Nuriddinov Qurbonali Komiljon o‘g‘lining
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «Internet of things» texnologiyalari asosida peregon signal nuqtasi qurilmalari holatini uzlyuksiz monitoring qilishning mikroprotsessorli vositalari, 05.08.03 – Temir yo‘l transportini ishlatish (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.3.PhD/T4998.
Ilmiy rahbar: Azizov Asadulla Raximovich, texnika fanlari nomzodi, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat transport universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat transport universiteti huzuridagi PhD.15/31.08.2022.T.73.01 raqamli Ilmiy kengash.
Rasmiy opponentlar: O‘ljaev Erkin, texnika fanlari doktori, professor; Rixsiev Dilmurod Xojiakbarovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
II. Tadqiqotning maqsadi “Internet of things” texnologiyalari asosida peregon signal nuqtasi qurilmalari holatini uzlyuksiz monitoring qilish mikroprotsessorli vositalarini ishlab chiqish va tadqiq etishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
temir yo‘l avtomatika, telemexanika jihozlariga belgilab berilgan texnik talablarni e’tiborga olib, energiya-resurs tejovchi va zamonaviy aloqa texnologiyalardan foydalanish orqali peregon signal nuqtasi qurilmalari holatini uzlyuksiz nazorat va monitoring qilish hamda tashxislashning mikroprotsessorli vositalarini ishlab chiqish usullari va tamoyillari asoslangan;
peregon signal nuqtasi qurilmalari holatini hisobga olib Petri tarmoqlari grafi va Markov zanjirlari holatlar grafi asosida uzlyuksiz monitoring qilish, texnik tashxislash va bashoratlash, yo‘l relesi kuchlanishini o‘lchash hamda ma’lumotlar uzatishni tashkil etishning matematik modellari ishlab chiqilgan;
peregon signal nuqtasida nazorat qilinadigan qurilmalarning xavfli nosozlik holati haqidagi monitoring ma’lumotlarini zudlik bilan xizmat xodimlariga etkazishni hisobga olgan holda, mobil ilova yordamida ogohlantirish orqali xabarlarni simsiz uzatish usuli ishlab chiqilgan;
monitoring ma’lumotlarini aloqa kanalidan tezkor uzatishni hisobga olgan holda, signal nuqtasi qurilmalari iste’mol tokining muhim qiymatlari darajalarini qisqa ma’lumotlar ko‘rinishiga o‘zgartirish orqali soddalashtirilgan tashxislash usuli ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. “Internet of things” texnologiyalari asosida peregon signal nuqtasi qurilmalari holatini uzlyuksiz monitoring qilishning mikroprotsessorli vositalarini yaratish va amalda qo‘llashga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqot natijalari asosida:
qurilmalar holatini texnik tashxislash, bashoratlash, yo‘l relesi kuchlanishini o‘lchash hamda simsiz ma’lumotlar uzatishni tashkil etish matematik modellari, ishlash algoritmlari, dasturiy ta’minotlari, shuningdek mikroprotsessorli vositalarni ishlab chiqishning asoslangan usullari va tamoyillari hamda ularning sxemaviy echimlari “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJning “Signallashtirish va aloqa boshqarmasi” tasarrufidagi Salar-Nurhayot peregonida joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligining 2023-yil 19-dekabrdagi 4/8876-sonli ma’lumotnomasi). Natijada signal nuqtasida qurilmalar holatini uzlyuksiz monitoring qilishning mikroprotsessorli vositalari bexato ishlashini tekshirish, ularning ishlash ishonchliligini oshirishga erishilgan hamda monitoring va tashxislash ma’lumotlarini masofadan uzatishning talab etadigan shartlarini inobatga olish imkoni yaratilgan;
sanoat miqyosidagi “DVP20SX2” turidagi dasturlashtiriladigan mantiqiy kontroller, “SimCom SIM7600E” tarmoq kontrolleri apparatli bazasida yaratilgan mikroprotsessorli vositalar hamda “Internet of things” texnologiyalari asosida ishlab chiqilgan smartfon mobil ilovasi Toshkent signallashtirish va aloqa masofasi Salar – Hojikent temir yo‘l uchastkasi, 8-kilometr 6-piketdagi 1-6-signal nuqtasiga joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Transport Vazirligining 2023-yil 19-dekabrdagi 4/8876-sonli ma’lumotnomasi). Natijada kamerton generatorini istisno qilish, to‘satdan yuzaga kelgan nosozlik va buzilishlar haqidagi ma’lumotlarni xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning mobil telefonlariga SMS xabarlar ko‘rinishida zudlik bilan simsiz etkazish imkoniyati paydo bo‘lgan. Mobil ilova yordamida qurilmalar holatini masofadan monitoring va nazorat qilish resurs sarfini 30...40% ga kamaytirish, signallashtirish qurilmalariga texnik xizmat ko‘rsatish jadvallariga muvofiq bir qator davriy ishlarni bajarishdan voz kechish imkonini bergan.