Nurmatov Sirojiddin Sultanmuratovichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi):
“Hindiy tilida sanoq tizimining shakllanishi va taraqqiyoti”, 10.00.05 – Osiyo va Afrika xalqlari tili va adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2019.2.DSc/Fil170.
Ilmiy maslahatchi: Sodiqov Qosimjon Pozilovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/30.12.2019.Fil.21.01.
Rasmiy opponentlar: Safarov Shahriyor Safarovich, filologiya fanlari doktori, professor; Nosirova Saodat Abdullaevna, filologiya fanlari doktori, professor; Nizomiddinov Najmiddin G‘ulomovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi hindiy tilidagi son turkumiga oid so‘zlarning shakllanish va rivojlanish bosqichlarini diaxronik-sinxronik aspektda atroflicha baholash hamda ularning shakllanish va rivojlanish jarayonlarida yuzaga kelgan lingvistik hodisalarni aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
hindiy tilidagi sonlarning shakllanishidagi o‘ziga xos lingvistik xususiyatlar va sonlarning taraqqiyoti jarayonida yuz bergan fonetik o‘zgarishlar atroflicha o‘rganilishi natijasida qadimgi hind-oriy tillaridan o‘rta hind-oriy tillari davriga o‘tish jarayonida ba’zi undoshlar serebral tovushlarga, qisqa unli tovushlar cho‘ziq unli tovushlarga o‘zgarganligi, qadimgi hind-oriy tillari davrida shakllangan sonlarga oid so‘zlardan farqli ravishda, o‘rta hind-oriy tillari davriga xos bo‘lgan apabharansha tilidagi sonlarga oid so‘zlarning aksariyati, yangi hind-oriy tillari davriga kelib hech qanday fonetik o‘zgarishlarsiz rivojlanganligi aniqlangan;
hindiy tilidagi son turkumiga oid so‘zlarning shakllanishi va rivojlanishi jarayonida morfonologik hamda eliziya, germinatsiya, metateza hodisalari yuz berganligi aniqlanib, sonlar tarkibida ligatura shakllari hosil bo‘lganligi, fonetik variantga ega shakllar bilan bir qatorda dialektal variantga ega shakllar ham mavjud ekanligi va bunga asosiy sabab, hindiy tilining ikki tarmogʻi, yaʼni sharqiy va g‘arbiy hindiy tarmoqlarining o‘ziga xosliklari sonlarga xos so‘zlarda ham namoyon bo‘lganligi dalillangan;
hindiy tilidagi sonlardan yasalgan tatsama so‘zlarining shakllanishida sandhiy hodisasi borligi isbotlangan va unli tovushlarda sandhiy hodisasining yuz berishi undosh tovushlarda yuz bergan sandhiy hodisasiga nisbatan etakch o‘rinni egallashi aniqlangan;
hindiy tilidagi sonlardan yasalgan dvigu so‘zlari struktur-semantik jihatdan atroflicha ochib berilib, ular tatsama, tadbhava hamda gibrid so‘zlarga xosligi aniqlanib, tatsama guruhiga oid dvigu so‘zlari tadbhava va gibrid so‘zlariga nisbatan yetakchi o‘rinni egallashi isbotlangan;     
hindiy tilidagi son komponentli frazeologik birliklar tahlil etilishi natijasida ular frazeologik butunlik, frazeologik qo‘shilma va frazeologik chatishma kabi guruhlarga taqsimlanib, turli modellar ishlab chiqilgan va birliklarga oid sonlar orasida “bir” sanoq sonidan yasalgan frazeologik birliklar uchala guruhda ham yetakchi o‘rinda o‘z ifodasini topganligi misollar talqinida aniqlangan;
hindiy tilidagi numerativlarning etimologiyasi va ularning valentlik jihatlari ochib berilib, omonimiya hodisasi tatsama tipiga oid numerativlarning shakllanishida ko‘p sodir bo‘lganligi aniqlangan hamda sonli birikmalar tarkibida sanoq sonlarga nisbatan valentlik xususiyatini anglatib kelayotgan numerativlarning mahsuldor qoliplari belgilangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Hindiy tilidagi sanoq tizimining shakllanishi va taraqqiyoti mavzusidagi tadqiqot yuzasidan olingan ilmiy natijalar va amaliy takliflar asosida:
hindiy tilidagi sonlarga xos so‘zlarning shakllanish va rivojlanish tadqiqiga doir ilmiy-nazariy natijalardan I-204-4-5 raqamli “Ingliz tili mutaxassislik fanlaridan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish” nomli innovatsion tadqiqot loyihasi doirasida samarali foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2021-yil 20-apreldagi 870/30.02.01-son ma’lumotnomasi). Hind-oriy tillariga xos bo‘lgan hindiy tilidagi numerativlar etimologik jihatdan atroflicha tahlil qilinishi natijasida ular orasida xorijiy tillardan, xususan, ingliz tilidan o‘zlashgan numerativlar ham mavjud ekanligi, hindiy tili leksikasiga ingliz tilidan o‘zlashgan numerativlar hozirda hindcha badiiy matnlarda ham ko‘p qo‘llanilishi aniqlangan va natijada ularni tahlil etish ingliz tilidan o‘zlashgan ushbu so‘zlarning o‘ziga xos ifodalanish jihatlarini chuqur o‘rganish imkonini bergan;
hindiy tilidagi sonlarning shakllanishidagi o‘ziga xos lingvistik xususiyatlar tadqiq etilishi jarayonida olingan natijalardan Hindistonning Jamiya Milliya Islamiya universitetining Xorijiy tillar kafedrasi hamda “O‘zbek tili va adabiyoti” tadqiqot markazi tomonidan o‘tkazilgan ilmiy vebinarda foydalanilgan (Hindiston Respublikasi Jamiya Milliya Islamiya universitetining 2023-yil 16-maydagi ma’lumotnomasi). Natijada hindiy tilidagi sonlarning shakllanishida yuz bergan fonetik o‘zgarishlarning o‘ziga xos lingvistik xususiyatlari xususida atroflicha ilmiy ma’lumotlardan voqif bo‘lingan. Shuningdek, hindiy va o‘zbek tillaridagi sonlarning o‘ziga xos shakllanish jihatlariga doir nazariy qarashlardan lingvistika doirasida o‘qitiladigan maxsus fanlardan ma’ruzalar tayyorlashda ham keng foydalanilgan;
hindiy tilidagi sonlarga xos so‘zlarning shakllanish tarixiga doir olingan natijalardan I-204-4-5 raqamli “Ingliz tili mutaxassislik fanlaridan axborot-kommunikatsion texnologiyalari asosida virtual resurslar yaratish va o‘quv jarayoniga joriy etish” nomli innovatsion tadqiqot loyihasi doirasida samarali foydalanilgan (Samarqand davlat chet tillar institutining 2021-yil 20-apreldagi 870/30.02.01-son ma’lumotnomasi). Qadimgi hind-oriy tillari davridan to hozirgi yangi hind-oriy tillari davrigacha rivojlangan sonlarga xos so‘zlarning shakllanishida turli fonetik jarayonlar sodir bo‘lganligi, ularning shakllanish jarayonida asosan unli va undosh tovushlar eliziya hodisasiga uchraganligi va natijada sonlar tarkibida o‘zgarishlar ro‘y berganligiga oid nazariy qarashlardan lingvistika doirasida o‘qitiladigan maxsus fanlarda keng foydalanilgan;
hindiy tilidagi numerativlarning etimologiyasi va ularning valentlik jihatlari ochib berilib, omonimiya hodisasi tatsama tipiga oid numerativlarning shakllanishida ko‘p sodir bo‘lganligi aniqlangan hamda sonli birikmalar tarkibida sanoq sonlarga nisbatan valentlik xususiyatini anglatib kelayotgan numerativlarning mahsuldor qoliplari belgilanganligiga oid takliflar Daniya Qirolligining Arxus universitetidagi “Hindiston va Janubiy Osiyo tadqiqotlari” kafedrasi hamda Daniyadagi Kopengagen universiteti va Shvesiyadagi Uppsala universiteti hamkorligida o‘tkazilgan ilmiy vebinarda “Hind-oriy tillaridagi sonlarning rivojlanishiga doir ba’zi muammolar xususida” mavzusida ilmiy munozarada foydalanilgan (Daniya Qirolligi Arxus universitetining 2021-yil 25-iyundagi ma’lumotnomasi). Natijada, hindiy tilidagi sonlarning rivojlanishiga sanskrit, paliy, prakrit, apabharansha tillarining ta’siri katta bo‘lgani, o‘nliklarga oid sonlarning tarkibida turli xil birliklarga oid allomorflar mavjud ekanligi haqida, shuningdek, sonlar ishtirokida yasalgan dvigu so‘zlarining leksik jihatlari xususida atroflicha ilmiy ma’lumotga ega bo‘lingan;
hind-oriy tillaridagi sonlarning o‘ziga xos shakllanish xususiyatlariga oid nazariy fikrlardan, xususan, hindiy tilidagi sonlar ishtirokidagi frazeologik birliklarning lisoniy xususiyatlariga doir tahliliy fikrlardan “O‘zbekiston” teleradiokanali DUK “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharriyati tomonidan tayyorlangan “Assalom, O‘zbekiston!” va “Tungi bedor” radioeshittirishlarida foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali davlat unitar korxonasining 2021-yil 9-apreldagi O‘Z/R-01-38-21-son ma’lumotnomasi). Natijada tilshunos olimlar va xorijiy tillarni o‘rganayotgan ixlosmandlar hindiy tilidagi sonlarning o‘ziga xos jihatlaridan voqif bo‘lgan va ushbu ilmiy ma’lumotlar radioeshittirishlarning ta’sirchanligi va xalqchilligini oshirishga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish