Rizaev Azizjon Raximdjanovichning
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): “Saudiya Arabistoni milliy identifikatsiyasining xavfsizlik paradigmasi”, 23.00.02 – Siyosiy institutlar, jarayonlar va texnologiyalar.
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2024.1.PhD/Ss456
Ilmiy rahbar: Abdullaev Nodir Abdulxaevich, siyosiy fanlar doktori, professor.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami:
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, DSc.03/29.12.2022.Ss.21.02.
Rasmiy opponentlar:
Muhammadsidiqov Muhammadolim Muhammadroziq o‘g‘li, siyosiy fanlar doktori, professor.
Abdullaev Ulug‘bek Artikbaevich, tarix fanlari nomzodi, dotsent.
Yetakchi tashkilot: O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi Saudiya Arabistoni milliy identikligining xavfsizlik paradigmasini kompleks tahlil etish orqali, uning o‘zaro bogʻliqligi, genezisi, evolyusiyasi, asosiy komponentlari va hozirgi sharoitdagi transformatsiyasini hamda mazkur fenomenning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga ta’siri mohiyatini ochib berishdan iborat.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi quyidagilardan iborat:
arab davlatlari, jumladan, Saudiya Arabistonida milliy identiklik davlat qurilishi, ijtimoiy munosabatlar va qadriyatlar tizimi kontekstida o‘rganiladigan fanlararo tushuncha bo‘lib, tarixiy o‘tmish, siyosiy tuzum, madaniy anʼanalar hamda xulq-atvor stereotiplari va milliy meros bilan bogʻliq konseptual komponentlardan iboratligi aniqlangan;
Saudiya milliy identikligining xavfsizlik paradigmasi islom aqidasi va ijtimoiy-siyosiy ta’limotlar, Ol Saud oilasi legitimligi, arab etnolingvistik ustuvorligi, ijtimoiy ierarxiya, iqtisodiy barqarorlik, mintaqaviy gegemoniya, strategik hamkorlik, geosiyosiy raqobat, ekstremizmga qarshi kurash hamda modernizatsiya va anʼanalar o‘rtasidagi muvozanatni saqlash kabi o‘zaro aloqador elementlar tizimidan tarkib topganligi ochib berilgan;
diniy meʼyorlar va urf-odatlar zamonaviy o‘zgarishlar hamda muammolar bilan o‘zaro ta’sir qilib, Saudiya Arabistoni identikligida o‘ziga xos sintez yaratishi va globallashuv sharoitida milliy o‘zlik jamiyatning mustahkkam va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni ta’minlovchi ko‘p qirrali, dinamik va integratsion omil ekanligi ilmiy asoslangan;
Saudiya Arabistonida milliy identiklikni shakllantirishda milliylik mafkurasiga tayanilishi, unda mamlakatning tarixiy, siyosiy va diniy-madaniy xususiyatlari aks etishi, shuningdek, demokratik tamoyillarni joriy etish yondashuvining islom aqidasiga asoslanganligi va Podshohlikning ijtimoiy-siyosiy kontekstiga moslashtirilganligi hamda ushbu modelning milliy birlik va suverenitetni saqlab qolishga qaratilgan islohotlar strategiyasi asosida isbotlangan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.
Saudiya Arabistoni milliy identikligining xavfsizlik paradigmasini tadqiq etish bo‘yicha olingan natijalar asosida:
globallashuv sharoitida milliy identiklikni saqlab qolish va rivojlantirish Saudiya Arabistoni rahbariyatining ustuvor vazifalaridan biri ekanligi va bunday sharoitda Podshohlikning ichki va tashqi siyosatini shakllantirish va amalga oshirishda milliy o‘zlikni markaziy omil sifatida qo‘llashi, uni mamlakat barqarorligi, xavfsizligi va xalqaro nufuzini ta’minlash manbasi deb hisoblashi borasidagi asosiy ilmiy yangiliklar O‘zbekiston Respublikasining Tashqi ishlar vazirligi tomonidan axborot-tahliliy hujjatlarni tayyorlashda foydalanilgan (O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligining 2024-yil 24-apreldagi 18/157-sonli ma’lumotnomasi). Natijada O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni o‘rtasida diplomatik munosabatlarni olib borish, Saudiya milliy identikligining mamlakat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlashdagi roli, shuningdek, Podshohlikni tashqi tahdidlardan saqlab qolish va rivojlantirishning siyosiy-huquqiy mexanizmlari milliy hamda xalqaro darajada etarli shakllanmagani ularni takomillashtirish zarurati mavjudligi borasidagi xulosalarni ilmiy asoslashga xizmat qilgan;
Saudiya Arabistonidagi milliy hamda diniy qadriyatlarni saqlab qolish va modernizatsiya, islohotlar tarafdorlari o‘rtasidagi ziddiyatlar mamlakatni tashqi ta’sirlarga nisbatan zaiflashuviga, hududiy parchalanishiga, yoshlar va anʼanaviy elita o‘rtasidagi tafovut iqtisodiy rivojlanishga salbiy ta’sir qilayotganligi, suverenitetiga xavf solishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga qarshi shaffof institutsional, davlat boshqaruvi tizimi resurslaridan samarali foydalanish, xalq manfaatlariga asoslangan xavfsizlik tizimini yaratish borasidagi tadqiqot natijalari va xulosalari Xalqaro munosabatlar bo‘yicha axborot-tahlil markazi tomonidan arab davlatlari ichki va tashqi siyosati, ijtimoiy-siyosiy jarayonlari bo‘yicha hujjatlar tayyorlashda foydalanilgan (XMATM 2024-yil 20-martdagi 01/42-sonli ma’lumotnomasi). Natijada ichki siyosiy masalalarni hal qilish muammolari, jamiyatning etnik va konfessional o‘ziga xosligini inobatga olish zarurati, ularning mamlakatdagi ijtimoiy-siyosiy jarayonlarga ta’siri, axborot xavfsizligi va mafkuraviy tahdidlarga qarshi kurash bo‘yicha taklif va tavsiyalar tayyorlashga xizmat qilgan;
Saudiya Arabistoni milliy identikligida umumarab va islom ummasi birligi gʻoyalari muhim o‘rin tutishi, milliylik gʻoyalarini targʻib qilish Saudiya ruhoniyati vakillarining Podshohlikdagi hukmron mavqeini va ichki siyosatga ta’sirini kamaytirishga qaratilgani, Ar-Riyod milliy identiklikni shakllantirishda anʼanaviy qadriyatlar va zamonaviy taraqqiyot o‘rtasida muvozanatni saqlashga intilishi borasidagi xulosalardan Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasi xorijiy mamlakatlar tajribalarini o‘rgangan holda qonunchilik tashabbuslarini ishlab chiqish hamda siyosiy jarayonlarga oid axborot-tahliliy hujjatlar tayyorlashda foydalanilgan. (Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston liberal-demokratik partiyasi Siyosiy kengashi ijroiya qo‘mitasining 2024-yil 20-martdagi 01-27/171-sonli ma’lumotnomasi). Natijada partiya faoliyatini tizimli tashkil etish, jamiyatda siyosiy islohotlarni amalga oshirish mexanizmlarini takomillashtirish, davlat organlari o‘z faoliyatida inson manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan boshqaruv mexanizmiga tayanish zaruriyati bo‘yicha takliflar tayyorlashga xizmat qilgan.