Kengesbaev Rustem Bazarbaevichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Keng qamrovli mola-tekislagich tekislagichining turi va parametrlarini asoslash”, 05.07.01 – Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya mashinalari. Qishloq xo‘jaligi va melioratsiya ishlarini mexanizatsiyalash (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/T4497.
Ilmiy rahbar: To‘xtaqo‘ziev Abdusalim, texnika fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Qoraqalpog‘iston qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash ilmiy-tadqiqot instituti, DSc.05/13.05.2020.T.112.01.
Rasmiy opponentlar: texnika fanlari doktori, professor Imomqulov Qutbiddin Boqijonovich, texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori Navrizbaev Alliyar Oserbaevich.
Yetakchi tashkilot: Qishloq xo‘jaligi texnikasi va texnologiyalarini sertifikatlash va sinash markazi
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi. Keng qamrovli mola-tekislagich tekislagichining turi va parametrlari hamda tekislagich tuproqyoygichining parametrlarini asoslash yo‘li bilan erlarni ekishga tayyorlashda ish sifati va unumini oshirish, yonilg‘i va boshqa xarajatlar sarfini kamaytirishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
keng qamrovli mola-tekislagich tekislagichining maqbul turi dala yuzasi kam energiya sarflangan holda talablar darajasida tekislanishi lozimligi hisobga olinib tanlangan;
keng qamrovli mola-tekislagich tekislagichining parametrlari uning tomonidan tuproqni kesish va surish jarayonlariga energiya sarfi kam bo‘lishi, tekislagichning oldida ko‘plab tuproq uyulmasligi va uning tepasidan oshib ketmasligi hamda tekislagich ishchi sirtining shakli hisobga olinib keltirib chiqarilgan analitik ifodalar asosida aniqlangan;
tekislagich tuproqyoygichining qamrash kengligi va uni harakat yo‘nalishiga nisbatan o‘rnatish burchagi ish jarayonida tekislagichning yonboshiga tuproq to‘kilishi natijasida hosil bo‘ladigan tuproq uyumlarini bir tekis va to‘liq yoyish ta’minlanishi shartidan kelib chiqib asoslangan;
tekislagich va u tuproqyoygichi parametrlarining maqbul qiymatlari hamda agregat harakat tezligi ularning agrotexnik va energetik ish ko‘rsatkichlarini baholovchi regressiya tenglamalarini birgalikda echish orqali aniqlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Keng qamrovli mola-tekislagich tekislagichining turi va parametrlarini asoslash” bo‘yicha olingan natijalar asosida:
taklif etilayotgan tekislagich va tuproqyoygich bilan jihozlangan keng qamrovli osma mola-tekislagichga Intellektual mulk agentligining foydali modelga patenti olingan (“Mola-tekislagich”, FAP 2450 – 29.03.2024 y.). Natijada ish sifati yuqori hamda energiya-resurstejamkor tekislagich va tuproqyoygich bilan jihozlangan keng qamrovli osma mola-tekislagichning konstruksiyasini ishlab chiqish imkoni yaratilgan;
ishlab chiqilgan tekislagich va tuproqyoygich bilan jihozlangan keng qamrovli osma mola-tekislagichning tajriba nusxasi Toshkent viloyati Yangiyo‘l tumanidagi fermer xo‘jaliklarga joriy etilgan (Qovunchi Valijon Agrofayz fermer xo‘jaligining 2024 yil 21 aprel hamda Muxtorxo‘ja nabiralari fermer xo‘jaligining 2024 yil 18 apreldagi dalolatnomalari). Natijada erlarni ekishga tayyorlashda tuproqning uvalanish darajasi (o‘lchami 25 mm bo‘lgan fraksiyalar miqdori) 86,4-87,2 foizni, dala yuzasidagi notekisliklar balandliklarining o‘rtacha kvadratik chetlanishi ±1,52-1,59 cm ni, yonilg‘i sarfi esa gektariga 4,5-4,6 kg ni tashkil etgan;
ishlab chiqilgan tekislagich va tuproqyoygich bilan jihozlangan keng qamrovli osma mola-tekislagichning sanoat nusxalarini ishlab chiqish va tayyorlash uchun uning loyiha-konstruktorlik hujjatlari (dastlabki talablar, texnik topshiriq va chizmalar) “BMKB-Agromash” AJ da loyihalash jarayoniga joriy etilgan (“BMKB-Agromash” AJ ning 2024 yil 05 fevraldagi №01-08 son ma’lumotnomasi). Natijada asoslangan parametrlarga ega bo‘lgan tekislagich va tuproqyoygich bilan jihozlangan keng qamrovli osma mola-tekislagichni sanoat usulida ishlab chiqarish imkoni yaratilgan.