Rixsiev Abror Zikirovichga
patentlar majmuasi asosida Dissertasiya himoyasisiz ixtiro patentlari asosida texnika fanlari doktori (DSc) ilmiy darajasini berish bo‘yicha
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Texnesiy-99m radionuklidi asosida Radiofarmatsevtik to‘plamlarni olish texnologiyalarni ishlab chiqish va ishlab chiqarishga joriy etish”, 01.04.01 – eksperimental fizikaning asboblari va usullari (texnika fanlari bo‘yicha fan doktori).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.DSc/T606
Ilmiy maslahatchi: Sadikov Ilxam Ismailovich, texnika fanlari doktori, professor, akademik
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Yadro fizikasi instituti, “Radiopreparat” Davlat Korxonasi
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Yadro fizikasi instituti, DSc.02/30.12.2019.FM/T.33.01.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi tibbiy amaliyotda kasalliklarni tashxis qilishda qo‘llanilishi xavfsiz va yuqori samaradorlikni ta'minlaydigan texnesiy-99m radionuklidi asosida istiqbolli va iqtisodiy asoslangan Radiofarmatsevtik to‘plamlarni olish texnologiyasini va uning sifatini nazorat qilish usullarini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
buyrak tashxisi uchun ishlatiladigan Radiofarmatsevtik preparatlarga qo‘yiladigan talablariga javob beradigan yuqori sifatli Radiofarmatsevtik DMSA-Sn(II) to‘plamini va DMSA-99mTc preparatini olish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
liofilizat ko‘rinishidagi DMSA-Sn(II) Radiofarmatsevtik to‘plamni olishda eng maqbul sharoitlar tanlangan, bu qalay xloridining eritmasini kompleks hosil qiluvchi dimerkaptoyantar kislotasi eritmasiga tez qo‘shib aralashtirish, so‘ngra eritmani qadoqlash, to‘plam eritmasini suyuq azotli idishga botirish orqali muzlatish va 14 soat davomida, 0,16 Pa (1,25x10-3 mm sm.ust.) vakuum ostidagi bosimda, boshlang‘ich harorat -50 0S dan + 15 ± 2 0S gacha, haroratni har 30 daqiqada 5 0S ga oshirib liofilizasiya qilishdan iborat;
liofilizat ko‘rinishidagi DMSA-Sn(II) Radiofarmatsevtik to‘plamini sintez qilishda asosiy modda (ligand-dimerkaptoyantar kislota) va qaytaruvchi agent (ikki valentli qalay) ning optimal miqdoriy nisbatlari aniqlangan, ular 1,2-1,3 mg/flakon va 0,12 mg/flakon ni tashkil etadi, ushbu to‘plamdan DMSA-99mTc Radiofarmatsevtik preparati tayyorlanganda radiokimyoviy tozaligi 99,0%dan yuqori ekanligi aniqlangan;
yurak tashxisi uchun ishlatiladigan Radiofarmatsevtik preparatlarga qo‘yiladigan talablariga javob beradigan yuqori sifatli MIBI-Sn(II) Radiofarmatsevtik to‘plamini va MIBI99mTc preparatini olish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
liofilizat ko‘rinishidagi MIBI-Sn(II) Radiofarmatsevtik to‘plamini sintez qilishda asosiy modda (ligand-2-metoksiizobutilizonitrila-tetraftorboratning mis(I) tuzi) va qaytaruvchi agent (ikki valentli qalay) ning optimal miqdoriy nisbatlari aniqlangan, ular 1,0±0,2 mg/ml va 0,06±0,001 mg/mlni tashkil etadi, ushbu to‘plamdan MIBI99mTc Radiofarmatsevtik preparati tayyorlanganda radiokimyoviy tozaligi 99,0 %dan yuqori ekanligi aniqlangan;
o‘pka tashxisi uchun ishlatiladigan Radiofarmatsevtik preparatlarga qo‘yiladigan talablariga javob beradigan yuqori sifatli MAA-Sn(II) Radiofarmatsevtik to‘plamini va MAA-99mTc preparatini olish texnologiyasi ishlab chiqilgan;
liofilizat ko‘rinishidagi MAA-Sn(II) Radiofarmatsevtik to‘plamini sintez qilishda asosiy modda MAA (ligand-albumin makroagregati) va qaytaruvchi agent (ikki valentli qalay) ning optimal tarkibiy nisbati aniqlangan, bu 2,0±0,2 mg/ml va 0,2 ±0,1 mg/ml ni tashkil etishi, o‘z navbatida ushbu to‘plam asosida olingan MAA99mTc Radiofarmatsevtik preparatini radiokimyoviy tozaligi 99,0 % dan yuqori bo‘lishi aniqlangan;
liofilizat shaklida MAA-Sn(II) Radiofarmatsevtik to‘plamini sintez qilish jarayonida pora o‘lchamlari 25,0 mkm va 45,0 mkm bo‘lgan steril membranali filtrlardan foydalanish zarrachalarning bir xil o‘lchamdagi 25-45 mkm oralig‘idagi albumin makroagregatini olinishini ta’minlanishi aniqlangan, bu o‘z navbatida to‘plamda albumin makroagregatining boshqa o‘lchamdagi zarrachalari yo‘qligi va tibbiy amaliyotda xavfsiz foydalanishni kafolatlaydi.
tozalash xromatografik (tarkibida 100-200 mesh zarrachali va kumush bilan singdirilgan 16 g silikageldan bo‘lgan) kolonkasi va d3xh50 mm o‘lchamidagi konsentrlash xromatografik (tarkibida 0,25 g alyuminiy oksidi bo‘lgan) kolonkasi orqali past konsentratsiyadagi natriy pertexnetat 99mTc eritmasini ketma-ketlikda o‘tkazish, natriy pertexnetat 99mTc eritmasining konsentratsiyasi 10 baravarga oshishi va radiokiyoviy mahsulot unumi 97% dan ko‘p bo‘lishi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi: Texnesiy-99m asosidagi Radiofarmatsevtik to‘plamlarni olish texnologiyasini ishlab chiqishda olingan natijalarga asoslanib:
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan № IAP 03502-sonli “Tashhis qilish vositasini tayyorlash uchun reagentlar olish usuli” ga ixtiro patenti olingan (“Radiopreparat” davlat korxonasining 2024-yil 15-oktyabrdagi 1-1/192-sonli dalolatnomasi asosidagi O‘zR Fanlar akademiyasining 2024-yilning 11-noyabrdagi №2/1255-2497-sonli xati). Ixtirodan foydalanish natijasida butun saqlash muddati davomida farmakopeya maqolasi talablariga javob beradigan xususiyatlarni saqlab, texnik natijaga erishishni ta’minlaydigan - soddalashtirilgan, tezlashtirilgan, asosiy tarkibiy moddalarning yo‘qotilishini oldini olish imkonini beruvchi doimiy yuqori sifat ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan to‘plamni ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan № IAP 06543-sonli “Diagnostika vositasini tayyorlash uchun farmasevtik substansiya olish usuli” ga ixtiro patenti olingan (“Radiopreparat” davlat korxonasining 2024-yil 15-oktyabrdagi 1-1/192-sonli dalolatnomasi asosidagi O‘zR Fanlar akademiyasining 2024-yilning 11-noyabrdagi №2/1255-2497-sonli xati). Ixtirodan foydalanish natijasida sublimasiya jarayonida ikki valentli qalayning oksidlanishini va kompleks hosil qiluvchi moddaning yo‘qolishini minimallashtirish imkonini beruvchi doimiy yuqori sifat ko‘rsatkichlariga ega bo‘lgan to‘plamni ishlab chiqarish mkoniyati yaratilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan MIBI-Sn(II) liyofilizat ko‘rinishidagi Radiofarmatsevtik to‘plamni ishlab chiqarish uchun № FAP № 02119-sonli “Diagnostika vositasini tayyorlash uchun 2-metoksi-izobutilizonitril-tetraftorboratning (MIBI) mis tuzi ligandi bilan ikki valentli qalay asosida texnetium-99m generatori uchun substansiya olish usuli” foydali modelga patent olingan. Ixtironi qo‘llash natijasida mahalliy va xorijiy tibbiyot klinikalarida keng qo‘llash uchun “MIBI-99mTc” Radiofarmatsevtik preparatini ishlab chiqarish imkoniyati yaratilgan;
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan MAA-Sn(II) liofilizat shaklidagi Radiofarmatsevtik to‘plamini ishlab chiqarish uchun №FAP 02120-sonli “Diagnostika vositasini tayyorlash uchun makroagregatlangan albumin bilan ikki valentli qalay MAA-Sn asosida texnesiy-99m generatori uchun substansiya olish usuli” foydali modelga patent olingan. Ixtirodan foydalanish natijasida “MAA99mTc” Radiofarmatsevtik preparatini ishlab chiqarish va uni mahalliy va xorijiy tibbiyot klinikalarida qo‘llash imkoni yaratilgan, bu esa eksport hajmini oshirishga yordam bergan;
O‘zbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligi tomonidan №IAP 07463-sonli “Nurlatilgan boyitilgan molibden-98 dan tayyorlangan texnesiy-99m generatoridan natriy pertexnetatning konsentrlangan eritmasini ( 99mTc) olish usuli”ga ixtiro patenti olingan (“Radiopreparat” davlat korxonasining 2024-yil 15-oktyabrdagi 1-1/192-sonli dalolatnomasi asosidagi O‘zR Fanlar akademiyasining 2024-yilning 11-noyabrdagi №2/1255-2497-sonli xati). Ixtirodan foydalanish natijasida nurlatilgan boyitilgan molibden-98 dan tayyorlangan barcha nominaldagi texnesiy-99m generatorlaridan olingan natriy pertexnetat (99mTc) eritmasi konsentratsiyasini oshirish, yuqori konsentratsiyadagi natriy pertexnetatni(99mTc) talab qiluvchi Radiofarmatsevtik preparatlarni tayyorlashda barqaror foydalanishni taʼminlash uchun imkoniyat yaratilgan.
Texnesiy-99m radionuklidi asosida Radiofarmatsevtik to‘plamlarni ishlab chiqarishning ishlab chiqilgan usullari sanoatda ishlab chiqarish uchun sinovdan o‘tkazilgan, yuqori sifat ko‘rsatkichlariga ega hamda iste’molchilar talablariga to‘liq mos keladigan mahsulotlar xorijiy kompaniyalarga eksport qilingan.