markazi” huzuridagi Ijtimoiy-ma’naviy tadqiqotlar instituti tomonidan 2024-yil 18-aprelda berilgan №142-son dalolatnoma). Ushbu ma’lumotlar aholi keng qatlami orasida xalqimizning qadimgi davrdagi mahkamachilik ishi va boshqaruv an’analariga oid bilimlarini oshirishga imkon bergan.
Qadimgi chorvador qabilalar tomonidan Ustrushona hududlarini o‘zlashtirilishi va chorvachilik xo‘jalik-madaniy tipning tarkib topishi, urug‘-qabila jamoalari va atrof muhitning o‘zaro ta’siri asosida antropogen landshaftning rivojlanish jihatlari ochib berilgan hamda aholi soni ko‘payishi oqibatida urug‘dosh jamoalarning yangi yaylovlarga ko‘chishi va chorvadorlar hududiy joylashish chegaralarining kengayib borishi holati yangi arxeologik ma’lumotlar va yodgorliklarning kartografiyasi orqali asoslanganligi haqidagi ma’lumotlardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining “Ochiq dars” ko‘rsatuvi ssenariysini yozishda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasi tomonidan 2024-yil 9-fevralda berilgan № 06-28-206 sonli ma’lumotnoma). Antropogen landshaft va xo‘jalik-madaniy tiplarga oid ma’lumotlar teletomoshabinlarga etkazilib, yoshlar tafakkkurida tarixiy ongning shakllanishiga xizmat qilgan.
Ustrushona hududida chorvadorlar madaniyatiga oid qabrlar bronza davrida tosh quti tuzilishida, antik davrda  – er osti (katakomba, ayvonli lahad, yorma, o‘ra shaklidagi qabrlar), ilk o‘rta asrlarga kelib er usti (tosh quti, tosh dahma, xum ostadon va nauslar) kabi dafn yodgorliklari ko‘rinishida bo‘lganligi, dafn marosimlari va e’tiqodlarning davriy o‘zgarishi hamda aholi tarkibining etnogenetik yangilanishi jarayonlariga oid arxeologik va antropologik tadqiqotlar asosida aniqlangan ma’lumotlardan Jizzax viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligining 2024-yil 5-fevralda berilgan 02-05/373-sonli ma’lumotnomasi). Mazkur ma’lumotlar va ko‘rgazma materiallar muzeyga tashrif buyurgan kishilar va ayniqsa, yoshlar orasida arxeologiya, antropologiya va etnologiya sohalaridagi bilimlarni oshirishga asos bo‘lgan.
Chorvadorlarning e’tiqodlari va diniy mifologik qarashlari ajdodlar ruhiga topinish bilan bog‘liq animistik udumlar, totemizm, foydali o‘simliklar va tabiat hodisalari, olov va suvga sig‘inish, sehrgarlik (magiya) kabi turlicha ko‘rinishlarda namoyon bo‘lishi, Ustrushonada zardushtiylik va uning mahalliy marosimlariga xos odatlarning rivojlanganligi hamda diniy e’tiqodlarning jamoalarni birlashuviga xizmat qiluvchi ma’naviy jihatlari haqida O‘zbekiston tarixi telekanalining “Etno” ko‘rsatuvida ma’lumotlar berilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasi tomonidan 2024-yil 12-fevralda berilgan № 01-30-211 sonli ma’lumotnoma). Ko‘rsatuvda qadimgi aholi diniy tasavvurlarining umuminsoniy qadriyatlarga mos turli xil e’tiqodlar bilan bog‘liq qarashlarning tomoshabinlarga etkazilishi ularning ongida dinlararo bag‘rikenglik tushunchalarining mustahkamlanishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish