Berdiyarov Shuxrat Namazboevichning
fandoktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Huquqiy faoliyatda yuridik texnikani qo‘llashning metodologik asoslarini takomillashtirish», 12.00.01–Davlat va huquq nazariyasi va tarixi. Huquqiy ta’limotlar tarixi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2017.3.Dsc/Yu52.
Ilmiy rahbar: Tul`teev Il`yas Tavasovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasi, DSc.27.06.2017.Yu.23.01.
Rasmiy opponentlar: Azizov Nig‘monjon Pardaevich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Tulyaganov Abdumannop Abdujabbarovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Karimova Dilafruz Ravshanovna, yuridik fanlar doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy va nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: huquqiy faoliyatda yuridik texnikani qo‘llashning metodologik asoslarini takomillashtirish bo‘yicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qonun hujjatlarining tuzilishi va yuridik konstruksiyasini ishlab chiqishning zamonaviy yuridik-texnik qoidalari, vositalari, prinsiplari va usullari asoslantirilgan;
qonun loyihalarining konsepsiyasida qonunning amal qilish doirasi, rivojlangan xorijiy davlatlarning shu sohadagi tajribasi, amaldagi xalqaro huquq prinsiplariga mosligi, huquqshunos olimlar va mutaxassislar bergan takliflar sharhi bo‘lishi zarurligi ilmiy asoslantirilgan;
qonun hujjatlarini unifikatsiyalash, ulardagi havolaki norma va muqobil shartlarni qisqartirgan holda qonun hujjatining o‘zida ijro mexanizmlarini belgilash, huquq, majburiyat, vazifa va vakolatlarning chegaralari, umumist’emoldagi va maxsus atamalarni normativ-huquqiy hujjatning turiga qarab ishlatish asoslantirilgan;
«yuridik texnika» va «qonunchilik texnikasi» tushunchalari normativ-huquqiy hujjatlarda bir ma’noda qo‘llanilayotganligi va «yuridik texnika» tushunchasi «qonunchilik texnikasi»ga nisbatan kengroq tushuncha ekanligi asoslantirilgan;
yuridik xizmat xodimlarining normativ-huquqiy hujjatlarning loyihalarini huquqiy ekspertizadan o‘tkazishda xolis va mustaqil bo‘lishi uchun sharoit yaratish orqali qonun ustuvorligini ta’minlash asoslantirilgan;
ichki idoraviy hujjatning tushunchasi, ijtimoiy munosabatlarni tartibga solish doirasi hamda normativ-huquqiy va huquqni qo‘llash hujjatlaridan farqli jihatlari asoslantirilgan;
konstitutsiyaviy huquqiy normalarning ustunligini ta’minlash maqsadida imtiyoz va cheklovlar faqat qonunlarda belgilanishi zarurligi asoslantirilgan;
ijtimoiy, siyosiy, texnik, diniy va huquqiy normalarning farqli jihatlari hamda jamiyatda ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi ahamiyati asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Huquqiy faoliyatda yuridik texnikani qo‘llashning metodologik asoslarini takomillashtirish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
taklif etilgan zamonaviy yuridik texnikaning talablari asosida «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunning yuridik konstruksiyasi, undagi huquq va majburiyatlarning to‘g‘ri joylashuvi ta’minlanishida qonun loyihasini tayyorlash bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi ekspertlar guruhi tomonidan inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining 2016 yil 7 iyundagi 33/943-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunning yuridik texnika talablari asosida mukammal bo‘lishiga xizmat qilgan;
huquqiy faoliyatda yuridik texnikani qo‘llashga oid xulosalar O‘zbekiston Respublikasi «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunning konsepsiyasi va tuzilishi (strukturasi)ning ishlab chiqilishida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2016 yil 4 oktyabrdagi 01-1/785-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish «Ichki ishlar organlari to‘g‘risida»gi qonunning loyihasini tayyorlash va uni asoslantirishga xizmat qilgan;
qonun hujjatlarining o‘zaro muvofiqligini ta’minlashning metodologiyasiga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi tomonidan 20 ta qonunga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishni nazarda tutgan «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi (QL–325-son) Qonuni loyihasini tayyorlashda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining 2018 yil 9 martdagi 06/2-02/2-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish qonunchilikdagi bo‘shliqlarni to‘ldirish va qonun hujjatlarining o‘zaro muvofiqligini ta’minlashga xizmat qilgan;
normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining buyrug‘i bilan tasdiqlangan Davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritiladigan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlash, yuridik-texnik jihatdan rasmiylashtirish va huquqiy ekspertizadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi uslubiy ko‘rsatmalarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish hamda uni takomillashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2016 yil 13 dekabrdagi 3/22-3566/1-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish uslubiy ko‘rsatmalarning takomillashuviga xizmat qilgan;
yuridik xizmatlarning normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish bilan bog‘liq vazifa va funksiyalarini takomillashtirishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi «Yuridik ta’minlash va murojaatlar bilan ishlash boshqarmasi to‘g‘risida»gi nizom loyihasini tayyorlashda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 2018 yil 25 apreldagi 15/25-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish Milliy gvardiya yuridik xizmatlarining normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqish faoliyatini takomillashtirishga hissa qo‘shgan;
ichki idoraviy hujjatlarni tayyorlashning qoidalarini takomillashtirishga oid takliflar O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasida Ichki idoraviy hujjatlarni tayyorlashning qoidalarini ishlab chiqishda inobatga olingan (O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining 2018 yil 12 oktyabrdagi 5337-son ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalardan foydalanish ichki idoraviy hujjatlarni yuridik texnika talablari asosida ishlab chiqishning qoidalarini takomillashtirgan;
huquqiy faoliyatning konstitutsiyaviy huquqiy munosabatlardagi ahamiyatiga oid xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan vazirlik oliy ta’lim muassasalari uchun tavsiya qilingan o‘zbek va rus tilidagi «Konstitutsiyaviy huquq» (2014) darsligining tegishli boblarida o‘z aksini topgan (2014 yil 15 avgust, 2-son). Ilmiy natijalardan foydalanish imtiyoz va cheklovlarning faqat qonunlarda belgilanishi zarurligini asoslashga va konstitutsiyaviy huquqiy normalarning huquqiy faoliyatda qo‘llanilishining metodologik asoslarini yoritishga hissa qo‘shgan;
huquqiy faoliyat, huquqiy tizim va huquq ijodkorligining mazmun-mohiyatiga oid xulosalar O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan vazirlik ta’lim muassasalari uchun tavsiya qilingan «Yuridik tayyorgarlik» (2016) darsligining tegishli bo‘limlarida o‘z aksini topgan (2014 yil 14 noyabr`, 4-son). Ilmiy natijalardan foydalanish huquqiy faoliyatda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan «huquqiy munosabat», «huquq ijodkorligi» va «huquqni amalga oshirish» kabi tushunchalarning mazun-mohiyatini hamda ijtimoiy, siyosiy, texnik, diniy va huquqiy huquqiy normalarning farqli jihatlarini chuqurroq yoritishga xizmat qilgan.