Mamayusupov Abbos Nurqobilovichning
Falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Bahorgi issiqxonalarda shirin qalampirni (Capsicum annuum L.) nav va duragaylarini etishtirish texnologiyasi”, 06.01.06 – Sabzavotchilik (Qishloq xo‘jaligi fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Qx1109.
Ilmiy rahbar: Buriev Xasan Chutbaevich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent davlat agrar universiteti, DSc05/29.04.2022.Qx.13.04.
Rasmiy opponentlar: Dusmuratova Saodat Ismoilovna, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor; Abdiev Zafarali Toshtemirovich, qishloq xo‘jaligi fanlari bo‘yicha falsafa doktori.
Yetakchi tashkilot: Andijon qishdoq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Surxondaryo viloyati sharoitida bahorgi issiqxonalarda etishtirishga mos shirin qalampir nav va duragaylarini tanlash, maqbul ekish muddatlari va oziqlanish maydonini aniqlashdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor shirin qalampirni Surxondaryo viloyati sharoitida bahorgi issiqxonalarda etishtirishga mos o‘rtapishar (95-105 kun), yuqori hosilli Fisht F 1 (6,3 kg/m2) va Belogor F 1 (6,4 kg/m2) duragaylari istiqbolli deb ajratilgan;
shirin qalampirni bahorgi issiqxonalarda yanvar oyining ikkinchi o‘n kunligida ekilganda Fisht F1 (9,0 kg/m2), Belogor F 1 (8,6 kg/m2) duragaylarida eng yuqori hosildorlik ta’minlanganligi va vitamin S miqdori (168,4±4,5 mg/%; 164,7±4,0 mg/%) oshganligi isbotlangan;
bahorgi ekish muddatlarida 60x30 sm sxemada va 0,18 m2 oziqlanish maydonida shirin qalampirning Fisht F1 (9,6 kg/m2), Belogor F 1 (9,0 kg/m2) duragaylaridan yuqori hosil olinganligi aniqlangan;
bahorgi isitilmaydigan issiqxona sharoitida shirin qalampirning Fisht F1 va Belogor F 1 duragaylarini maqbul ekish muddatlari va oziqlanish maydonida etishtirilganda iqtisodiy samaradorlik 208-285 % ga oshishi isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Bahorgi issiqxonalarda shirin qalampir nav va duragaylarini etishtirish texnologiyasini o‘rganish bo‘yicha olib borilgan ilmiy tadqiqotlar asosida:
sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklari uchun «Bahorgi vaqtinchalik issiqxonalarda shirin qalampir etishtirish» nomli tavsiyanoma tasdiqlangan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2024 yil 19 apreldagi 05/01-05/02-05/04-04-148-son ma’lumotnomasi). Ushbu tavsiyanoma fermer, dehqon va tomorqa xo‘jaliklarida sifatli shirin qalampir etishtirishda amaliy qo‘llanma sifatida xizmat qilgan;
bahorgi issiqxona sharoitida shirin qalampirning nav namunalarini sinash ishlanmasi Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani «Bek Ali Adhambek»  fermer xo‘jaligida 0,12 gektar maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2024 yil 19 apreldagi 05/01-05/02-05/04-04-148-sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida Fisht F1 duragayidan 4,0 kg/m2, Yubiley Semko F1 duragayidan 3,0 kg/m2, va Belogor F1 4,4 kg/m2 hosil olingan. Nav namunalaridan olingan sof daromad 630-1320 000 so‘m, rentabellik 233-389 % ni tashkil etgan;
isitilmaydigan issiqxona sharoitida shirin qalampirni nav va duragaylarini maqbul ekish muddatlarini aniqlash ishlanmasi Surxondaryo viloyati Jarqo‘rg‘on tumani «Oq alang Baraka» fermer xo‘jaligida 0,12 gektar maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2024-yil 19-aprel 05/01-05/02-05/04-04-148-sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida 20 yanvar sanasida ekib etishtirilganda Fisht F1» duragayidan 4,1 kg/m2, Yubiley Semko F1 duragayidan 3,6 kg/m2, va Belogor F1 4,0 kg/m2 hosil olingan. Nav namunalaridan olingan rentabellik darajasi nazorat variantiga nisbatan 125 % ga yuqori bo‘lgan;
bahorgi issiqxona sharoitida shirin qalampirning nav va duragaylarini ekish sxemasini xosildorlikka ta’siri ishlanmasi Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumani «Mamatqul Jo‘ra o‘g‘li»  fermer xo‘jaligida 0,12 gektar maydonga joriy etilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi Qishloq xo‘jaligida bilim va innovasiyalar milliy markazining 2024-yil 19-aprel 05/01-05/02-05/04-04-148-sonli ma’lumotnomasi). Buning natijasida 60x30 sm ekish sxemasida ekilganda olingan hosildorlik Fisht F1» duragayidan 3,9 kg/m2, Yubiley Semko F1 duragayidan 3,5 kg/m2, va Belogor F1 4,2 kg/m2, rentabellik darajasi 289-367 % ni tashkil etgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish