Tuxtaeva Dinora Navruzovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Toshkent vohasi sharoitida  Ferula tadshikorum Pimenov ni introduksiyasi», 06.03.03 - Dorivor o‘simliklar introduksiyasi, etishtirish texnologiyasi va agrofarmoekologiyasi (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.3.PhD/V1003.
Ilmiy rahbar: Xamraeva Dilovar Tolibdjonovna, biologiya fanlari doktori.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘rmon xo‘jaligi ilmiy-tadqiqot instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti huzuridagi DSc.05/29.04.2022.Qx.13.04 raqamli ilmiy kengash asosidagi bir martalik ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Xaydarov Xislat Qudratovich, biologiya fanlari doktori, professor; Sharipova Vasila Quysinovna, biologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD), katta ilmiy xodim.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Toshkent vohasida Ferula tadshikorum ni introduksiya sharoitidagi ekologo-biologik, anatomik va fitokimyoviy xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor Toshkent viloyati tuproq-iqlim sharoitida Ferula tadshikorum ontogenezi kichik hayotiy siklining maysa, yuvenil, immatur, virginil bosqichlari aniqlangan;
urug‘larning laboratoriya sharoitida unib chiqishi uchun sovutgich kamerasida +5...+60S optimal harorat rejimi aniqlangan;
virginil davrining yuvenil bosqichida to‘pbargida 1-3(5) tagacha oddiy barglar, immaturda – 3 yoki 5-6 bo‘lakli barglar, virginil bosqich vakillarida birdan uchtagacha patsimon bo‘lingan barglarning bo‘lishi va ularning asosiy ildizini rivojlanish bosqichidan bosqichga o‘tishida yo‘g‘onlashish darajasini ortishi isbotlangan;
yopiq ildiz tizimiga ega kichik hajmli konteynerlarda urug‘larni ekishning maqbul muddati yanvar` oyining uchinchi dekadasi va ekish uchun 1:1 nisbatda kokos substrati va tipik bo‘z tuproq varianti maqbul tarkib ekanligi isbotlangan;
virginil bosqichidagi tabiiy sharoitdagi vakillar va introdusentlarning barg va ildizlari anatomik tuzilishi o‘xshash bo‘lib, barg mezofilli izolateral-palisad tipli, yo‘g‘onlashgan yon qismlarida adaksial tomonidan 2 qavatli uzun ustunsimon parenximasi va gorizontal cho‘zilgan hujayralardan iborat 2-3 qavatli g‘ovaksimon parenximasi mavjudligi, yon o‘tkazuvchi bog‘lamlar ustida lub tolalarining mavjud emasligi aniqlangan;
virginil yoshidagi tabiiy sharoitdagi vakillar va introdusentlar barglarida monosaxaridlar tarkibiga ko‘ra arabinogalaktanlar, ildizlarida esa glyukogalaktaarabanlar guruhlari; oqsil miqdoriga ko‘ra ildizlarida o‘rtacha 2,3% dan 7,12% gacha, barglarda u 25,56% gacha bo‘lishi; efir moylariga ko‘ra introdusentlar barg va ildizlarida miristisin, metantioamid, N,N-dimetil va disul`fid, metil-1-(metiltio) propil, tabiiy sharoitdagi vakillarida tiopropionamid, disul`fid, metil 1-(metiltio) propil va 1-(1-propen-1-il)-2-(2-tiopent-3-il) disul`fid uchrashi aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Ferula tadshikorum ning onto-biomorfologik xususiyatlari, anatomik tuzilishini va etishtirishni o‘rganish bo‘yicha olingan ilmiy-amaliy natijalar asosida:
Ferula tadshikorum urug‘idan etishtirish orqali Toshkent botanika bog‘i sharoitida Dorivor o‘simliklar introduksiyasi laboratoriyasida 0,03 ga maydonda joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining 2023 yil 11 oktyabrdagi 4/1255-2249-son ma’lumotnomasi). Natijada, o‘simlikning barg va ildizini organoleptik xususiyatlari va ildiz tizimining rivojlanish darajasiga ko‘ra introduksiya sharoitida xom-ashyo olish imkoniyati mavjudligi tasdiqlangan va dorivor o‘simliklar kolleksiyasini noyob tur bilan boyitish imkonini bergan;
introduksiya sharoitida noyob va istiqbolli Ferula tadshikorum dorivor o‘simligini etishtirish texnologiyasi Toshkent viloyati Qibray tumani «Maftunkor Agro Lyuks» fermer xo‘jaligi maydoniga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2024 yil 28 maydagi 05/06–02–365-son ma’lumotnomasi). Natijada, virginil yoshidagi to‘rt yillik vakillaridan qatron-shira xomashyosini olish hamda rentabellik darajasi va iqtisodiy samaradorligini 100% gacha etkazish imkonini bergan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish