Ergashev Orif Rahmatullaevichning
fan doktori (DSc) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan tarmog‘i nomi): «G. hirsutum L. nav va tizmalarining ayrim morfo-xo‘jalik belgilari ko‘rsatkichlari bo‘yicha populyasiyaviy tarkibining genetik asoslari», 03.00.09 - Umumiy genetika (biologiya fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.1.DSc/V188.
Ilmiy maslahatchi: Azimov Abdulahat Abdujabborovich, biologiya fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasalar nomi, IK raqami: Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti, DSc.02/30.12.2019.B.53.01.
Rasmiy opponentlar: Mo‘minov Hasan Aliqulovich, biologiya fanlari doktori, professor; Sirojiddinov Bexzod Arabdjonovich, biologiya fanlari doktori, professor; Amanturdiev Alisher Balkibaevich, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: Toshkent davlat agrar universiteti.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: o‘rta tolali g‘o‘za genotiplarining ayrim morfo-xo‘jalik belgilari bo‘yicha muvozanatlilik darajalari, populyasiya tarkibi hamda ular o‘rtasidagi korrelyativ bog‘liqligini aniqlash va kasalliklarga chidamliligini baholash asosida yangi navlar olishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
ilk bor G.hirsutum L. ning O‘zFA-707, O‘zFA-710 va T-1326 singari genotiplarining muhim morfo-xo‘jalik ko‘rsatkichlari bo‘yicha populyasiya tarkibi ilmiy asoslangan;
tadqiqot ashyolarida muhim morfo-xo‘jalik belgilarining o‘rtacha ko‘rsatkichlarini namoyon bo‘lishi bo‘yicha o‘zgaruvchanlik ko‘lami aniqlangan;
O‘zFA-707 va O‘zFA-710 navlari hamda T-1326 tizmasining tahlil qilingan belgilari bo‘yicha populyasiya tarkibida allellarning tarqalish chastotasi Xardi-Vaynberg qonuni asosida ochib berilgan;
G.hirsutum L. genotiplarida muhim morfo-xo‘jalik ko‘rsatkichlarining shakllantirilishini ularning geneologiyasi bo‘yicha populyasiya tarkibiga qiyoslash asosida aniqlangan;
g‘o‘za shakllarining muhim xo‘jalik belgilari bo‘yicha populyasiya tarkibi imkoniyatlaridan foydalanishning samarasi O‘zFA-707 va O‘zFA-710 navlari misolida ochib berilgan;
tadqiqot ashyolarida tahlil qilingan belgilarning ko‘rsatkichlariga ko‘ra bir-biridan ustunligi jihatlari bo‘yicha farqlanishi yoritib berilgan;
g‘o‘za genotiplarining muhim morfo-xo‘jalik belgilarini namoyon bo‘lishi bo‘yicha o‘zaro korrelyasion bog‘liqligi aniqlangan;
turli patogenlardan ajraladigan mikotoksinlarning zararli ta’siriga tadqiqot shakllariga xos bo‘lgan urug‘liklarning chidamliligi bo‘yicha farqlanishi ochib berilgan;
tadqiqot genotiplarining gullaridagi changdonlari va urug‘kurtaklari soni aniqlangan;
G.hirsutum L. ning T-1326 tizmasi muhim morfo-xo‘jalik belgilari ko‘rsatkichlari bo‘yicha gomeostaz holatga keltirilib, nav yaratilgan;
o‘rta tolali g‘o‘zaga mansub nav va tizmalarning muhim xo‘jalik belgilari bo‘yicha populyasiya tarkibi imkoniyatlaridan foydalanish borasidagi tavsiyalar ilmiy asosda ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Klassik genetika va populyasion tahlil uslublaridan foydalanilgan holda G. hirsutum L. nav va tizmalarida ayrim morfo-xo‘jalik belgilarining ko‘rsatkichlariga ko‘ra populyasiya tarkibini aniqlash bo‘yicha olingan natijalar asosida:
“Qushbegi” naviga Intellektual mulk agentligidan seleksiya yutug‘i sifatida patent olingan (26.04.2024 yil, № NAP 459). Natijada ushbu navdan yuqori va sifatli paxta hosili olish imkonini bergan;
g‘o‘zaning O‘zFA-710 va “Qushbegi” (T-1326) navlarining urug‘liklari Paxta seleksiyasi, urug‘chiligi va etishtirish agrotexnologiyalari ilmiy tadqiqot instituti hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutining g‘o‘za kolleksiyasi fondiga topshirilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 08 noyabrdagi 4/1255-2491-son ma’lumotnomasi). Natijada yuqori tola chiqimiga ega bo‘lgan genotiplar g‘o‘za kolleksiyasini boyitish bo‘yicha elektron ma’lumotlar bazasini yaratish imkonini bergan;
“Qushbegi” navi Qashqadaryo viloyati, Mirishkor tumanidagi “MIRISHKOR TEXTIL” MCHJ agroklasterida 12 gektar maydonga yangi nav sifatida joriy qilingan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 08 noyabrdagi 4/1255-2491-son ma’lumotnomasi). Natijada, ushbu navdan andoza Buxoro-102 naviga nisbatan 2-2,5 s/ga yuqori hosil olish imkonini bergan;
g‘o‘zaning O‘zFA-710 navi Farg‘ona viloyati, Bag‘dod tumanidagi “FERGANA SPINNIG” MCHJ agroklasterining ekin maydonlarida jami 49 gektar, Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani APK BUKA MCHJ agroklasteri maydonlarida 190 gektar, Qashqadaryo viloyatining Koson tumanidagi “Davqum Shoimov” fermer xo‘jaligida 10 gektar va Mirishkor tumanidagi “MIRISHKOR TEXTIL” MCHJ agroklasteri hududlarida 15 gektar maydonda ekilgan (O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligining 2023 yil 08 noyabrdagi 4/1255-2491-son ma’lumotnomasi). Natijada, andoza navlariga nisbatan ushbu navdan 3,9-4,2 s/ga yuqori hosil olish imkonini bergan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish