Islomqulova Shohsanam Vahobjon qizi
falsafa doktori (PhD) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Vrachning kasbiy javobgarligini sug‘urta qilishni fuqarolik-huquqiy tartibga solish”, 12.00.03 – Fuqarolik huquqi. Tadbirkorlik huquqi. Oila huquqi. Xalqaro xususiy huquq (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/Yu1144.
Ilmiy rahbar: Imomov Nurillo Fayzulloevich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/30.12.2019.Yu.22.01.
Rasmiy opponentlar: Hamroqulov Bahodir Mamasharipovich, yuridik fanlar doktori, professor; Xamraqulov Shavkatjon Salimovich, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi O‘zbekistonda vrachning kasbiy javobgarligini sug‘urta qilishni fuqarolik-huquqiy tartibga solish bilan bog‘liq ilmiy-nazariy va amaliy muammolarni aniqlash hamda qonunchilikni takomillashtirishga doir taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
O‘zbekiston Respublikasi Aholi sog‘lig‘ini saqlash kodeksi loyihasiga tibbiy faoliyat, tibbiy xato, tibbiyot xodimlarining kasbiy javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi kabi tushunchalarni kiritish zarurati asoslangan;
O‘zbekiston Respublikasi Aholi sog‘lig‘ini saqlash kodeksi loyihasiga bemorning hayoti va sog‘lig‘iga e’tiborsizlik yoki ehtiyosizlik munosabati bilan tibbiy xodim tomonidan zarar etkazganlik uchun tibbiyot xodimlarining kasbiy javobgarligini majburiy sug‘urtalash kerakligi haqidagi qoidani kiritish zarurati asoslangan;
nodavlat tibbiyot tashkilotlarining lisenziya talablari hamda shartlari bajarilishi monitoringini yuritish uchun barcha nodavlat tibbiyot tashkilotlarini maxsus axborot tizimiga ulash tartibini yo‘lga qo‘yish zarurati asoslangan;
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini lisenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomda tibbiy xatolarning oldini olish maqsadida tibbiy faoliyatni amalga oshirishda rioya qilish lozim bo‘lgan tartib-qoidalarni mustahkamlash zarurati asoslangan;
nogironlikni aniqlashda tibbiy-ijtimoiy ekspertizaning rolini kuchaytirish, shuningdek, vrachning tibbiy xatosi oqibatida bemorlarda kelib chiqadigan nogironlikni tekshirishda tibbiy-ijtimoiy ekspertizaning ahamiyatini oshirish zarurati asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Tadqiqot ishi bo‘yicha olingan ilmiy natijalardan quyidagilarda foydalanilgan:
tibbiy faoliyat, tibbiy xato, tibbiyot xodimlarining kasbiy javobgarligini majburiy sug‘urta qilish shartnomasi kabi tushunchalarga bergan ta’riflari bo‘yicha takliflari Aholi sog‘lig‘ini saqlash kodeksi loyihasining 4-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024-yil 9-oktyabrdagi 05-19/23177-son dalolatnomasi). Mazkur taklif O‘zbekiston Respublikasi Aholi sog‘lig‘ini saqlash kodeksi loyihasini tibbiy faoliyatga oid asosiy tushunchalar bilan to‘ldirishga xizmat qilgan;
bemorning hayoti va sog‘lig‘iga e’tiborsizlik yoki ehtiyosizlik munosabati bilan tibbiy xodim tomonidan zarar etkazganlik uchun tibbiyot xodimlarining kasbiy javobgarligini majburiy sug‘urtalash kerakligi haqidagi takliflari Aholi sog‘lig‘ini saqlash kodeksi loyihasining 187-moddasini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024-yil 9-oktyabrdagi 05-19/23177-son dalolatnomasi). Mazkur taklif O‘zbekiston Respublikasi Aholi sog‘lig‘ini saqlash kodeksi loyihasida tibbiyot xodimlarining huquqiy maqomi va huquqlarini belgilash uchun xizmat qilgan;
nodavlat tibbiyot tashkilotlarining lisenziya talablari hamda shartlari bajarilishi monitoringini yuritish uchun barcha nodavlat tibbiyot tashkilotlarini Sog‘liqni saqlash vazirligining maxsus axborot tizimiga ulash va ushbu maxsus axborot tizimi orqali nodavlat tibbiyot tashkilotining xodimlari, tibbiy texnikasi, xizmat turlari, tibbiy statistika va boshqa hisobotlari monitoringini yuritish, tibbiy faoliyatni nazorat qilishda “xavfni tahlil qilish” tizimini yo‘lga qo‘yish haqidagi takliflaridan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 20-iyundagi PQ-197-sonli “Ma’muriy islohotlar doirasida sog‘liqni saqlash sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorining 5-bandini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 2024-yil 9-oktyabrdagi 05-19/23177-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi nodavlat tibbiyot tashkilotlarining lisenziya talablariga rioya qilishi yuzasidan monitoringni kuchaytirish va ular tomonidan yo‘l qo‘yiladigan tibbiy xatolarning oldini olishda huquqiy mexanizmlarni yaratishga xizmat qilgan;
tibbiy faoliyatni amalga oshirishda sanitariya qoidalari, me’yorlari va gigienik normativlarga rioya qilish; lisenziyalovchi organ tomonidan tasdiqlangan va (yoki) xalqaro tibbiy amaliyotda sinovdan o‘tgan profilaktika usullari, diagnostika va davolash standartlariga rioya qilish haqidagi takliflaridan Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-fevraldagi 80-son qarori bilan tasdiqlangan Maxsus elektron tizim orqali ayrim faoliyat turlarini lisenziyalash tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomga 27-ilovasi (tibbiy faoliyatni lisenziyalash pasporti)ni ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyatining Axborot-tahlil va yuridik ta’minlash departamentining 2024-yil 26-iyuldagi 15-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi tibbiy xizmatni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subektlari tomonidan lisenziyani olish uchun taqdim qilinadigan hujjatlarga qo‘yiladigan talablarning hamda tibbiyot xodimlari tomonidan tibbiy faoliyatni amalga oshirishning talab va shartlarining huquqiy asoslarini belgilashga xizmat qilgan;
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi Qonunining 37-moddasini tekshiruvdan o‘tkazilayotgan shaxsning klinik-funksional, ijtimoiy, kasbiy-mehnat va psixologik ma’lumotlarini kompleks baholash asosida uning sog‘lig‘i yo‘qolganligi darajasini hamda organizmining funksiyalari turg‘un buzilganligi sababli hayot faoliyati cheklanganligi darajasini, nogironlik guruhini, nogironlikning boshlanishi sababi hamda vaqtini aniqlash, shuningdek shaxs uchun sog‘lig‘ining holatiga ko‘ra mumkin bo‘lgan mehnat faoliyati turlari va zarur mehnat sharoitlari, o‘zgalarning parvarishiga, sanatoriy-kurortda davolanishning tegishli turlariga hamda ijtimoiy himoyaga bo‘lgan ehtiyoji to‘g‘risida tavsiyalar berish tibbiy-ijtimoiy ekspertizadir, - degan shaklda tahrir qilish haqidagi taklifidan “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy-ijtimoiy xizmatlar tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining 2022-yil 17-maydagi O‘RQ-770-son Qonunini ishlab chiqishda foydanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik Palatasi huzuridagi Parlament tadqiqotlari institutining 2024-yil 21-avgustdagi 3/08-149-son dalolatnomasi). Ushbu taklifning joriy etilishi nogironligi bo‘lgan shaxslarni tibbiy-ijtimoiy ekspertizadan o‘tkazishning huquqiy asoslarini belgilashda xizmat qilgan.