Ahrorova Ra’no Olim qizining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Kremnezem asosida mezogenik templatlar yordamida tartiblangan mezog‘ovakli adsorbent sintezi va kolloid kimyoviy xususiyatlari», 02.00.11 - Kolloid va membrana kimyosi (kimyo fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/K794.
Ilmiy rahbar: Jumaeva Dilnoza Jo‘raevna, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Umumiy va noorganik kimyo instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Umumiy va noorganik kimyo instituti, DSc.02/30.12.2019. K/T.35.01.
Rasmiy opponentlar: Yakubov Yo‘ldosh Yusupboevich, kimyo fanlari doktori, professor; Eshmetov Rasul Jumyazovich, texnika fanlari doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Farg‘ona politexnika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: sholi po‘stlog‘idan toza kremniy dioksidini ajratib olish va uning asosida mezogen templatlar yordamida mezog‘ovakli sorbsion material sintezi usulini ishlab chiqish hamda adsorbsion xususiyatlarini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor kremniy manbasi bo‘lgan sholi po‘stlog‘idan toza SiO2 ni ajratib olish va mezogen templat–setilpiridiniy xlorid (SPX) ni qo‘llash orqali Shtyober usulida tartiblangan mezog‘ovakli silikat materiallarning zol-gel sintezi usuli ishlab chiqilgan;
sholi po‘stlog‘ining 2.4Ø disperslikka ega bo‘lgan 650°C haroratda kuydirilgan kulini 1%li HCl da ishlov berilishi orqali olingan namuna tarkibida eng yuqori – 99,7% miqdorda SiO2 mavjudligi aniqlangan;
SiO2+SPX gibrid kompozisiyasida kislotali muhitda (pH 3≤5) hosil bo‘lgan mezog‘ovaklar o‘lchamlari 30÷40 nm bo‘lishi fizik-kimyoviy tahlil usuli hamda azot adsorbsiya-desorbsiyasi jarayonlari asosida isbotlangan;
sintez sistemasida rN qiymatining 3 dan 8 gacha oshishi olingan SiO2 namunalarining mezag‘ovaklar nisbiy yuzasi va g‘ovak hajmini 517 dan 968 m2/g gacha va 0,50 dan 0,85 sm3/g gacha mos ravishda ortishiga olib kelishi, nisbiy yuza, mezag‘ovaklar hajmi kattaliklari va rN o‘zgarishi orasidagi bog‘liqligi isbotlangan;
sholi po‘stlog‘idan 99,7% dan yuqori tozalikdagi kremniy dioksidi hamda uning asosida mezog‘ovakli sorbent olishning texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Kremniy manbasi bo‘lgan sholi po‘stlog‘i tarkibidan ajratib olingan toza kremniy dioksidiga templat o‘rnatilishi natijasida, tartiblangan hamda boshqariladigan mezog‘ovakli sorbent materiallar sintezi boyicha olingan ilmiy natijalari asosida:
sholi po‘stlog‘idan amorf kremniy dioksidini olish usuliga O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ixtiro patenti olingan (IAP № 7776. 24.07.2024). Natijada, sholi po‘stlog‘idan yuqori tozalikdagi amorf kremniy dioksidini olish usuli yordamida mezog‘ovakli silikat materiallarni olishning imkonini bergan;
sholi po‘stlog‘idan ajratib olingan kremniy dioksidini toza miqdorda ajratib olish, shuningdek SiO2 ga templat sifatida alkilpiridin xloridni kiritish orqali iearxar tuzilishga ega tartiblangan mezog‘ovakli sorbent sintez usuli «Buxoro neftni qayta ishlash zavodi» MChJning «2025-2026 yillarda amalga oshirish uchun istiqbolli ishlanmalar ro‘yxatiga» kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi O‘zbekneftegaz AJning 2024 yil 16 iyuldagi 26-62/2721-son maʼlumotnomasi). Natijada, neft va gaz sanoati oqava suvlarining tarkibidan neft mahsulotlarini ajratib olishda mahalliy sorbsion materiallardan foydalanib import o‘rinbosar mezog‘ovakli sorbsion materiallarni ishlab chiqish imkonini beradi;
sholi po‘stlog‘idan ajratib olingan toza kremniy dioksidi va uning ishtirokida olingan tartiblangan mezog‘ovakli sorbentlar neft-gaz sanoati oqava suvlari tarkibidan neft mahsulotlarini tozalashda qo‘llash usuli «Buxoro neftni qayta ishlash zavodi» MChJning «2025-2026 yillarda amalga oshirish uchun istiqbolli ishlanmalar ro‘yxatiga» kiritilgan (O‘zbekiston Respublikasi O‘zbekneftegaz AJning 2024 yil 16 iyuldagi 26-62/2721-son maʼlumotnomasi). Natijada, sorbsion materiallar sanoat oqava suvlari tarkibidan neft mahsulotlarini tozalashda ruxsat etilgan me’yor (REM) taʼlablarigacha, yaʼni 110,0 mg/ldan 0,13 mg/lgacha tozalash imkonini beradi.