Almatov Ilhomjon Mirzabek o‘g‘lining
fan doktori (DSc) dissertatsiya himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Aktau koni yonuvchi slaneslarini kompleks qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqish», 04.00.14 – Foydali qazilmalarni boyitish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.DSc/T623.
Ilmiy maslahatchi: Sagdieva Muyassar G‘aybullaevna, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: “Mineral resurslar instituti” DM.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti, DSc.17/04.06.2021.T.06.01.
Rasmiy opponentlar: Voxidov Baxriddin Raxmidinovich, texnika fanlari doktori, dotsent; Qurbanov Mashxur Amonovich, texnika fanlari doktori; Ro‘ziev Ulug‘bek Nematovich, texnika fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: Milliy texnologik tadqiqotlar universiteti “MISiS”ning Olmaliq filiali.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: Aktau koni yonuvchi slaneslarini kompleks qayta ishlash texnologiyasini ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
yonuvchi slanesni kislorodsiz termik parchalash (piroliz) jarayonida natriy xlor qo‘shib slanes smolasini ajratib olishning optimal texnologiyasi nazariy jihatdan asoslangan;
ishlab chiqilgan texnologiyadan foydalanib kislorodsiz termik parchalash jarayonida 12% natriy xlor qo‘shilganda slanes moyini maksimal ajratib olishning optimal parametrlari aniqlangan;
tanlab eritish jarayonida sulfat kislota va natriy sianidni qo‘llab o‘tkaziladigan gidrometallurgik jarayonlarining (tanlab eritish, sorbsiya) optimal parametrlari aniqlangan;
ilk marotaba tarkibida 12% organik faza saqlovchi slanes moyi, gazlar, 79,8% uran, 87,4% molibden, 89,2% vanadiy va 52,6% oltin ajratib olish kompleks texnologiyasi ishlab chiqilgan;
uran, vanadiy, molibden va oltinni selektiv shaklda yarim koksdan (yonuvchi slanesni termik parchalashdan olingan mahsuloti) ajratib olish texnologiyasi yaratilgan;
slanes smolasi, gazlar, uran, vanadiy, molibden, oltin hamda sement ishlab chiqarish uchun qo‘shimchalar olish asosida yonuvchi slaneslarni qayta ishlashning kompleks texnologiyasi ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Yonuvchi slaneslarni kompleks qayta ishlash asosida slanes smolasi, kamyob va nodir metallarni olishning kompleks texnologiyasini ishlab chiqish bo‘yicha olingan ilmiy natijalar asosida:
slanes moyi, kamyob va nodir metallarni ajratib olish asosida yonuvchi slaneslarni kompleks qayta ishlash bo‘yicha ishlab chiqilgan texnologiya “Epsilon development company” MChJ XK kompaniyasida amaliyotga joriy etilgan (“Epsilon development company” MChJ XK kompaniyasining 2023 yil 16 maydagi 112/23-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, yonuvchi slaneslarini qayta ishlash loyihasining dastlabki texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish imkonini bergan;
Aktau koni yonuvchi slaneslarni kompleks qayta ishlash texnologiyasi “Epsilon development company” MChJ XKda amaliyotga joriy etilgan (“Epsilon development company” MChJ XK kompaniyasining 2023 yil 16 maydagi 112/23-sonli ma’lumotnomasi). Natijada, yonuvchi slaneslarni qayta ishlash orqali vanadiy besh oksidi, molibden oksidi, uran oksidi hamda tozalangan oltin boyitmalar ko‘rinishidagi qo‘shimcha tayyor mahsulotlar olish imkonini bergan;
boyitishning an’anaviy gravitatsiya va flotatsiya usullarini qo‘llab qayta ishlash texnologiyasi “Navoiy KMK” AJda amaliyotga joriy etilgan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ ning 2024 yil 14 iyundagi 23/01-01-07/304-son ma’lumotnomasi). Natijada, an’anaviy boyitish usullaridan foydalanish Aktau koni yonuvchi slaneslarini kompleks qayta ishlash texnologiyasiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmasligini aniqlash imkonini bergan;
Aktau koni yonuvchi slanesni kislorodsiz termik parchalash texnologiyasi “Navoiy KMK” AJda amaliyotga joriy etilgan (“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ ning 2024 yil 14 iyundagi 23/01-01-07/304-son ma’lumotnomasi). Natijada, kislorodsiz termik parchalash jarayonida ma’dan tarkibidagi oltin miqdori o‘zgarishiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasligi va oltinni 0,25 g/t miqdorda o‘zgarishsiz qoldirish imkonini bergan.

 

 

Yangiliklarga obuna bo‘lish