Asqarov Dilmurod Mo‘sajon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): Amiriy va Qo‘qon adabiy muhiti muxammasnavislik an’anasi, 10.00.02 – O‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.2.PhD/Fil2428.
Ilmiy rahbarning familiyasi, ismi, sharifi, ilmiy darajasi va unvoni: Asadov Maqsud Husenovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti, DSc.02/30.12.2019.Fil.46.01.
Rasmiy opponentlar: G‘ayipov Dilshod Qadambaevich, filologiya fanlari doktori, professor; Boltaeva Gulchehra Shokirovna, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Amiriy va o‘zbek adabiyoti, xususan, Qo‘qon adabiy muhiti vakillari ijodida muxammas janri namunalarining g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini adabiy ta’sir, an’ana va o‘ziga xoslik tamoyillari asosida atroflicha ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
Amiriy va Qo‘qon adabiy muhiti vakillari, xususan, Uvaysiy, Nodira, Xon, Muqimiy, Furqat, Yoriy, Dilshodi Barno, Anbar otin, Firoqiy, Rojiy muxammaslarining mavzu ko‘lami, ma’no qamrovi, obrazlar tizimi, lirik qahramon xarakteri kabi g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari ochib berilgan;
Amiriy muxammaslarining musajja’, tarje’ kompozision usullarini qo‘llash bilan bog‘liq uslubiy imkoniyatlari, talmeh, tazod, tashbeh, ruju’, tashxis kabi poetik san’atlarni ishlatishga doir badiiy o‘ziga xosligi boshqa ijodkorlarga ergashib yozilgan, ya’ni taxmis va mustaqil tarzda yaratilgan tab’i xud muxammaslari asosida isbotlangan;
Amiriy va Feruz muxammaslaridagi oshiq, ma’shuqa, raqib, rind, orif, soqiy, faqir kabi obrazlar talqinidagi o‘zaro o‘xshashlik, shoirlarning Alisher Navoiy, Lutfiy, Fuzuliy singari salaflari ijodidan samarali ta’sirlangani va muxammaslar ichki strukturasida shakl hamda mazmunning mutanosibligi dalillangan;
XVIII-XIX asrlar o‘zbek mumtoz she’riyatida yaratilgan muxammaslarning marsiya-muxammas, sayohatnoma-muxammas, mushaira-muxammas, madhiya-muxammas kabi janr xususiyatlari, ifoda, obraz, lirik qahramon xarakteri kabi mushtarak va mavzu, ma’no, badiiy tasvir singari farqli jihatlari Amiriyning Qo‘qon hamda Xorazm adabiy muhiti vakillari, jumladan, Ogahiy, Tabibiy, Rojiy Xorazmiy, Niyoziy ijodiga adabiy ta’siri orqali ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Amriy va Qo‘qon adabiy muhitida muxammasnavislik an’anasi” mavzusi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
Amiriy va Qo‘qon adabiy muhiti vakillari, xususan, Uvaysiy, Nodira, Xon, Muqimiy, Furqat, Yoriy, Dilshodi Barno, Anbar otin, Firoqiy, Rojiy muxammaslarining mavzu ko‘lami, ma’no qamrovi, obrazlar tizimi, lirik qahramon xarakteri kabi g‘oyaviy-badiiy xususiyatlari ochib berilgani haqidagi ilmiy-nazariy xulosalardan O‘zR FA O‘zbek tili, adabiyoti va folklori institutida amalga oshirilgan OT-F1-77 “O‘zbek adabiyoti durdonalari 100 jildligini nashrga tayyorlash” (2017–2020) fundamental ilmiy loyihasini bajarishda foydalanilgan (Fanlar akademiyasining 2023-yil 5-apreldagi 3/1255-710-son ma’lumotnomasi). Natijada mumtoz ijodkorlar lirikasida uchraydigan “musammat”, “muxammas”, “adabiy an’ana”, “o‘ziga xoslik” tushunchalari tahlil qilinib, mazkur atamalarning lug‘aviy ma’nosi; muxammas adabiy shaklining taraqqiyot tamoyillari, muxammas shakli orqali yuzaga chiqayotgan g‘oyaviy-badiiy xususiyatlarini ifodalashda qo‘llanilgan tazod, tashxis, tashbih, talmeh, irsoli masal kabi she’riy san’atlarning roli kabi masalalar ilmiy dalillar asosida ochib berilgan;
Amiriy muxammaslarining musajja’, tarje’ kompozision usullarini qo‘llash bilan bog‘liq uslubiy imkoniyatlari, talmeh, tazod, tashbeh, ruju’, tashxis kabi poetik san’atlarni ishlatishga doir badiiy o‘ziga xosligi boshqa ijodkorlarga ergashib yozilgan, ya’ni taxmis va mustaqil tarzda yaratilgan ta’bi xud muxammaslari asosida isbotlangani bilan bog‘liq xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan PF-201912258 “O‘zbek adabiyotining ko‘p tilli (o‘zbek, rus, ingliz tillarida) elektron platformasini yaratish” (2021–2024) fundamental ilmiy loyihasini bajarishda foydalanilgan (Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 6-iyundagi 01/6-1467-son ma’lumotnomasi). Natijada Amiriy va Feruz muxammaslari obrazlar talqinidagi an’anaviylik, salaflari ijodidan samarali ta’sirlanganligi, muxammaslar ichki strukturasida shakl va mazmunning mutanosibligi hamda asar g‘oyasi bilan uyg‘unlikdagi o‘ziga xosligi kabi masalalar ilmiy dalillar asosida yuzaga chiqarilgan;
Amiriy va Feruz muxammaslaridagi oshiq, ma’shuqa, raqib, rind, orif, soqiy, faqir kabi obrazlar talqinidagi o‘zaro o‘xshashlik, shoirlarning Alisher Navoiy, Lutfiy, Fuzuliy singari salaflari ijodidan samarali ta’sirlangani va muxammaslar ichki strukturasida shakl hamda mazmunning mutanosibligi dalillanganiga doir xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining adabiy tanqid kengashi hisobot yig‘ilishlarida, Amiriy tavalludining 110 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirlarda, yosh ijodkorlar to‘garagi, mahorat darslarida foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2024-yil 11-martdagi 01-03/279-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh ijodkorlarda adabiyot nazariyasi, adabiy tur va janrlar yuzasidan bilim va ko‘nikmalar hosil qilingan;
XVIII-XIX asrlar o‘zbek mumtoz she’riyatida yaratilgan muxammaslarning marsiya-muxammas, sayohatnoma-muxammas, mushaira-muxammas, madhiya-muxammas kabi janr xususiyatlari, ifoda, obraz, lirik qahramon xarakteri kabi mushtarak va mavzu, ma’no, badiiy tasvir singari farqli jihatlari Amiriyning Qo‘qon hamda Xorazm adabiy muhiti vakillari, jumladan, Ogahiy, Tabibiy, Rojiy Xorazmiy, Niyoziy ijodiga adabiy ta’siri orqali ochib berilganiga oid xulosalardan “O‘zbekiston” teleradiokanali DM tomonidan tayyorlangan “Gʻazal bo‘stoni”, “Ta’lim va taraqqiyot” nomli dasturlarning ssenariylarida 2022–2023-yil hamda 2024-yil yanvar, fevral oylari sonlarida foydalanilgan (O‘zbekiston” teleradiokanali” DMning 2024-yil 6-martdagi 04-36-342-son ma’lumotnomasi). Natijada Amiriy, Feruz, Nodira, Uvaysiy, Xon, Muqimiy, Furqat, Yoriy ijodidagi o‘rni va mumtoz an’analar doirasida qilingan tahlillar radiotinglovchilar uchun muhim ahamiyat kasb etishiga erishilgan.