Oliy attestatsiya komissiyasida pedagogika va filologiya (21.11.2024) fanlari yo‘nalishida oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagog kadrlar attestatsiyasi natijalari tahlili hamda ilmiy kengashlar faoliyati samaradorligini oshirishga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda tegishli fanlarga ixtisoslashgan ilmiy kengashlar rahbarlari ishtirok etdi.
Jamiyatning ijtimoiy-madaniy, ma’naviy-ma’rifiy, ilm-fan bo‘yicha yuksalishida pedagogika va filologiya fanlarining o‘rin muhim. Zero, mamlakatimizda yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, ularning barkamol voyaga etishi yo‘lida keng ko‘lamli yangilanishlar amalga oshirilmoqda.
Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ishtirokida bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida ham Yurtboshimiz tomonidan ta’lim sifatini yanada oshirish, yoshlarimizni har tomonlama etuk insonlar etib tarbiyalashga qaratilgan siyosat izchil davom ettirilishi ta’kidlandi.  
Shu ma’noda, dunyoda globallashuv jarayoni asosida ilm-fanda keskin yuksalish kuzatilayotgan bugun kunda yurtimiz olimlarining ilm-fan va ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlari samaradorligini oshirish, ilmiy maktablar yaratish, ilm-fan sohasiga kirib kelayotgan yosh olimlarni qullab-quvvatlash dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Yig‘ilishda Yangi O‘zbekistonda ta’lim islohotlariga hamohang tarzda  oliy malakali ilmiy va ilmiy-pedagogik kadrlar sohasidagi yangilanishlar xususida ham axborot berilib, navbatdagi vazifalar belgilab olindi. Ilmiy tadqiqotlar amaliy samaradorligini oshirish, innovatsion va ilg‘or xalqaro tadqiqot uslublarini keng joriy etish hamda sohada shaffoflikni ta’minlashga doir amaliy tavsiyalar berildi.
Yig‘ilish so‘nggida Ilmiy kengashlar faoliyatini nizom talablariga ko‘ra tashkil qilish hamda axborot-tahlil xulosalari bo‘yicha savollarga atroflicha javob olindi.


Axborot xizmati

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish