Axrorov Ivadulla Ziyatovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Abdulqohir Jurjoniy “Miat omil” asarining Qur’oni karim ma’nolari tarjimasini izohlashdagi o‘rni”, 24.00.04 – Mumtoz sharq adabiyoti va manbashunosligi (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2020.4.PhD/Fil1532.
Ilmiy rahbar: Islamov Zahid Maxmudovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, DSc.35/30.12.2019.Isl/Tar/F.57.01.
Rasmiy opponentlar: Muhamedov Ne’matillo Asatullaevich, tarix fanlari doktori; Hasanova Shafoat Saidbekovna, filologiya fanlari doktori.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Abdulqohir Jurjoniy “Miati omil” asarining Qur’oni karim ma’nolari tarjimasini izohlashdagi o‘rnini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
 “Miati omil” asarida fe’l so‘z turkumiga oid grammatik omillar morfologik va sintaktik xususiyatlariga ko‘ra: الْأَفْعَالُ النَّاقِصَةُ (yordamchi), أَفْعَالُ الْمُقَارَبَةِ (yaqinlik), أَفْعَالُ الْمَدْحِ وَالذَّمِّ (maqtash va yomonlash) hamda أَفْعَالُ الشَّكِّ وَالْيَقيْنِ (shubha va ishonch)ni ifodalovchi fe’l turlariga bo‘lib izohlangani natijasida ularning grammatik vazifalarini tushunish va qamrab olish soddalashgani aniqlangan;
 “Miati omil” asarida Moida surasi 6-oyati: “qo‘llaringizni tirsaklarigacha, oyoqlaringizni to‘piqlarigacha (yuving)” jumlasidagi إِلَي “-gacha” ko‘makchisi arab tilidagi مَعَ “bilan” ma’nosini va boshqa 18 ta oyatdagi ko‘makchilarning turli ma’nolarni ifodalaganini isbotlab berishi natijasida manbaning aqidaviy va fiqhiy oyatlarni tushunish borasidagi ixtiloflarning oldini olish imkoniyati oshgani dalillangan;
 “Miati omil” asarida asl ma’noga ta’sir o‘tkazmasdan jumlada qo‘shimcha bo‘lib keladigan ك (kaf) ko‘makchisiga Sho‘ro surasidagi لَيْسَ كَمِثْلِهِ  شَيْءٌ  (Uning mislidek biror narsa yo‘q) oyatini misol qilish bilan muallif ahli sunnaning mutashobih (bir-biriga zid bo‘lgan bir necha ma’nolarga dalolat qiladigan) oyatlar borasidagi e’tiqodini grammatik jihatdan qo‘llab-quvvatlagani isbotlangan;
asarda egani bosh kelishikda, kesimni tushum kelishigida bo‘lishini talab qiladigan كَانَ  yordamchi fe’liga misol qilingan Niso surasidagi  وَكَانَ اللهُ عَلِيمًا حَكِيمًا (Alloh bilim va hikmat sohibidir) oyatida Alloh taoloning ilm va qudrat singari zotiy sifatlarini inkor qiluvchi mo‘tazilalarga raddiya borligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Abdulqohir Jurjoniy “Miati omil” asarining Qur’oni karim ma’nolari tarjimasini izohlashdagi o‘rni bo‘yicha olib borilgan tadqiqot natijasida ishlab chiqilgan taklif va ilmiy-amaliy tavsiyalar asosida:
“Miati omil” asarida ma’no anglatmaydigan  ك (kaf) ko‘makchisining misoli bo‘lib kelgan Sho‘ro surasidagi لَيْسَ كَمِثْلِهِ شَيْءٌ (Uning mislidek biror narsa yo‘q) oyatida Yaratuvchini yaralmishlarga o‘xshatish e’tiqodida bo‘lgan mushabbihalarga, shuningdek, Allohga nisbatan “shay” so‘zini ishlatish joiz emas deb e’tiqod qiladigan jahmiyalar (adashgan firqalardan biri)ga ham raddiya borligi isbotlangani haqidagi ilmiy xulosa va tavsiyalardan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida diniy ta’lim muassasasi o‘qituvchilari hamda imom-xatiblar uchun tashkil etilgan malaka oshirish kurslarida “Moturidiy ta’limoti asoslari”, “Aqidaparast oqimlarga ilmiy raddiya berish asoslari: xalqaro tajriba” va “Hadislardan hukm olish asoslari” kabi fanlardan o‘quv rejalarini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasining 2024-yil 4-apreldagi 02-02//1059-son ma’lumotnomasi). Natijada diniy ta’lim o‘qituvchilari va soha xodimlarining adashgan firqalarga nisbatan Qur’on oyatlari yordamida raddiyalar berish to‘g‘risidagi bilimlari oshishiga xizmat qilgan;
Jurjoniy asarda egani bosh kelishikda, kesimni tushum kelishigida bo‘lishini talab qiladigan كَانَ yordamchi fe’lining misolida foydalangan Niso surasidagi  وَكَانَ اللهُ عَلِيمًا حَكِيمًا (Alloh bilim va hikmat sohibidir) oyatida Alloh taoloning sifatlarini inkor qiluvchi mo‘tazilalarga raddiya borligi asoslanganiga  oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston musulmonlari idorasi diniy ta’lim muassasalarida o‘qitilayotgan Aburahmon Jomiyning “Sharhi Mullo”, Abduqodir Abdurahimning “E’tiqod durdonalari”, Abul Barakot Nasafiyning “Tafsir an-Nasafiy” kabi adabiyotlarning mazmuniga singdirilgan (O‘zbekiston musulmonlari idorasining 2024-yil  1-martdagi 05-03/557-son ma’lumotnomasi). Natijada oyatlarning mazmunan qamrovini o‘rganish va ularni tushunishda shakllangan ma’lum tartib-qoidalar, mezonlar asosida raddiyalar haqidagi ma’lumotlar soha vakillariga etib borishiga xizmat qilgan;
“Miati omil” asarida Moida surasi 6-oyati: “qo‘llaringizni tirsaklarigacha, oyoqlaringizni to‘piqlarigacha (yuving)” jumlasidagi  إِلَي “gacha” ko‘makchisi arab tilidagi مَعَ “bilan” ma’nosini va boshqa 18 ta oyatdagi ko‘makchilarning turli ma’nolarini ifodalagani isbotlab berishi natijasida manbaning Qur’on oyatlarini tushunish borasidagi ixtiloflarning oldini olish imkoniyati oshgani dalillanganiga  oid ilmiy xulosalardan va “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyatini yanada takomillashtirishda doir qo‘shimcha tadbirlar to‘g‘risida” PQ-5186 sonli qaroriga 1-ilova “Jahon ilm-fani taraqqiyoti va  sivilizatsiyasiga hissa qo‘shgan ajdodlar ilmiy merosini tadqiq qilish hamda yangi yuksalish davridagi yutuqlarni targ‘ib qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”ning II yo‘nalishiga oid “Ma’naviy-marifiy targ‘ibot tadbirlari” 18-bandi “Ajdodlar merosi – ibrat va tarbiya manbai” mavzusida amalga oshirilgan targ‘ibot ishlarida hamda ziyorat turizmining ilmiy asoslari bo‘yicha etarli nazariy bilim va ko‘nikmalarga ega gid-tarjimonlar hamda soha xodimlari uchun tashkil etilgan darslar va o‘quv kurslari mazmunan boyitilishiga erishilgan hamda ilmiy ishning nazariy xulosalaridan ilmiy takliflar sifatida foydalanilgan (O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining 2024-yil 29-martdagi 06-07/52-son ma’lumotnomasi). Natijada gid-tarjimonlar hamda soha xodimlari uchun tashkil etilgan darslar va o‘quv kurslari mazmunan boyitilishiga erishilgan;
“Miat omil” o‘z davriga qadar yozilgan asarlardan farqli ravishda grammatik omillarni 13 turga tasniflab, ularni shartli ravishda so‘z bilan ifodalanadigan lafziy va mantiqan tushunib olinadigan ma’naviy omillar sifatida tartiblagani natijasida manbaning keyingi davr arab tili grammatikasiga oid adabiyotlarga uslubiy asos bo‘lib xizmat qilgani aniqlanganiga oid ilmiy xulosalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi qoshidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalida efirga uzatilgan “Buyuk yurt allomalari” ko‘rsatuvi tizimli senariylarini tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi qoshidagi “O‘zbekiston tarixi” telekanalining 2024-yil 3-martdagi 02-31-323-son ma’lumotnomasi). Natijada yangi dalil, fikr-mulohaza va nazariy xulosalar teleko‘rsatuvning sifati ortishiga, tomoshabinlarning ajdodlar merosi, jumladan, “Miat omil” asari mazmuniga qiziqishi kuchayishiga, arab grammatikasining o‘ziga xosliklari bilan tanishishlariga hamda Qur’on ma’nolari tarjimasidagi nozik mazmun-mohiyatlarini chuqurroq idrok etishlariga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish