Yakubov Zafar Latibjonovichning
dissertatsiya himoyasisiz seleksiya yutug‘i (ixtiro patenti) asosida falsafa doktori (PhD)
ilmiy darajasini berish bo‘yicha e’lon matni

I. Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Soyaning morfo-biologik xususiyatlariga qarab asosiy hamda takroriy qilib ekishga mos navlarini tanlash va yaratishning ilmiy asoslari”, 06.01.05–Seleksiya va urug‘chilik (qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.1.PhD/Qx843.
Ilmiy rahbar: Siddikov Ravshan Inomjonovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Ilmiy-tadqiqot ishi bajarilgan muassasa nomi: Don va dukkakli ekinlar ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/08.05.2024.Qx.42.02.
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtiroga patent olingan: soyaning “Gavhar” navi (NAP 487).
II. Tadqiqotning maqsadi yakka tanlash usluli orqali sug‘oriladigan tuproq sharoitida asosiy va takroriy ekin sifatida etishtirishga mos, ertapishar, serhosil, don tarkibida oqsil va moy miqdori yuqori bo‘lgan hamda mexanizatsiya usulida yig‘ishtirish talabiga javob beradigan Glysine hispida L. turiga mansub soya navini yaratishdan iborat.   
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor soyaning Glysine hispida L. turiga mansub turli davlatlardan olingan  14 ta kolleksiya nav namunasi o‘rganilgan va Rossiyaning K-66 namunasidan xo‘jalik uchun qimmatli belgilarning ijobiy majmuasiga ega oilalarni ajratib olish mumkinligi isbotlangan;
kolleksiya ko‘chatzoridagi namunalardan tanlangan oilalarda xo‘jalik uchun qimmatli belgilarining turlicha namoyon bo‘lishi navning mutabillik xususiyatiga bog‘liq ravishda biotiplarning shakllanganligi bilan bog‘liq ekanligi aniqlangan;
alohida ajralgan o‘simlik oilalari orasidan yakka tanlov usulida ertapishar, hosildor, donining tarkibida oqsil va moy miqdori yuqori hamda boshqa xo‘jalik qimmatli belgilarning ijobiy majmuiga ega bo‘lgan “Gavhar” soya navi yaratilgan;
“Gavhar” soya navining boshqa navlardan xo‘jalik uchun qimmatli belgilar majmuasi bo‘yicha farqlanishi, bir xilligi, barqarorligi hamda yangiligi tasdiqlangan holda Intellektual mulk agentligi tomonidan NAP 487 raqamli patent olingan va navning birlamchi urug‘chiligi yo‘lga qo‘yilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Yakka tanlash usluli orqali soyaning Glysine hispida L. turiga mansub ertapishar, hosildor, oqsil va moy miqdori yuqori bo‘lgan soya navini yaratish bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar asosida:
soyaning yangi yaratilgan “Gavhar” naviga Intellektual mulk agentligining seleksiya yutug‘iga NAP 487 raqamli patenti olingan hamda ushbu nav 2019-2021 yil raqobatli nav sinovlari hamda ekspert komissiyasi xulosasiga asosan Respublika bo‘yicha ekish uchun qishloq xo‘jaligi ekinlari davlat davlat reestriga kiritilgan va joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining  2024 yil 11 noyabrdagi № 05/05-03-361-sonli ma’lumotnomasi).  Natijada, yuqori hosilli, oqsil, moy miqdori yuqori bo‘lgan “Gavhar” navi Farg‘ona, Andijon, Namangan Sirdaryo viloyatlar bo‘yicha sinovdan o‘tib, o‘rtacha 4,0-4,1 sentner (11,6-12,1 foiz) qo‘shimcha hosil olish imkonini bergan;
“Gavhar” navi 2024 yilda Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanida 4,7 gektar, Furqat tumanida 9,8 gektar maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining  2024 yil 11 noyabrdagi № 05/05-03-361-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, olingan hosildorlik o‘rtacha 29,0 sentnergacha bo‘lib, yuqori va sifatli don hosili etishtirilgan, viloyatda ekib kelinayotgan ertapishar soya navlariga nisbatan 4,1 s/ga yuqori hosildorlikka erishilib, rentabellik 62,5 % ni tashkil etgan;
“Gavhar” navi Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida 15,0 gektar maydonda joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar milliy markazining  2024 yil 11 noyabrdagi № 05/05-03-361-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, gektaridan o‘rtacha 28,0 sentnergacha yuqori hosil olingan, viloyatda ekib kelinayotgan ertapishar soya navlariga nisbatan 4,1 s/ga yuqori hosildorlikka erishish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish