Meliev Xudoyor Xurramovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri: “Korrupsiyaviy jinoyatchilik va unga qarshi kurashishning kriminologik choralari”, 12.00.15 -Kriminologiya (yuridik fanlar).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2021.3.PhD/Yu599.
Ilmiy rahbar: Abdurasulova Qumriniso Raimqulovna, yuridik fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: O‘zbekiston Respublikasi Toshkent davlat yuridik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi, DSc.31/31.12.2020.Yu.67.01.
Rasmiy opponentlar: Qalandarov Maqsud Maxmudovich, yuridik fanlar doktori, dotsent; Xasanov Temur Xolmamatovichlar, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi korrupsiyaviy jinoyatchilik tushunchasi, uning ijtimoiy munosabatlarga, davlat va jamiyat rivojlanishiga salbiy ta’siri, uning sabablari va sharoitlari, korrupsiyaviy jinoyatni sodir etgan shaxsni, korrupsiyaga qarshi kurashishning nazariy va amaliy muammolarini baholash, bu ijtimoiy illatga qarshi samarali kurashish bo‘yicha keng ko‘lamli, xususan, huquqiy choralarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha davlat organlarida ochiqlik va shaffoflikni yanada ta’minlashga qaratilgan takliflarning qonunchilikka joriy etilishi natijasida jamoatchilikni xabardorligini oshirish orqali korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilish samarasi asoslantirilgan;
davlat va nodavlat tashkilotlar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi axborotni xabar qiluvchi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlarini davlat himoyasida bo‘lishi lozimligi asoslantirilgan;
shartnomalarning korrupsiyaga, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgani sababli haqiqiy emas deb topish, davlat xizmatchilari tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etganligining huquqiy oqibatlarini belgilash asoslantirilgan;
davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan holda orttirilgan noqonuniy daromadlarni yashirish holatlarni oldini olish maqsadida respublika hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va ularga egalik qilish, naqd pul mablag‘larini saqlash, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka ega bo‘lishning taqiqlanishi zarurligi asoslantirilgan;
davlat tashkilotlarining ichki hujjatlarida korrupsiyaga qarshi samarali choralar belgilash, barcha xodimlar uchun tushunarli qoidalarni o‘rnatish muhimligi sababli, Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi siyosatida kurashishning asosiy prinsiplari va xodimlar bilan tuziladigan mehnat shartnomalari, shuningdek, adliya organlari tomonidan kontragentlar bilan bog‘liq shartnomalarga kiritiladigan korrupsiyaga qarshi qoidalarning asosiy shartlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Korrupsiyaviy jinoyatchilik va unga qarshi kurashishning kriminologik choralari
korrupsiyaga qarshi kurashishda jamoatchilik nazoratini ta’minlashda davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni ta’minlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish yuzasidan qonun hujjatlariga takliflar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 16 iyundagi PF–6247-son “Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini ta’minlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmonida o‘z aksini topgan (O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2021 yil 12 iyuldagi 01-05/4984-son ma’lumotnomasi). Ushbu takliflar davlat tashkilotlarida ochiqlik va shaffoflik mexanizmlarini keng tatbiq etish va shu orqali jamoatchilik nazoratini oshirish orqali korrupsiyaning oldini olishga xizmat qilgan;
davlat va nodavlat tashkilotlarda korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashishda davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining vakolatlarini, korrupsiyaga doir huquqbuzarliklar haqida ma’lumot beruvchi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlarini himoya qilishni qonuniy tarzda belgilash bo‘yicha takliflar korrupsiyaga qarshi kurashishda davlat va nodavlat tashkilotlarining faoliyatini samarali muvofiqlashtirishda foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Korrupsiyaga qarshi kurashish va sud-huquq masalalari qo‘mitasining 2021 yil 15 iyuldagi 06/1-11/3800-son xati, 2021 yil 25 noyabrdagi 06/1-11/6073-son dalolatnomasi). Natijalar korrupsiya haqida xabar beruvchi shaxslar va ularning yaqin qarindoshlarini davlat himoyasiga olishni kafolatlashga yordam bergan;
shartnomalarning korrupsiyaga, shu jumladan manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgan holda tuzilgani uchun ularni haqiqiy emas deb topish, davlat xizmatchilari tadbirkorlik faoliyatida ishtirok etganligining huquqiy oqibatlarini belgilash bo‘yicha taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 2021 yil 6 iyuldagi PQ–5177-son qarorining 2-bandida aks etgan (O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2024 yil 8 apreldagi 5-son dalolatnomasi). Natijalar korrupsiyaga qarshi kurashishning qonuniy asoslardan biri bo‘lib xizmat qilmoqda;
davlat xizmatchilari tomonidan korrupsiyaga yo‘l qo‘ygan holda ortirilgan noqonuniy daromadlarni respublika hududidan tashqarida hisobraqamlar ochish va egalik qilish, naqd pul mablag‘larini saqlash, ko‘chmas va boshqa mol-mulkka ega bo‘lishni taqiqlash haqidagi taklif O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi PF–6257-sonli Farmonining 4-bandida, oxirgi benefisiarga oid ma’lumotlarni olish tartibini takomillashtirish bo‘yicha taklif ushbu Farmon bilan tasdiqlangan davlat dasturining 22-bandida aks etgan (O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining 2024 yil 8 apreldagi 4-son dalolatnomasi). Natijalar korrupsiyaga qarshi kurashishdagi ahamiyatini ilmiy jihatdan belgilab bergan;
davlat tashkilotlarining ichki hujjatlarida korrupsiyaga qarshi samarali choralar belgilash maqsadida, dastlab Adliya vazirligining korrupsiyaga qarshi siyosati tamoyillari haqidagi takliflari adliya vazirining 2020 yil 24 fevraldagi 42-um-son buyrug‘i bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatining 9-bandida, xodimlar bilan tuziladigan mehnat shartnomalariga va adliya organlari tomonidan kontragentlar bilan tuziladigan shartnomalarga kiritiladigan korrupsiyaga qarshi qoidalarning mazmuni bo‘yicha asosiy shartlar, ushbu buyruq bilan tasdiqlangan ilovalarda aks etgan (Adliya vazirligining 2024 yil 11 apreldagi 3/2-9222/8-son dalolatnomasi). Natijalar xodimlarning ish faoliyatidagi va adliya organlarining xarid shartnoma shartlarini amalga oshirishda korrupsiyaga qarshi shartlarga rioya qilish madaniyatini shakllantirishga xizmat qilgan.