Bakieva Iroda Abdushukurovnaning   
fan doktori (DSc)  dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon

I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmogʻi nomi):
“Korxonalarning investisiya faoliyatini moliyalashtirishning metodologik asoslarini takomillashtirish”, 08.00.07 – “Moliya, pul muomalasi va kredit”
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2023.4.DSc/Iqt577
Ilmiy maslahatchi: Kuzieva Nargiza Ramazanovna, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa nomi, IK raqami: Toshkent Xalqaro universiteti, DSc.22/29.12.2023.I.175.01
Rasmiy opponentlar: Gulyamov Saidaxror Saidaxmedovich, iqtisodiyot fanlari doktori akademik; Xaydarov Nizomiddin Hamroevich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor; Raxmonov Dilshodjon  Alidjonovich, iqtisodiyot fanlari doktori, professor.
Yetakchi tashkilot: G.V. Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti Toshkent filiali
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Yangi O‘zbekistonda korxonalar investision faoliyatini moliyalashtirishning metodologiyasini takomillashtirish bo‘yicha ilmiy-uslubiy asoslangan taklif va amaliy tavsiyalar ishlab chiqishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tarmoqlar va hududlarning eksport salohiyati, iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri, ulardagi investisiyalar samaradorligi, asosiy fondlarning holati hamda quvvatlardan foydalanish darajasi kabi qo‘shimcha mezonlar asosida tarmoqlar va hududlarni o‘rta muddatli rivojlantirishning investisiya dasturini ishlab chiqish taklif etilgan;
hududlarda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning tadbirkorlik tashabbuslarini o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlashda tijorat banklari tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalari uchun imtiyozli foizlarda 5 milliard so‘mgacha maxsus kreditlar ajratish taklif etilgan;
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish reyting ko‘rsatkichlari «qoniqarsiz» bo‘lgan shahar va tumanlar bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash uslubiyoti takomillashtirilgan;
 davlat-xususiy sheriklik asosida neft-gaz korxonalari faoliyatini moliyaviy barqarorligini ta’minlashda “increase efficiency of investment attraction” dasturi taklif etilgan;
korxonalar investisiya faoliyati samaradorligini tahlil qilishda maqbul boshqaruv qarorlarini qabul qilishni ta’minlaydigan uchta ssenariy bo‘yicha sof foydani yillar bo‘yicha o‘zgarishining 2030 yilgacha prognoz ko‘rsatkichlari ishlab chiqilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi. Korxonalar investision faoliyatini moliyalashtirish metodologiyasini takomillashtirish  bo‘yicha olingan ilmiy izlanishlar asosida:
tarmoqlar va hududlarning eksport salohiyati, iqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’siri, ulardagi investisiyalar samaradorligi, asosiy fondlarning holati hamda quvvatlardan foydalanish darajasi kabi qo‘shimcha mezonlar asosida tarmoqlar va hududlarni o‘rta muddatli rivojlantirishning investisiya dasturini ishlab chiqishga doir taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 14 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Investisiya dasturini shakllantirish tizimini yanada takomillashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi VMQ-16-son Qarorini ishlab chiqilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi qonunchilik palatasining sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasining 2024 yil 9 avgustdagi 04/7-10-87-son ma’lumotnomasi). Natijada, tarmoqlar va hududlarni rivojlantirish konsepsiyasining investisiya dasturini ishlab chiqishda qo‘shimcha ravishda tarmoq (hudud)ning eksport salohiyatining prognoz ko‘rsatkichlari, tarmoqning belgilangan makroiqtisodiy va ijtimoiy ko‘rsatkichlarga ta’sirining o‘zgarishi, eng ko‘p ish o‘rinlarini tashkil etish imkonini beruvchi investisiya loyihalarini tanlash va amalga oshirishi, hamda o‘zlashtirilgan va jalb etiladigan investisiyalarning samaradorligi, asosiy fondlarning holati va quvvatlardan foydalanish darajasi va loyihalarning ijtimoiy ahamiyati kabi mezonlarni hisobga olinishi ta’minlandi;
hududlarda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, korxonalarning tadbirkorlik tashabbuslarini o‘z vaqtida amalga oshirilishini ta’minlashda tijorat banklari tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalari uchun imtiyozli foizlarda 5 milliard so‘mgacha maxsus kreditlar ajratishga doir taklifi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 19 apreldagi “Hududlarda tadbirkorlik loyihalarini moliyalashtirish mexanizmlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-212-son Qarorini ishlab chiqilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi qonunchilik palatasining sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasining 2024 yil 9 avgustdagi 04/7-10-87-son ma’lumotnomasi). Natijada, tijorat banklari tomonidan hududlarda amalga oshirilayotgan tadbirkorlik loyihalari uchun 7 yil muddatga, shu jumladan 3 yillik imtiyozli davr bilan yillik 10 foiz stavkada milliy valyutada kredit liniyasini ajratilishi, hamda tijorat banklari tomonidan kreditlar ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohasidagi loyihalarni amalga oshirish uchun yillik 14 foiz stavkada, 5 yilgacha muddatga, shu jumladan 2 yilgacha bo‘lgan imtiyozli davr bilan 5 milliard so‘mgacha miqdorda kredit berish amaliyotga kirirtildi.
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish reyting ko‘rsatkichlari «qoniqarsiz» bo‘lgan shahar va tumanlar bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishda hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash uslubiyotini takomillashtirishga doir takliflari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 27 apreldagi “2022 - 2026 yillarda Navoiy viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi VMQ-217-son Qarorini ishlab chiqilishida foydalanilgan (O‘zbekiston Respublikasi Oliy majlisi qonunchilik palatasining sanoat, qurilish va savdo masalalari qo‘mitasining 2024 yil 9 avgustdagi 04/7-10-87-son ma’lumotnomasi). Natijada, statistik ko‘rsatkichlar va so‘rovnomalar asosida hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini reyting baholash tizimi takomillashtirildi va bundan ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish reyting ko‘rsatkichlari «qoniqarsiz» bo‘lgan shahar va tumanlar bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqishda foydalanildi.
davlat-xususiy sheriklik asosida neft-gaz korxonalari faoliyatini moliyaviy barqarorligini ta’minlashda “increase efficiency of investment attraction” dasturini amilyotga qo‘llashga doir taklifi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 11 avgustdagi “Davlat-xususiy sheriklik loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish va ularni moliyalashtirish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 509-son qarori ijrosini ta’minlashda foydalanilgan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2024 yil 8 avgustdagi 09-18-8-707-son  ma’lumotnomasi). Natijada, investisiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan “increase efficiency of investment attraction” dasturi shakllantirilib, investisiyalarni jalb etish imkoniyatlari 25 foizga oshirildi;
korxonalar investisiya faoliyati samaradorligini tahlil qilishda maqbul boshqaruv qarorlarini qabul qilishni ta’minlaydigan uchta ssenariy bo‘yicha sof foydani yillar bo‘yicha o‘zgarishining 2030 yilgacha prognoz ko‘rsatkichlariga doir taklif “O‘zbekneftgaz” AJ faoliyatiga joriy etilgan (“O‘zbekneftgaz” AJning 2024 yil 8 avgustdagi 09-18-8-707-son ma’lumotnomasi). Natijada, inqiroz sharoitida maqbul boshqaruv qarorlarini qabul qilishda korxonalar investisiya faoliyati samaradorligini tahlil qilish ko‘rsatkichlar asosida foydasi 2020 yildan 2030 yilgacha bo‘lgan davrda 15,1 foizga mutanosib ravishda o‘sish tamoyiliga ega bo‘lgan.

Yangiliklarga obuna bo‘lish