Qazimbetova Muxabbad Maxsetbaevnaning
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i): «Nostatsionar tenglamalar uchun yuqori aniqlikdagi ayirmali sxemalar», 01.01.03–Hisoblash matematikasi va diskret matematika (fizika-matematika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.2.PhD/FM500.
Ilmiy rahbar: Utebaev Dauletbay, fizika-matematika fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi DSc.03/30.12.2019.FM.01.02 raqamli ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: Hayotov Abdullo Raxmonovich, fizika-matematika fanlari doktori, professor; Ashiraliev Charyar, fizika-matematika fanlari doktori, professor (Turkiya).
Yetakchi tashkilot: Termiz davlat universiteti
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi silliq va nosilliq echimlar sinflarida ikkinchi va to‘rtinchi tartibli oddiy differensial tenglamalar sistemasi uchun yuqori aniqlikdagi ayirmali sxemalarini qurish, ularning turg‘unlik shartlarini topish hamda yaqinlashish va aniqlik baholarini olishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
ikkinchi va to‘rtinchi tartibli oddiy differensial tenglamalar sistemasi uchun silliq echimlar sinfida yangi oshkor va oshkormas ayirmali sxemalar qurilgan, approksimatsiya xatoligi, turg‘unlik shartlari va aniqlik baholari olingan;
ikkinchi tartibli oddiy differensial tenglamalar sistemasi uchun qurilgan yuqori aniqlikdagi ayirmali sxemalar asosida additiv ayirmali sxemalar qurilgan;
ikkinchi tartibli oddiy differensial tenglamalar sistemasini sonli echich uchun umumlashgan echimlar sinfida chekli ayirmalar usulining yuqori aniqlikdagi oshkor va oshkormas ayirmali sxemalari ishlab chiqilgan;
umumlashgan echimlar sinfida ikkinchi tartibli ko‘p o‘lchovli giperbolik tenglama uchun ayirmali sxemalar qurilgan, approksimatsiya xatoligi, turg‘unlik shartlari va aniqlik baholari olingan;
Laplas tenglamasi uchun qo‘yilgan teskari masalaga yuqori aniqlikdagi ayirmali sxemalar qurilgan, yaqinlashish va aniqlik baholari olingan;
tashqi magnit maydondagi sovuq plazmadagi elektron to‘lqinlar tenglamasi va siqiladigan stratifikatsiyalangan aylanuvchi suyuqlik dinamikasi tenglamasi uchun boshlang‘ich chegaraviy masalalarga vaqt bo‘yicha yuqori aniqlikdagi yangi ayirmali sxemalar qurilgan va aniqlik baholari olingan.
IV.Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi:
Ikkinchi va to‘rtinchi tartibli oddiy differensial tenglamalar sistemasi uchun yuqori aniqlikdagi ayirmali sxemalarni qurish bo‘yicha olingan natijalar amaliyotga quyidagi yoʻnalishlarda joriy etilgan:
ikkinchi tartibli oddiy differensial tenglamalar sistemasi uchun umumlashgan echimlar sinfida qurilgan chekli ayirmalar usulining yuqori aniqlikdagi oshkor va oshkormas sxemalardan OT-F4-30-raqamli «Konvektiv ko‘chirishda, o‘zgaruvchan zichlikka, manba yoki yutilishga ega ikki karra nochiziqli kross-sistema echimlarining hususiyatlarini o‘rganish» mavzusidagi ilmiy-tadqiqot loyihasida diffuziya-konveksiya masalalarini taqribiy echish uchun optimal ayirmali sxema qurishda va uning approksimatsiya xatoligi, turg‘unligi va aniqligini baholashda foydalanilgan (O‘zbekiston Milliy universitetining 2024 yil 28 iyunidagi 04/11-5328 sonli ma’lumotnomasi). Ilmiy natijalarning qo‘llanilishi diffuziya-konveksiya masalalari uchun yangi optimal algoritmlar qurish va sonli echish imkonini bergan.
teskari masalalarni taqribiy echish, sonli modellashtirish va sonli eksperimentlar o‘tkazish usullaridan OT-F2-77-raqamli «Modellashtirish asosida ichki nuqsonlarni hisobga olgan holda yarim o‘tkazgichli asboblarning ishonchliligini bashorat qilishning takomillashtirish usuli» mavzusidagi fundamental loyihada turli defektlarga ega yarimo‘tkazgich strukturalardagi jarayonlarning elektrofizik va optik xususiyatlarini aniqlashda foydalanilgan (Qoraqalpoq davlat universitetining 2024 yil iyunidagi 01-22-04/337-sonli ma’lumotnomasi). Olingan ilmiy natijalarning qo‘llanilishi yarimo‘tkazgichlar fizikasi masalalarida defektlarning paydo bo‘lishi sabablarini aniqlash va muayyan turg‘unlikni ta’minlaydigan yarimo‘tkazgich priborlarni yaratishdagi usullarni takomillashtirish imkonini bergan.