Hayitova Mahbuba Safarovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Irrigatsiya eroziyasiga moyil tuproqlar sharoitida g‘o‘zaning sug‘orish texnikasi elementlarini takomillashtirish (Toshkent viloyati misolida)”.
06.01.02 - “Melioratsiya va sug‘orma dehqonchilik” (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/T4794.
Ilmiy rahbarning F.I.Sh., ilmiy darajasi va unvoni:
Matyakubov Baxtiyar Shamuratovich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “TIQXMMI” Milliy tadqiqot universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi PhD.04/30.04.2021.T.111.04 raqamli Ilmiy kengash asosida tashkil etilgan bir martalik Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, dotsent Axmedjonov Dilmurod G‘ulomovich; qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori, katta ilmiy xodim Raxmonov Raxmatullo Umaralievich.
Yetakchi tashkilot - Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent viloyatining irrigatsiya eroziyasiga moyil tuproqlari sharoitida egat tubini zichlash qurilmasini qo’llash orqali g‘o‘zani egatlab sug‘orishda sug‘orish texnikasi elementlarini takomillashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
g‘o‘zaning “Sulton” navini sug‘orishda egat tubini o‘zgaruvchan zichlash qurilmasidan foydalanib, egat uzunligi bo‘yicha hisobiy qatlamning bir xilda namlanish koeffisienti-tipik bo‘z o‘rta qumoq tuproqlar sharoitini inobatga olib, yuqori bo‘lishi asoslangan;
egat tubini o‘zgaruvchan zichlash qurilmasidan foydalangan holda, tipik bo‘z o‘rta qumoq tuproqlar sharoitini inobatga olib, sug‘orish suvining mahsuldorligi 25 foizgacha yuqori bo‘lishi asoslangan;
g‘o‘zaning suvga bo‘lgan talabini inobatga olib, sug‘orishni boshqarish usuli, er ustidan sug‘orish texnikasi va texnologiyasi elementlari takomillashtirilgan;
texnologiyaning irrigatsiya eroziyasiga ta’sirini inobatga olib, BMTning Butunjahon oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi dasturi (FAO) uslubiyatiga muvofiq, sug‘orish tartibi ishlab chiqilgan hamda sug‘orish texnikasi elementlari mazkur sharoitga asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Egat tubini o‘zgaruvchan zichlash qurilmasini qo‘llash samaradorligini aniqlash bo‘yicha olib borilgan tadqiqotlar natijalari asosida:
egat uzunligi bo‘yicha o‘zgaruvchan zichlash qurilmasidan foydalanilgan holda tuproq yuvilishini kamaytirish va sug‘orish texnikasi elementlarini takomillashtirish bo‘yicha xulosalar va tavsiya berilgan. G‘o‘zani sug‘orishda o‘rta mexanik tarkibli va hududning nishabligini hisobga olgan holda sug‘orish texnikasi elementlari takomillashtirilgan, ya’ni nishablik 0,001 bo‘lganda: egatlar orasidagi masofa 60 sm, egat uzunligi 50 m. va egatga beriladigan suv sarfi 0,25 l/s; nishablik 0,030 bo‘lganda mos ravishda: 60 sm; 50 m; 0,1 l/s; hamda nishablik 0,002 bo‘lganda: 60 sm; 50 m; 0,2 l/s tavsiya qilingan. Texnologiyani qo‘llash natijasida tuproq yuvilishi 4,5-6,5 t/ga kam bo‘lgan, jumladan, nishabligi 0,001 bo‘lgan hududda g‘o‘zani an’anaviy usul bilan sug‘orilganda 20,1 t/ga tuproq yuvilgan bo‘lsa, egat tubini o‘zgaruvchan zichlash qurilmasidan foydalanilganda 13,6 tonna tuproq yuvilgan. Natijada 6,5 t/ga kam tuproq yuvilganligi aniqlangan. Nishabligi 0,030 bo‘lgan hududda g‘o‘zani an’anaviy usul bilan sug‘orilganda 29,4 t/ga tuproq yuvilgan bo‘lsa, egat tubi o‘zgaruvchan zichlanganda 24,9 tonna tuproq yuvilgan. Taqqosiy natijalarga ko‘ra 4,5 t/ga kam tuproq yuvilgan.
Nishabligi 0,002 bo‘lgan hamda yuqoridan tuproq yuvilib tushgan hududda g‘o‘zani an’anaviy usul bilan sug‘orilganda 18,7 t/ga tuproq yuvilganligi kuzatildi. Texnologiya qo‘llanilishi natijasida 14,1 t/ga tuproq yuvilganligi aniqlanib, 4,6 t/ga kam tuproq yuvilgan. Egat uzunligi bo‘yicha hisobiy qatlamning namlanish koeffisienti 0,76-0,85, vegetatsiya davrida tuproqning yuvilishi 15-35 % ga kamaygan hamda o‘rtacha 400 m3/ga suv iqtisod qilingan. Paxtadan olingan hosildorlik 32,2 - 43,1 s/ga, an’anaviy sug‘orish usuliga nisbatan qo‘shimcha 3,8-6,0 s/ga atrofida paxta hosili olingan bo‘lib, rentabellik darajasi 25-35 foizni tashkil qilgan. Egat tubini o‘zgaruvchan zichlash qurilmasini qo‘llash “Bo‘z-suv” irrigatsiya tizimi boshqarmasi suv etkazib beradigan suv iste’molchilarining hamda Toshkent viloyati, Quyi Chirchiq tumani “TCT Agro Cluster” MChJ ning g‘o‘za etishtiriladigan relefi notekis maydonida joriy etilgan (Suv xo‘jaligi vazirligining 2024-yil 12-iyundagi 03/17-2114-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalarini paxtachilikga ixtisoslashgan klaster va fermer xo‘jaliklarida irrigatsiya eroziyasiga moyil bo‘lgan tuproqlar sharoitida suvdan samarali foydalanishda, tuproq unumdorligini saqlashda hamda paxtadan yuqori hosil olishda sug‘orish texnikasi elementlarini to‘g‘ri belgilashda keng ko‘lamda qo‘llashga erishilgan.