Xusanova Maqsuda Nishonovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilidagi dignitonim va faleronimlarning lisoniy xususiyatlari”, 10.00.01– O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Fil4334.
Ilmiy rahbar: Turdibekov Mo‘min To‘raevich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Renessans ta’lim universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Guliston davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.Fil.91.02.
Rasmiy opponentlar: Mamatov Abdug‘ofur Eshonqulovich, filologiya fanlari doktori, professor; Turobov Abdurayim Malikovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat pedagogika universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi o‘zbek tilidagi dignitonim va faleronimlarni lingvistik aspektda ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
dignitonim, faleronimlarning yuzaga kelishi va ularning nomlanishi ijtimoiy-ma’naviy hayot hamda jamiyat a’zolarining rag‘bat olishi va mehnat faoliyati samaradorlik darajasining ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi ma’naviy-ma’rifiy, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy omillar bilan bog‘liqligi isbotlangan;
o‘zbek tili leksikasida mansab, unvon, medal, orden, mukofot singari dignitonim va faleronimlarning tarixiy-xronologik, kasbiy xoslanganlik, ta’sis etilish asoslari xalqning qadimiy anʼanalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlari hamda urf-odatlari kabi mental holatlar bilan bog‘liqligi dalillangan;
ilk davrdan bugungi kunga qadar ta’sis etilgan dignitonim va faleronimlar lisoniy tarkibiga ko‘ra umumturkiy hamda o‘zlashma qatlamga oidligi, srukturaviy jihatdan sodda, qo‘shma va birikmali ekanligi va onomastik, semantik xususiyatlariga ko‘ra turkiy va o‘zbek tillari qonuniyatlariga mosligi isbotlangan;
ilmiy, badiiy, avtobiografik, tarixiy, rasmiy va boshqa manbalardagi davlatchilik tartiblarining joriy qilinishi va taraqqiyoti bilan bog‘liq ravishda yuzaga kelgan dignitonim hamda faleronimlarning onomastik ko‘lamda tutgan o‘rni va maqomi, nominatsion-motivatsion tamoyillari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilida dignitonim va faleronimlarning lisoniy xususiyatlari yuzasidan erishilgan ilmiy natijalar asosida:
ilmiy, badiiy, avtobiografik, tarixiy, rasmiy va boshqa manbalardagi davlatchilik tartiblarining joriy qilinishi va taraqqiyoti bilan bog‘liq ravishda yuzaga kelgan dignitonim hamda faleronimlar ilk bor to‘planib, ularning onomastik ko‘lamda tutgan o‘rni va maqomi, nominatsion-motivatsion tamoyillari ochib berilganligiga doir nazariy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan OT-F1-030 “O‘zbek adabiyoti tarixi” ko‘p jildlik monografiyasini (7-jild) chop etish nomli fundamental loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 11-iyundagi 04/1-1530-son ma’lumotnomasi). Natijada monografiyaning XIX asr oxiri XX asr boshlariga oid asarlarda qo‘llangan dignitonimlarni guruhlarga ajratishda, xronolik tasnifini berishda, dignitonim va faleronimlarning jamiyat hayotidagi o‘rnini belgilash masalalari yangi ma’lumotlar bilan boyishiga erishilgan;
ilk davrdan bugungi kunga qadar ta’sis etilgan dignitonim va faleronimlar lisoniy tarkibiga ko‘ra umumturkiy hamda o‘zlashma qatlamga oidligi, srukturaviy jihatdan sodda, qo‘shma va birikmali ekanligi va onomastik, semantik xususiyatlariga ko‘ra turkiy va o‘zbek tillari qonuniyatlariga mosligi isbotlanganligiga doir ilmiy xulosalardan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida bajarilgan PZ-20170927147 – “Qadimgi davrlardan XIII asrgacha bo‘lgan turkiy yozma manbalar tadqiqi” nomli ilmiy-amaliy loyihada foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024 -yil 6-iyundagi 04/1-1479-son ma’lumotnomasi). Natijada tarixiy dignitonim va faleronimlarning qo‘llanilishi, turkiy yozma manbalarda uchraydigan namunalarini tahlil qilish jarayonida ularning qo‘llanish davri, anglatgan ma’nolari bo‘yicha chiqarilgan xulosalardan loyiha mavzusiga oid nazariy va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishga, dignitonim va faleronimlarning ta’sis etilishi, semantikasini to‘laqonli tavsiflash, izohlashga erishilgan;
dignitonim, faleronimlarning yuzaga kelishi va ularning nomlanishi ijtimoiy-ma’naviy hayot hamda jamiyat a’zolarining rag‘bat olishi va mehnat faoliyati samaradorlik darajasining ortishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatuvchi ma’naviy-ma’rifiy, iqtisodiy, ijtimoiy-siyosiy omillar bilan bog‘liqligiga oid ilmiy natijalaridan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, O‘zbekiston jurnalistlari ijodiy uyushmasi tomonidan olib borilgan “O‘zbekiston Qahramonlari” mavzularidagi loyihada foydalanilgan (Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyatining 2024-yil 23-apreldagi 01/14-25-son ma’lumotnomasi). Natijada loyiha O‘zbekiston Qahramonlarining avtobiografiyasidagi dignitonim hamda faleronimlarni matnlarda qo‘llash, dignitonim va faleronimlarning shakllanishida shaxs omilining o‘rni haqidagi ma’lumotlar bilan amaliy boyitilgan;
o‘zbek tili leksikasida mansab, unvon, medal, orden, mukofot singari dignitonim va faleronimlarning tarixiy-xronologik, kasbiy xoslanganlik, ta’sis etilish asoslari xalqning qadimiy anʼanalari, milliy va umuminsoniy qadriyatlari hamda urf-odatlari kabi mental holatlar bilan bog‘liqligi asosida chiqarilgan ilmiy-nazariy xulosalaridan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Uchinchi renessans” ko‘rsatuvi ssenariysini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2024-yilning 24-apreldagi 06-28-551-son ma’lumotnomasi). Natijada, mazkur teleko‘rsatuv uchun tayyorlangan materiallar yoshlarning madaniyati va ma’naviy olamini boyitishga, dunyoqarashini kengayishiga zamin yaratuvchi ilmiy-faktik jihatlari bilan boyitilgan.