Kamalova Dildora Gayratovnaning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Jinoyat sodir etish bosqichlarining nazariy va amaliy muammolari”, 12.00.08 – Jinoyat huquqi. Jinoyat-ijroiya huquqi ixtisosligi (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.4.DSc/Yu345.
Ilmiy rahbar: Rustambaev Mirzayusuf Xakimovich, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat yuridik universiteti, DSc.07/13.05.2020.Yu.22.03.
Rasmiy opponentlar: Kabulov Rustam, yuridik fanlar doktori, professor; Turg‘unboev Elbekjon Odiljonovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Toshpo‘latov Akrom Ikromovich, yuridik fanlar doktori, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Sudyalar oliy maktabi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi jinoyat sodir etish bosqichlarining mazmun va mohiyatini tushunishga nisbatan to‘g‘ri ilmiy yondashuvni ishlab chiqish, unga doir jinoyat-huquqiy normalarining qo‘llanishi bo‘yicha normativ-huquqiy baza, qonunni qo‘llash amaliyotini takomillashtirishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
jinoyat qonuni bilan qo‘riqlanadigan ijtimoiy munosabatlarga zarar etkazilmaganlik asoslariga ko‘ra, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik uchun javobgarlik belgilash maqsadga muvofiq emasligi asoslantirilgan;
sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasining kamligi sababli jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik uchun jazoning muddati yoki miqdori Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmasligi lozimligi asoslantirilgan;
ishtirokchilikda sodir etiladigan jinoyatda bajaruvchining jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytishi qolgan ishtirokchilarning harakatlarini jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish yoki suiqasd qilish deb baholash uchun asos bo‘lishi va tegishli javobgarlikni keltirib chiqarishi asoslantirilgan;
tashkilotchi, dalolatchi yoki yordamchi jinoyatdan ixtiyoriy ravishda qaytib, jinoyatning oldini olish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan barcha choralarni o‘z vaqtida ko‘rganligi natijasida jinoyatning sodir etilishi oldi olinsa, jinoyatda ishtirokchilik uchun javobgarlik istisno qilinishi asoslantirilgan;
jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik hamda jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun jazoning maksimal muddati yoki miqdorini belgilashga oid qoida ayrim turdagi jinoyatlarning ijtimoiy xavflilik xususiyati yuqoriligi sababli, bunday toifadagi jinoyatlar uchun jazo tayinlashda qo‘llanilmasligi asoslantirilgan;
jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladigan o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini tayyorlashda ashyoga shikast etkazish xususiyatlarini berishga qaratilgan harakatlar aybdorga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, oxirigacha etkazilmagan bo‘lsa, o‘qotar qurol, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda tayyorlashga suiqasd qilish sifatida kvalifikatsiya qilinishi lozimligi asoslantirilgan.
IV. Tadqiqot natijalarini joriy qilinishi. Jinoyat sodir etish bosqichlarining nazariy va amaliy jihatlarini tadqiq etish natijalari asosida:
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi bo‘yicha ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish javobgarlikni keltirib chiqarmasligi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi loyihasining 28-moddasi 2-qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022-yil 27-dekabrdagi 27/2-361-22-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi jinoyatga tayyorgarlik uchun javobgarlikni differensiatsiya qilinishiga xizmat qilgan;
jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik uchun jazoning muddati yoki miqdori Jinoyat kodeksi Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning yarmidan oshmasligi haqidagi taklifdan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi loyihasining 66-moddasi 2-qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022-yil 27-dekabrdagi 27/2-361-22-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik uchun insonparvarlik va odillik prinsiplari asosida adolatli jazo tayinlanishiga xizmat qilgan;
ishtirokchilikda sodir etiladigan jinoyatda bajaruvchining jinoyat sodir etishdan ixtiyoriy qaytishi qolgan ishtirokchilarning harakatlarini jinoyatga tayyorgarlik ko‘rish yoki suiqasd qilish deb baholash uchun asos bo‘lishi va tegishli javobgarlikni keltirib chiqarishi haqidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi loyihasining 30-moddasi 4-qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022-yil 27-dekabrdagi 27/2-361-22-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi qilmishga nisbatan to‘g‘ri huquqiy baho berishga xizmat qilgan;
tashkilotchi, dalolatchi yoki yordamchi jinoyatdan ixtiyoriy ravishda qaytib, jinoyatning oldini olish uchun o‘ziga bog‘liq bo‘lgan barcha choralarni o‘z vaqtida ko‘rganligi natijasida jinoyatning sodir etilishi oldi olinsa, jinoyatda ishtirokchilik uchun javobgarlik istisno qilishi haqidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi loyihasining 30-moddasi 5-qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining 2022-yil 27-dekabrdagi 27/2-361-22-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi qilmishga nisbatan to‘g‘ri huquqiy baho berishiga xizmat qilgan;
jinoyatga tayyorgarlik ko‘rganlik hamda jinoyat sodir etishga suiqasd qilganlik uchun jazoning muddati yoki miqdori ushbu Kodeks Maxsus qismining tegishli moddasida nazarda tutilgan eng ko‘p jazoning to‘rtdan uch qismidan oshmasligi kerak, degan qoida o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan jabrlanuvchining nomusiga tegish yoki unga nisbatan zo‘rlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq jinoyatlar; o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish yoki jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish bilan bog‘liq jinoyatlar; voyaga etmagan shaxs tavsiflangan yoki tasvirlangan pornografik mahsulotni tarqatish, reklama qilish, namoyish etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, xuddi shuningdek uni tayyorlash, tarqatish, reklama qilish, namoyish etish yoxud voyaga etmagan shaxsni pornografik xususiyatga ega harakatlarning ijrochisi sifatida jalb etish bilan bog‘liq jinoyatlar; voyaga etmagan shaxsni jalb etgan holda qo‘shmachilik qilish, fohishaxonalarni tashkil etish yoki saqlash bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazo tayinlashda qo‘llanilmasligi haqidagi takliflaridan O‘zbekiston Respublikasining 2023-yil 11-apreldagi O‘RQ–829-son Qonunining 3-moddasi 2-qismini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining 2024-yil 5-iyundagi 02/6-09-57-son ma’lumotnomasi). Ushbu taklifning qabul qilinishi ijtimoiy xavflilik darajasiga ko‘ra tamom bo‘lmagan jinoyatlar uchun jinoiy jazoning differensiatsiya qilinishiga xizmat qilgan;
jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladigan o‘qotar qurol, o‘q-dorilar, o‘qotar qurolning asosiy qismlari, portlovchi moddalar, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini tayyorlashda ashyoga shikast etkazish xususiyatlarini berishga qaratilgan harakatlar aybdorga bog‘liq bo‘lmagan holatlarga ko‘ra, oxirigacha etkazilmagan bo‘lsa, o‘qotar qurol, o‘q-dorilarni, o‘qotar qurolning asosiy qismlarini, portlovchi moddalarni, portlatish vositalari yoki portlatish qurilmalarini qonunga xilof ravishda tayyorlashga suiqasd qilish deb kvalifikatsiya qilinishi to‘g‘risidagi taklifidan O‘zbekiston Respublikasining Oliy sudi Plenumining 2023-yil 20-noyabrdagi 31-sonli qarorining birinchi bandi o‘n ettinchi xatboshisini ishlab chiqishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasining Oliy sudining 2024-yil 14-iyundagi 01-29-51-son ma’lumotnomasi). Mazkur taklif qilmishga to‘g‘ri huquqiy baho berish va adolatli jazo tayinlanishiga xizmat qilgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish