Achilova Nurxon Normuxammedovnaning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I.Umumiy ma’lumotlar. Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Ipak yo‘li aspekti: o‘zbek adabiyotida ajdarho obrazi talqinlari”, 10.00.02 – o‘zbek adabiyoti (filologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.PhD/Fil3073.
Ilmiy rahbar: Musurmanov Erkin Rabbimovich, filologiya fanlari doktori, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Sharof Rashidov nomidagi Samarqand davlat universiteti, DSc.03/05.05.2023.Fil.02.11.
Rasmiy opponentlar: Jumanazarov Umrzoq Abdurazzoqovich, filologiya fanlari doktori, professor; Rajabov Dilshod Zaripovich, filologiya fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II.Tadqiqotning maqsadi Buyuk Ipak yo‘li xalqlari madaniyatidagi ajdarho timsolining o‘zbek folklori va yozma adabiyotidagi vazifasini aniqlash, uni Xitoy va Evropa xalqlari eposlarida keladigan obrazlar bilan qiyoslash hamda uyg‘un, umumiy va farqli jihatlarini ochib berishdan iborat.
III.Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
qadimgi o‘zbek folklorida ajdarho timsoli asosan yaxshilik, kuch-qudrat ramzi bo‘lib kelganligi, yunon mifologiyasi, islom dini va fors madaniyati ta’sirida obraz modernizatsiyaga uchraganligi hamda salbiy ma’no kasb eta boshlaganligi asoslangan;
ajdarho so‘zining etimologiyasi qadimgi dariy tiliga taalluqliligi, “Long” so‘zining etimologiyasi turkiycha “ilon” so‘ziga fonetik va leksik jihatdan yaqinligi ochib berilgan;
o‘zbek adabiyotida ilon va ajdarho obrazlari kelib chiqish tarixi bir-biriga bog‘liqligi, ko‘p hollarda ikki obraz negizida bir xil tushuncha yotganligi va ularning ilohiylashtirilgan idrokli mavjudot sifatida qaralganligi dalillangan;
Ajdarho obrazining o‘zbek folklori, “Alpomish” dostonidagi talqinlari bilan Buyuk ipak yo‘li boshida turgan Xitoy mifologiyasi longlari va Ipak yo‘lini nihoyalagan Evropa xalqlarining qadimgi va nodir adabiy yodgorligi “Beofulf” eposidagi drakonlari qiyoslanib, ajdarho obrazlarining vaqt, matn, individuallik nuqtai nazardan sayyor evolyusion jarayonlari ochib berilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Buyuk ipak yo‘li aspektida o‘zbek adabiyotida ajdarho obrazi talqinlari bilan bog‘liq izlanish olib borish asosida:
ajdarho obrazining o‘zbek folklori, “Alpomish” dostonidagi talqinlari bilan Buyuk ipak yo‘li boshida turgan Xitoy mifologiyasi longlari va Ipak yo‘lini nihoyalagan Evropa xalqlarining qadimgi va nodir adabiy yodgorligi “Beofulf” eposidagi drakonlari qiyoslanib, ajdarho obrazlarining vaqt, matn, individuallik nuqtai nazardan sayyor evolyusion jarayonlari talqinlariga oid chiqarilgan ilmiy xulosalardan O‘zRFA QQB Qoraqalpoq gumanitar fanlar ilmi-tadqiqot institutida 2017-2020-yillarda bajarilgan FA-F1-OO5-raqamli “Qoraqalpoq folklorshunosligi va adabiyotshunosligini tadqiq etish” mavzusidagi fundamental loyihasini amalga oshirishda foydalanilgan (O‘zR FA Qoraqalpog‘iston bo‘limining 2024-yil 2-fevraldagi 132/1-son ma’lumotnomasi). Natijada xalq og‘zaki ijodida ajdarho obrazining kelib chiqish tarixi, rivojlanish bosqichlari, folklore ijodida tutgan o‘rni, ijobiy va salbiy obraz sifatida gavdalanishi kabi jihatlari asoslanishiga erishilgan;
ajdarho so‘zining etimologiyasi qadimgi dariy tiliga taalluqli bo‘lganligi, “long” (Xitoy ajdarhosi) so‘zining etimologiyasi turkiycha “ilon” so‘ziga fonetik va leksikologik jihatdan juda yaqinligi, ajdarho haqidagi dastlabki yozma ma’lumotlar Qadimgi Misr bitiklari va shumer-bobil xalqlari dostonlarida keltirilganligi va bir xalqda ijobiy talqin qilingan boshqa bir xalq mifologiyasida salbiy talqin etilgan ajdarho obrazito‘g‘risidagi ilmiy xulosalar va materiallar Davlat ilmiy-texnik dasturi doirasidagi 2021-2023-yillarda bajarilgan PZ-2020042022 – Turkiy tillarning lingvodidaktik elektron platformasini yaratish loyihasini bajarishda foydalanilgan (Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining 2024-yil 8-apreldagi 04/1-902-son ma’lumotnomasi). Natijada qadimgi dunyo sahnida “Buyuk ipak yo‘li” tushunchasi insoniyat tarixidagi eng yorqin fenomenlardan biriga aylanishi, Buyuk ipak yo‘lida joylashgan xalqlar adabiyoti va mifologiyasidagi sehrli-fantastik timsollar madaniy-ma’rifiy g‘oyalar migratsiyalari sababli o‘ziga xos jihatlarga ega bo‘lib borgan va dominant mifologik obrazlarga aylana borganligi haqidagi ma’lumotlarning kengayishiga erishilgan;
qadimgi o‘zbek folklorida ajdarho timsoli asosan yaxshilik, kuch-qudrat ramzi bo‘lib kelganligi, yunon mifologiyasi, islom dini va fors madaniyati ta’sirida obraz modernizatsiyaga uchraganligi va salbiy ma’no kasb eta boshlaganligi haqida O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Samarqand viloyat hududiy bo‘linmasi qoshidagi “Sadoqat” ijodiy to‘garagi yosh ijodkorlariga ma’ruzalar qilingan (O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining 2022-yil 15-maydagi 57-son ma’lumotnomasi). Natijada ijodiy to‘garak mashg‘ulotlarining ilmiy-ommabopligi ta’minlagan va yangi manbalar bilan boyitilgan;
o‘zbek adabiyotida ilon va ajdarho obrazlari kelib chiqish tarixi bir-biriga bog‘liqligi, ko‘p hollarda ikki obraz negizida bir xil tushuncha yotganligi va ularning ilohiylashtirilgan idrokli mavjudot sifatida qaralganligi haqida erishilgan natijalardan O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasi tomonidan 2024-yil yanvar oyi davomida efirga uzatilgan “Assalom Samarqand” va “Uchqun” teleko‘rsatuv ssenariylarini shakllantirishda foydalanilgan (Samarqand viloyati teleradiokompaniyasining 2024-yil 26-apreldagi 01-07/81-son ma’lumotnomasi). Natijada Sharqiy Osiyo (xitoy, koreys, yapon) xalqlari tomonidan ulug‘langan ajdarholarga, slavyan, Evropa va fors xalqlari tomonidan salbiy obraz sifatida qaralganligi, ajdarho obrazi turkiy xalqlar mifologiyasida ikki xil o‘rin egallaganligi, u ba’zi ertak va miflarda salbiy qahramon sifatida namoyon bo‘lsa, ba’zi folklor na’munalarida qahramonga yordam beruvchi ijobiy kuch sifatida ko‘ringanligi haqida ma’lumotlar berib o‘tilgan.