Latipov Jasur Laziz o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar:
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Kidan (Lyao) imperiyasining Xitoy va Markaziy Osiyo tarixida tutgan o‘rni (907-1125)”, 07.00.03 – Jahon tarixi.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Tar1344.
Ilmiy rahbar: Vohidov Shodmon Huseynovich, tarix fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/31/01/2024/Tar.21.03.
Rasmiy opponentlar:
Karimova Natalya Ermanovna, tarix fanlar doktori, professor.
G‘oyibov Bobir Sobirovich, tarix fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Buxoro davlat universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Lyao sulolasi davrida Xitoy va Markaziy Osiyo xalqlari tarixiy taqdirida yuz bergan o‘zgarishlar rivojini tadqiq etish va umumlashtirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
907-yilda Xitoydagi Tang imperiyasi qulagandan so‘ng mamlakatning shimoliy chegaralarida yuzaga kelgan siyosiy bo‘shliq Elyuy Abaoji tomonidan tashkil etilgan Kidan xoqonligi tomonidan to‘ldirilganligi, X asrning 20-yillarida Shimoliy dashtlar va Boxay podsholigiga qilingan zafarli yurishlardan so‘ng ushbu davlat qudrati va nufuzining oshganligi Xitoydagi siyosiy tarqoqlik holatiga bevosita bog‘liq bo‘lganligi dalillangan;
Kidan imperiyasi shakllangan davrdan boshlab hukmdorlar saroyida muhim lavozimlarni egallay boshlagan xan millatiga mansub shaxslar tomonidan keyinchalik imperiya boshqaruv ishlariga o‘tkazilgan siyosiy ta’sir oqibatida Lyao imperiyasi istilosi Pekin shahri va uning atrof hududlaridagi shaharlarga qadar kengayishi, buning natijasida esa X asr o‘rtalarida mintaqaviy harbiy nizolarning kelib chiqishi va siyosiy tarqoqlik holatidagi Xitoyning ijtimoiy-iqtisodiy holatiga turtki bo‘lganligi isbotlab berilgan;
Lyao sulolasi davrida Somoniylar, Qoraxoniylar va Gʻaznaviylar davlatlari hukmdorlari bilan olib borilgan elchilik aloqalari mazmuni, jumladan, Kidan imperatori Shengzung tomonidan 1026-yilda sulton Mahmud Gʻaznaviyga jo‘natilgan maktub Sharqiy Turkiston mintaqasi uchun olib borilgan siyosiy kurashni namoyon etishi dalillangan. Shuningdek, Lyao imperiyasi va Qoraxoniylar davlati o‘rtasida nominal vassallik munosabatlari mavjud bo‘lganligi ehtimoli asoslab berilgan;
Lyao imperiyasi tomonidan X asrda shimoliy dashtlarga qilingan harbiy yurishlar natijasida Mo‘g‘ulistondagi turkiy aholining bir qismi g‘arbga tomon ko‘chganligi tahlil qilinib, musulmon manbalarida tilga olingan ushbu migratsiyalarning boshlanishi XI asr boshlariga qadar yuz berganligi, shuningdek, Lyao imperiyasining tashqi siyosati ta’sirida va ushbu davlat inqirozi ortidan turk- mo‘g‘ul xalqlarining yangi migratsiyalari to‘lqini yuzaga kelganligi asoslab berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kidan (Lyao) imperiyasining Xitoy va Markaziy Osiyo tarixida tutgan o‘rni masalalarini o‘rganish jarayonida erishilgan natijalar asosida:
Kidan (Lyao) imperiyasining tashkil etilishi, siyosiy rivojlanish bosqichlari, ushbu imperiyaning mintaqaviy harbiy nizolarning kelib chiqishiga o‘tkazgan ta’siri, siyosiy tarqoqlik holatidagi Xitoyning ijtimoiy-iqtisodiy holati haqida dissertatsiyada keltirilgan raqam va dalillardan Buxoro davlat universiteti bakalavriat ta’lim yo‘nalishlarida o‘qitilayotgan “Jahon tarixi”, “O‘zbekiston tarixi”, “Buyuk ipak yo‘li va Jahon sivilizatsiyalari tarixi” kabi fanlari bo‘yicha o‘quv dasturlarini takomillashtirish va o‘qitishda foydalanilgan (Buxoro davlat universitetining 2023-yil 15-iyuldagi 02-050-sonli ma’lumotnomasi). Ushbu o‘quv dasturlari Tarix ta’lim yo‘nalishi talabalariga mutaxassislik fanlaridan dars berishni tashkil qilish uchun xizmat qilgan;
Kidan (Lyao) xoqonligining Xitoy va Markaziy Osiyo mintaqalaridagi yirik imperiyalar qudratining oshishi, turkiy va mo‘g‘ul xalqlari migratsiyalarining kelib chiqishidagi o‘rni, Markaziy Osiyo va Xitoy aholisi o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamda mahalliy sulolalar o‘rtasidagi diplomatik munosabatlarning rivojiga ko‘rsatgan ta’siri kabi ilmiy natijalaridan O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta- maxusus ta’lim vazirining 2022-yil 19-iyulidagi 233-sonli buyrug‘iga asosan 14 (ro‘yxatga olish raqami 233-0092) nashr etilgan M.Z. Orziev, J.Yu. Ergashevlarning “Jahon sivilizatsiyalari tarixi” nomli darsligida foydalanilgan (Buxoro davlat universitetining 2023-yil 4-avgustdagi 02-051-son ma’lumotnomasi). Tadqiqot natijalari Shimoliy Xitoy, Sharqiy Turkiston hududlarida mavjud bo‘lgan davlatlar bilan amalga oshirilgan savdo-diplomatik aloqalar, xalqaro siyosiy munosabatlar, ushbu munosabatlarning etnik jarayonlardagi o‘rni, o‘zaro qo‘shni bo‘lgan mintaqalar xalqlarining yagona tarixiy taqdiri hamda geosiyosiy holati, xalqlar migratsiyasi rivojlanishini tahlil etish uchun xizmat qilgan.
O‘zbeklarning “xitoy” qabilasi o‘tmishdoshlaridan sanaluvchi kidan qabilalari tomonidan asos solingan Lyao imperiyasining tarixi, Xitoydagi Tang imperiyasi qulagandan so‘ng mamlakatning shimoliy chegaralarida yuzaga kelgan siyosiy bo‘shliq tez orada Elyuy Abaoji tomonidan tashkil etilgan Kidan xoqonligi tomonidan to‘ldirilganligi, Shimoliy dashtlar va Boxay podsholigiga qilingan zafarli yurishlardan so‘ng ushbu davlatning qudrati va nufuzi oshganligiga oid ilmiy-tarixiy ma’lumotlardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida “Ochiq dars” ko‘rsatuvi ssenariysini shakllantirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy Teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” davlat muassasasining 2023-yil 5-sentyabrdagi №06-28-1338-son ma’lumotnomasi). Natijada ko‘rsatuvlarning ilmiy saviyasi oshishiga hissa qo‘shgan.

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish