Baxtiyarova Fotimaxon Sodiqovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “O‘zbek tilining izohli lug‘atida astronomiyaga oid terminlarning berilishi”, 10.00.01 – O‘zbek tili (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.2.PhD/Fil3259.
Ilmiy rahbar: Mengliev Baxtiyor Rajabovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Guliston davlat universiteti, PhD.03/27.02.2020.Fil.91.02.
Rasmiy opponentlar: Xayrullaev Xurshid Zayniddinovich, filologiya fanlari doktori, professor; Abdullaev Jumanazar Xudoyberdievich, filologiya fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Qo‘qon davlat pedagogika instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi astronomiyaga oid terminlarning o‘zbek tilining izohli lug‘atlarida berilishi, semantik tavsifini takomillashtirish asosida ularni o‘zbek tili milliy korpusida semantik teglash, astronomiyaga oid bir ma’noli va ko‘p ma’noli terminlar uchun modellar yaratish lingvistik muammosini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da mavjud astronomiyaga oid terminlarning statistik va genealogik tavsifi amalga oshirilib, ularning turkiy, arabiy, forsiy, evropa tillaridan o‘zlashganligi; derivatsion jihatdan tub va yasama; struktur jihatdan sodda va qo‘shma termin ekanligi dalillangan;
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da berilgan astronomiyaga oid terminlarning leksikografik sharhi bo‘yicha termin izohining havola usuli orqali boshqa so‘zga yo‘naltirilishi kabi takomillashtirilishi lozim bo‘lgan holatlar aniqlanib, kuzatilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun to‘liqlik, ixchamlik, soddalik kabi tamoyillar tavsiya etilgan;
izohli lug‘atga astronomiyaga oid terminlarni tanlab olish uchun mazkur sohaga doir terminlarning mazmuniy guruhiga, yangilik bo‘yog‘iga, faollik darajasiga ko‘ra tanlash kabi mezonlar ishlab chiqilib, shu asosda Tarozi, Shimol yog‘dusi, Qora tuynuk, Cho‘mich yulduzlar turkumi kabi jami ikki yuz ettita birlikka leksikografik baho berish orqali ularni “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”ga astronomiyaga oid termin sifatida kiritilishi asoslangan;
izohli lug‘atda astronomiyaga oid terminlar uchun tasviriy misollar berish bo‘yicha dalilning soha adabiyotlaridan olinishi zaruriyligi, o‘zakdosh so‘z-terminlarga leksik pometaning qo‘llanishi shartligi asoslangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. O‘zbek tilining izohli lug‘atlarida berilgan astronomiyaga oid terminlarning tahlili, tavsifi hamda tadqiqi bo‘yicha olingan ilmiy natijalar va xulosalar asosida:
izohli lug‘atda astronomiyaga oid terminlar uchun tasviriy misollar berish bo‘yicha dalilning soha adabiyotlaridan olinishi zaruriyligi, o‘zakdosh so‘z-terminlarga leksik pometaning qo‘llanishi shartligi, izohli lug‘atlar uchun bir ma’noli va ko‘p ma’noli astronomiyaga oid terminlarning modellarini yaratish, ularni maxsus korpuslarda semantik teglashga doir ilmiy xulosalardan S-ECAGD- 18-CA-0067 (P020002335) raqamli “FY 2018 English Access Microscholarship Program” (2020 − 2022) nomli Amerika Qo‘shma Shtatlari ta’lim va madaniy ishlar byurosi bilan hamkorlikdagi fundamental va ilmiy-amaliy loyihalarning nazariy qismida foydalanilgan (Muqimiy nomidagi Qo‘qon davlat pedagogika institutining 2023-yil 3-oktyabrdagi 12.08/04-son ma’lumotnomasi). Natijada tadqiqot jarayonida yaratilgan dastur va qo‘llanmalar amaliy hamda milliy va maxsus korpuslarda astronomiyaga oid terminlarni semantik teglash, algoritmlash kabi amaliy yangiliklar bilan boyitilishiga, bu orqali ta’lim hamda madaniyatni rivojlantirishga qaratilgan nazariy va amaliy ishlarning yanada samarali tashkil etilishiga erishilgan;
yangi olti jildli izohli lug‘atda berilgan astronomiyaga oid ikki terminning genealogik, struktur-semantik jihatdan tahlili ko‘rilib, tahlil natijasida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun to‘liqlik, ixchamlik, soddalik va aniqlik kabi tamoyillar tavsiya etilib, ilmiy asoslanganligi haqidagi xulosalardan O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining a’zolari tomonidan xalqimizning qadimiy tarixi, qomusiy olimlari, xususan, astronomiya sohasining rivojlanishiga hissa qo‘shgan allomalarimizning boy ma’naviy madaniy merosini targ‘ib etuvchi chora-tadbirlarni amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2024-yil 27-maydagi O1-03/617-son ma’lumotnomasi). Natijada yosh ijodkorlarni yurtimizda amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlarni o‘zida aks ettirishga qaratilgan yuksak badiiy asarlar yaratishga rag‘batlantirish, o‘zbek adiblari ijodini jahon adabiyoti darajasida namoyish etish hamda yoshlarning kitobga bo‘lgan muhabbatini kuchaytiruvchi dasturlarning nazariy va amaliy jihatdan boyitilishiga erishilgan;
“O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da mavjud astronomiyaga oid terminlarning statistik va genealogik tavsifi amalga oshirilib, ularning turkiy, arabiy, forsiy, evropa tillaridan o‘zlashganligi; derivatsion jihatdan tub va yasama; struktur jihatdan sodda va qo‘shma termin ekanligiga doir xulosalardan O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston” teleradiokanali, “Madaniy-ma’rifiy va badiiy eshittirishlar” muharririyati tomonidan tayyorlangan “Ta’lim va taraqqiyot”, “Adabiy jarayon” nomli eshittirishlar ssenariysida (2023-2024 sentyabr va mart oylari) foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “O‘zbekiston teleradiokanali” Davlat muassasasining 2024-yil 8-maydagi 02/36-626-son ma’lumotnomasi). Natijada astronomiya sohasiga oid ma’lumotlarning berilishida taklif qilingan illyustrativ terminlarning qo‘llanilishi tinglovchilar tomonidan qiziqarli tarzda kutib olingan, bu esa dasturning yanada ommabop va original bo‘lishini ta’minlagan, shuningdek, milliy va maxsus korpuslarda, televidenie saytlarida mazkur soha terminologiyasining semantik teglaridan unumli foydalanish dasturning mavzu jihatdan yanada rang-barang bo‘lishiga erishilgan.