Yuldasheva Nafisa Salimovna
falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasi himoyasi haqida e’lon
I. Umumiy ma’lumotlar.
Dissertatsiya mavzusi, ixtisoslik shifri (ilmiy daraja beriladigan fan tarmog‘i nomi): «Axborot tizimlari foydalanuvchilarining ovozi bo‘yicha biometrik autentifikatsiyalash modeli va algoritmlari», 05.01.05 – Axborotlarni himoyalash usullari va tizimlari. Axborot xavfsizligi (texnika fanlari).
Dissertatsiya mavzusi ro‘yxatga olingan raqam: B2022.4.PhD/T4177.
Ilmiy rahbar: Tashev Komil Axmatovich, texnika fanlari nomzodi, dotsent.
Dissertatsiya bajarilgan muassasa nomi: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti.
IK faoliyat ko‘rsatayotgan muassasa (muassasalar) nomi, IK raqami: Toshkent axborot texnologiyalari universiteti, DSc.13/30.12. 2019.T. 07.02.
Rasmiy opponentlar: Kerimov Komil Fikratovich texnika fanlari doktori, prof; Yusupov Baxodir Karamatovich PhD., dotsent.
Yetakchi tashkilot: «UNICON.UZ» – fan-texnika va marketing tadqiqotlari markazi.
Dissertatsiya yo‘nalishi: nazariy va amaliy ahamiyatga molik.
II. Tadqiqotning maqsadi: nutq signallariga dastlabki ishlov berish va tahlil qilish asosida axborot tizimlari foydalanuvchilarini biometrik identifikatsiyalashning tezkor usul, algoritmlari va dasturiy majmuasini ishlab chiqishdan iborat deb belgilandi.
III. Tadqiqotning ilmiy yangiligi:
tahdidlarni tahlil qilish STRIDE metodologiyasi yordamida ovozga asoslangan tizimlar uchun tahdid modeli ishlab chiqilgan va DREAD modeli asosida tahdidlarning risk darajalari hisoblangan;
ovoz ma’lumotlarga dastlabki ishlov berish, belgilarni ajratish va chuqur neyron tarmoqqa asoslangan matnga bog‘liq hamda bog‘liq bo‘lmagan ovoz asosidagi autentifikatsiya usullari takomillashtirilgan;
nutq signalini raqamli shaklga o‘zgartirish, ovozdagi harakatsiz sohalarni olib tashlash va filtrlashga asoslangan nutq signallariga dastlabki ishlov berish algoritmi takomillashtirilgan;
mel-chastotali kepstral koeffisientlar usuliga asoslangan nutq signali belgilarini ajratish algoritmi va ovoz modelini hosil qilishda shaxsni nutqi asosida identifikatsiyalashning chuqur neyron tarmoqli modeli ishlab chiqilgan;
ovozli ma’lumotlarga asoslangan identifikatsiya tizimining har bir algoritmlarini alohida modul sifatida ifodalashga asoslangan axborot tizimlari foydalanuvchilarini biometrik identifikatsiyalashning dasturiy majmuasi yaratilgan.
IV. Tadqiqot natijalarining joriy qilinishi.Taklif etilgan usullar va algoritmlar asosida ishlab chiqilgan dasturiy vositalardan olingan natijalar asosida:
dissertatsiya ishining ilmiy va nazariy ma’lumotlaridan, shuningdek, shaxsni identifikasiyalash uchun kod kitoblarini yaratish algoritmi hamda ikki omilli autentifikatsiyalash masalasini echish uchun so‘zlar ketma –ketligini hosil qilish algoritmi asosida ishlab chiqilgan dasturiy vosita O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligining amaliy faoliyatida tatbiq etilgan (BMBA 2024-yil 2-yanvardagi dalolatnomasi; O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 19-martdagi 33-8/1867-son ma’lumotnomasi) Mazkur dasturiy majmuani qo‘llash natijasida xodimning ishchi stansiyadan foydalanishning xavfsizlik darajasini ikki barobarga oshirish imkonini bergan;
so‘zlovchini identifikasiyalash uchun kod kitoblarini yaratish algoritmi hamda ikki omilli autentifikatsiyalash masalasini echish uchun so‘zlar ketma –ketligini hosil qilish algoritmi asosida ishlab chiqilgan dasturiy vosita Aksiyadorlik tijorat “ALOQABANK” ning amaliy faoliyatida tatbiq etilgan (AT “ALOQABANK” 2024-yil 30-yanvardagi dalolatnomasi; O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 19-martdagi 33-8/1867-son ma’lumotnomasi). Erishilgan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan dasturiy vosita tashkilotda xodimlarning kirish –chiqishini nazorat qilishga sarflanadigan vaqtni o‘rtacha 15% qisqartirish imkonini bergan;
dissertatsiyada olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan dasturiy vosita “SERVERCONF” mas’uliyati cheklangan jamiyatning amaliy faoliyatida tatbiq etilgan (“SERVERCONF” MChJ 2024-yil 15-yanvardagi dalolatnomasi; O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 19-martdagi 33-8/1867-son ma’lumotnomasi). Dissertatsiyaning ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan dasturiy vosita tashkilotda qo‘llash natijasi maxsus xonalarning xavfsizlik darajasini oshirish imkonini bergan.
foydalanuvchini nutq ma’lumotlariga asosan identifikatsiya qilish tizimi “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasining lokal tarmog‘iga tatbiq etilgan (“Kiberxavfsizlik markazi” DUK 2024-yil 12-fevraldagi dalolatnomasi; O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligining 2024-yil 19-martdagi 33-8/1867-son ma’lumotnomasi). Ishlab chiqilgan dasturiy vosita, axborot tizimlari, kirish-chiqishni nazorat qilish va boshqarish hamda kompyuter tarmoqlarida foydalanuvchilarni kirish-chiqishni nazorat qilishga sarflanadigan vaqni o‘rtacha 15% ga qisqartirishga imkon bergan.
dissertatsiyada olingan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan dasturiy vosita Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universitetining amaliy faoliyatida tatbiq etildi (Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2023-yil 23-fevraldagi 89-02-88-son ma’lumotnomasi). Erishilgan ilmiy natijalar asosida ishlab chiqilgan dasturiy majmua, axborot tizimlari foydalanuvchilarini nutq signallari orqali tezkor va xavfsiz biometrik identifikatsiyalash imkonini bergan. Ishlab chiqilgan dasturiy majmua soha korxonalarida identifikatsiyalash masalasini echishda qo‘llanilib, o‘rtacha 90% aniqlik ko‘rsatkichi va 9% ga yaqin yolg‘ondan rad etish xatoligini ko‘rsatgan.